O`zbekiston terma jamoasi hamda Moskvaning “Lokomotiv” futbol klubi himoyachisi Vitaliy Denisov “Sport-Ekspress” nashrining talqiniga ko`ra Rossiya futbol Premer-ligasi birinchi davrasining ramziy terma jamoasiga kiritildi, deb xabar bermoqda O`FF matbuot xizmati.
29 yoshli futbolchi har bir uchrashuvda o`rtacha 6,03 baho bilan Rossiya chempionatining eng yaxshi chap qanot himoyachisi bo`ldi.
Joriy mavsuma Vitaliy Denisov “Lokomotiv Moskva” tarkibida 15 ta o`yinda maydonga tushib, 4 ta sariq kartochka ishlab olgan.
Ma`lumot uchun, o`zbekistonlik himoyachi 2013-yili “Lokomotiv Moskva” tarkibiga qo`shilgan. Shu vaqtgacha u “temiryo`lchilar”ning 118 o`yinida maydonga tushib, 1 ta gol muallifi bo`lgan.
Vitaliy Denisov O`zbekiston terma jamoasi safida 63 o`yinda maydonga tushgan va unda ham 1 ta gol kirtgan.