Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ayol ko‘chada samasud qilingani aks etgan video tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 24 iyul kuni soat 22:30 da Chiroqchi tumanida yashovchi ayol 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan rasmiy nikohsiz yashab kelayotgan erkakning onasi xonadoniga kelib janjal ko‘tarayotganini aytgan.
N.P ning rasmiy nikohida bo‘lgan ayoli qarindoshlari bilan birga eri bilan nikohsiz yashab kelayotgan ayolni bir necha marta tepib, urib kiyimsiz ahvolda qoldirgan.
Profilaktika inspektorlari tomonidan tergovgacha tekshiruv harakatlari olib borilgan va sud tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi ko‘zgatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.