Ispaniyada 7 avgustdan beri davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari hozirgacha to‘liq bartaraf etilgani yo‘q. "Evronews"ning yozishicha, yong‘inlar oqibatida hozirgacha 4 kishi halok bo‘lgan, 37 kishi yong‘inlarga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan.
Eng og‘ir holat Galisiya avtonom hududida kuzatilmoqda — bu yerda 155 ming gektar maydon yonib ketgan. Bu 2006 yildan buyon eng yirik ko‘lamdagi yong‘in hisoblanadi.
Avgust oyi davomida butun mamlakat bo‘yicha 350 ming gektardan ortiq maydon yong‘inlardan zararlangan.
Hozirda Ispaniyaning turli hududlarida 21 ta yong‘in o‘chog‘ini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Shimoliy hududlarda ispaniyalik o‘t o‘chiruvchilarga Germaniadan kelgan mutaxassislar yordam bermoqda.
Bosh vazir Pedro Sanches yong‘in joyiga tashrif buyurib, hodisaning sababi iqlim o‘zgarishi va kuchli jazirama issiqlik ekanini ta’kidladi.