Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs avtoturargohda turgan avtomashinani ustiga sakrab, uni haydab ketganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 9 avgust kuni soat taxminan 08:00 larda Bektemir tumanidagi savdo majmualarining birida, 1991 yilda tug‘ilgan B.K. mast holatda, tanishi 1996 yilda tug‘ilgan N.B. ga tegishli “Vaz-2108” rusumli avtomashinani ustiga avtoturargoh devoridan sakrab tom qismiga shikast yetkazgan. Shundan so‘ng, u tanishing avtomashinasini avtoturargoh hududida boshqargan. Aniqlanishicha, fuqaro B.K. mast holatda bo‘lganligi sababli savdo majmuasiga kiritilmagan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro B.K. ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan usbu fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 200-moddasi (“O‘zboshimcha”), 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudiga yuborilgan, deyiladi xabarda.