AsosiyJinoyat

Xorazmda tergovchi pora bilan qo‘lga tushdi

U lavozimidan foydalanib, 3000 AQSH dollari talab qilgan.

'Xorazmda tergovchi pora bilan qo‘lga tushdi'ning rasmi

Urganch shahar prokuraturasining katta tergovchisi fuqarodan katta miqdorda pora talab qilib, so‘ralgan pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX “Darakchi.uz”ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mansabdor o‘zining hamkasbi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan sudga yuborilmasdan, tergovda tugatib berish evaziga 3000 AQSH dollari talab qilgan.

Oqibatda, katta tergovchi 2025 yilning 16-28 may oralig‘ida 1000 AQSH dollari, 10 mln. so‘m, qiymati 1000 AQSH dollariga teng bo‘lgan 1 dona seyf va 1 mln. 300 ming so‘mlik 1 dona ish stoli jamlanmasini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Ammo, fuqaro o‘ziga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168 moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyati ishi dastlabki tergovda tugatilmasdan, ayblov xulosasi bilan sudga yuborilganligini bilgach, tergovchidan muqaddam berilgan pul mablag‘lari va ashyolarni qaytarib berishini talab qilgan.

Shundan so‘ng, tergovchi 1000 AQSH dollari, qiymati 1000 AQSH dollariga teng bo‘lgan 1 dona seyf va 1 mln. 300 ming so‘mlik 1 dona ish stoli jamlanmasini fuqaroga qaytarib bergan vaqtida DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda tergovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

    Boshqa yangiliklar