O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Lombardiya Italiyaning aholisi eng ko‘p va yirik hududlaridan biri bo‘lib, Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan viloyatlari qatoriga kiradi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Yaqinda Samarqand shahrida Bosh vazir Jorja Meloni bilan o‘tgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, za’faron yetishtirish, noto‘qima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.
Milan shahrida O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish, savdo uyi ochish va "Uzbek Organic" brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026 yilda Milanda O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.
Gubernator, o‘z navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli sheriklikni yo‘lga qo‘yishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026 yilda Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.