Isroil qiruvchi samolyotlari 15 iyunga o‘tar kechasi Tehrondagi Shahron neft saqlash bazasiga hamda Eron mudofaa vazirligi binosiga aviazarbalar yo‘lladi, deb xabar bermoqda Tasnim agentligi.
Hujum nishoni mudofaa vazirligi shtab-kvartirasi bo‘lgan. Agentlik muxbirining ma’lum qilishicha, vazirlikning ofis binolaridan biriga biroz zarar yetgan.
Bundan tashqari, Isroil hujumi oqibatida Tehronning asosiy yoqilg‘i ombori – Shahron neft omborida yong‘in sodir bo‘ldi, deb yozadi The New York Times. Guvohning nashrga aytishicha, portlash zilzilani eslatgan.
Tasnim nashri yozishicha, neft omboriga hujum oqibatida ikkita yoqilg‘i saqlash rezervuari yonib ketgan. Eron neft vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar yong‘inni nazoratga olgan, fuqarolar uchun xavf yo‘q.
Shuningdek, Tehron neftni qayta ishlash zavodida ham yong‘in chiqqani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, ammo Eron hukumati buni rad etdi.