Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urush holatida emas. Buni AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens rasman ma’lum qildi.
“Biz Eron bilan urushda emasmiz. Biz Eronning yadroviy dasturiga qarshi kurashyapmiz”, — dedi u “NBC News”telekanaliga bergan intervyusida.
Bu bayonot AQSHning Eron hududidagi yadroviy obyektlarga bergan zarbasidan so‘ng yangradi.
Biroq vitse-prezident Eron yadroviy inshootlarining to‘liq yo‘q qilinganiga 100 foiz kafolat bera olmasligini tan oldi.
“Men Eron hududida nima ko‘rganimiz haqida maxfiy razvedka ma’lumotlariga to‘liq to‘xtalmoqchi emasman. Biroq biz ko‘p narsani ko‘rdik. Ishonchim komilki, bu hujum Eronning yadroviy qurol yaratish harakatlarini jiddiy darajada kechiktirdi. Bu aynan bizning asosiy maqsadimiz edi”, — deya ta’kidladi Jey Di Vens.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi haftalarda Eron va AQSH o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgani kuzatilmoqda. AQSHning Eron hududidagi yadroviy obyektlarga zarba berishi mintaqadagi geosiyosiy taranglikni yanada kuchaytirishi mumkin.