Yaponiyalik yarim o‘rta vazn toifasidagi bokschi Jin Sasaki amerikalik Brayan Norman bilan jangda og‘ir nokautga uchraganidan so‘ng so‘nggi bir yarim oy ichida sodir bo‘lgan voqealarni eslay olmayapti. Bu haqda zamon.uz xabar berdi.
Jangdan so‘ng darhol Sasaki shifoxonaga yotqizilgan, u yerda kompyuter tomografiyasi o‘tkazilgan. Uning sport zali rahbari Isio Nakayaning so‘zlariga ko‘ra, sportchi qon ketishi yoki yirik jarohatlarsiz qutulgan, ammo bosh orqa qismiga kuchli zarba tufayli qisqa muddatli amneziya (xotira yo‘qolishi) yuz bergan.
“Sasaki bu jangga rozi bo‘lganini ham eslay olmayapti. U erta yana chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tadi”, – dedi Nakaya.
23 yoshli Sasakining hozircha professional statistikasi: 19 g‘alaba (17 tasi nokaut), 2 mag‘lubiyat, 1 durang. 24 yoshli Norman esa jangda VBO (Jahon boks tashkiloti) kamarini saqlab qolgan va 28 g‘alabaning 22 tasini nokaut bilan yakunlagan.