AsosiyJamiyat

Karimovni sudga bergan sobiq harbiy yana qamaldi

Mamatqulov joriy yilda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani sudi tomonidan 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

'Karimovni sudga bergan sobiq harbiy yana qamaldi'ning rasmi

O‘zbekistonda sobiq siyosiy mahbus, Qurolli kuchlar zobiti Cho‘yan Mamatqulov yana ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda huquq faoli Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Mamatqulov joriy yilda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani sudi tomonidan 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud unga nisbatan O‘zbekiston JKning 266-moddasi 2-qismi — transport vositalari harakat xavfsizligi qoidalarini buzish ayblovini qo‘lladi.

Bu ayblov zamiridagi voqea — avtohalokat. Ammo huquq faollari va advokatlar bu ishdagi bir qator ziddiyatlarga e’tibor qaratmoqda. Ular tergov jarayonida dalillar soxtalashtirilgani, surishtiruv bir tomonlama olib borilganini ta’kidlamoqda.

Mamatqulovning advokatlari unga nisbatan bo‘lgan sud jarayonlarini boshqa viloyatda ko‘rib chiqishni so‘ragan, ammo Oliy sud bu arizalarni inobatga olmagan.

Cho‘yan Mamatqulov 2012 yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni sudga berishi ortidan 8 ta og‘ir modda bilan ayblanib, 10 yilga qamalgan edi. Uning jazoning katta qismi Jasliqda o‘tgan — Karimov davrida siyosiy mahbuslar uchun ramzga aylangan qamoqxonada.

2018 yilda, mamlakatdagi siyosiy islohotlar fonida, Mamatqulov muddatidan avval ozod qilingan va keyinchalik oqlangan. U o‘z hayotini qayta to‘g‘rilashga harakat qilgan, davlat unga 60 million so‘m kompensatsiya to‘lagan. Biroq, taqdir unga yana qamoq eshiklarini ochdi.

“Qariyb 7 yillik qamoq uni toblagan, ishlari yaxshi ketgan edi… Ammo taqdir ekan”, — deydi “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov.

Mamatqulovning hibsga olinishi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimi isloh qilinayotganiga qaramay, siyosiy o‘tmishi bor shaxslar hali ham tahdid ostida ekanini ko‘rsatmoqda.

    Boshqa yangiliklar