AQShning Jorjiya shtatiga tushgan meteorit bo‘lagi uy tomini teshib o‘tgan. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kosmik jismning yoshi yernikidan ham kattaroq bo‘lib 4,56 milliard yil avval paydo bo‘lgan bo‘lgan. Bu yer yoshidan qariyb 20 million yilga katta degani.
AQShning janubiy shtatlari osmonida 26 iyun kuni kunduz chaqnab uchgan sirli “olov shar” aholining e’tiborini tortgan. U yerga tovush tezligidan-tezroq tushib, Atlanta shahri yaqinidagi bir uyning tomini teshib o‘tgan.
Meteorit tomni teshib, havo quvuri ichidan o‘tib, shift va polni zararlagan. Zarba oqibatida pol yuzasida 1,5 santimetr hajmdagi kichik chuqurcha hosil bo‘lgan.
Olimlar bu kosmik toshni hodisa bo‘lgan Makdonof shahri nomi bilan “Makdonof meteoriti” deb atashni taklif qilmoqda.