Xalqaro futbol federatsiyasi — FIFA Rossiyaning Moskva shahri jamoasi “Lokomotiv” klubiga qattiq jazo qo‘lladi. Endilikda klub yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi.
Bu chorani tashkilot 2024 yil 18 iyun kuni rasmiy qaror bilan e’lon qildi va u uchta transfer oynasi davomida amal qiladi.
Nega bunday bo‘ldi?
Bunga sabab — “Lokomotiv”ning Ukrainaning “Mariupol” klubiga 50 ming yevro miqdoridagi kompensatsiyani to‘lashdan bosh tortgani bo‘ldi.
Mazkur mablag‘ futbolchi Mark Mampassining tayyorlov xarajatlari uchun undirilgan edi.
Ish tafsiloti
Mark Mampassi 2021 yil dekabrda Donetskning “Shaxtyor” klubidan “Lokomotiv”ga o‘tgan. U ilgari Ukraina yoshlar terma jamoasi safida ham o‘ynagan. “Mariupol” esa Mampassini o‘z tarbiyalanuvchisi sifatida tan olib, “Lokomotiv”dan kompensatsiya talab qilgan.
Moskvaliklar esa bu mablag‘ni to‘lashdan bosh tortib, sudda o‘z pozitsiyasini himoya qilgan.
Qizig‘i shundaki, “Lokomotiv” vakillari kompensatsiya to‘lamaslikka asos sifatida “Mariupol allaqachon Rossiya shahri, klub esa yo‘q qilingan va mavjud emas”, degan pozitsiyani bildirgan.
Biroq Sport arbitraj sudi (CAS) bu vajni asossiz deb topdi va “Lokomotiv”ni to‘lovga majbur qildi. Ammo klub bu qarorni bajarmagani uchun FIFA sanksiya qo‘lladi.
Endilikda “Lokomotiv” yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Bu jazo klubga nafaqat sport nuqtayi nazaridan, balki obro‘ va moliyaviy jihatdan ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.