Rossiya Ozarbayjonga hech qachon tahdid qilmagan va tahdid ham qilmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.
Peskovning ta’kidlashicha, rasmiy Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishga urinish ortida Ukraina hukumati turibdi.
“Rossiya Ozarbayjonga tahdid qilgani yo‘q. Yekaterinburgda o‘tkazilgan tergov harakatlari Ozarbayjon fuqarolariga nisbatan jinoyatlarni ochishga qaratilgan. Ammo Kiyev rejimi bu vaziyatdan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinmoqda”, – deydi Peskov.
Shuningdek, u Rossiyada hibsga olingan Ozarbayjon fuqarolarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ma’lum qildi.
Nega taranglik yuzaga keldi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oxirida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 2020 yildagi qotillik ishi doirasida ozarbayjonlik fuqarolar ushlangan. Reyd chog‘ida ikki aka-uka — Safarovlar halok bo‘lgan, yana besh kishi esa hibsga olingan. Ular qotillikda gumon qilinmoqda.
Bundan tashqari, Ozarbayjon diasporasi rahbari Shaxin Shixlinskiy qisqa muddatda hibsga olinib, so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Taniqli tadbirkor Yusuf Xalilov ham ushlangan shaxslar orasida.