1

Kichkintoy nutqida muammo bo`lsa...

Salomatlik 20.12.2016, 11:43
Teglar: Salomatlik, Bola, SUGDIYONA
Kichkintoy nutqida muammo bo`lsa...

Har bir ota-ona zurriyotining etuk, barkamol, sog`lom va baquvvat inson bo`lib etishishini istaydi. Shunday ekan, bola qanday rivojlanmoqda, uning nutqiy rivojlanishi kechikmayaptimi degan savollarga o`z vaqtida javob izlashimiz lozim.

Qachon logopedga olib boriladi?

Nutqi me`yordan chetga chiqqan bolalarni to`liq tekshiruvdan o`tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. O`z vaqtida nutq nuqsonlarini aniqlash uchun bolani maktab yoshiga etishini kutish noto`g`ri. Yaxshisi,  bu ishni 2,5 yoshigacha bo`lgan davr ichida amalga oshirgan ma`qul, chunki me`yorda bola 1-1,5 yoshida so`zlashuv nutqiga ega bo`lishi lozim. Bolalarda logopedik tekshiruv, eng avvalo, artikulyasion apparatning tuzilishi va uning harakatchanligini puxta o`rganishdan boshlanib, so`ng tovushlar talaffuzining holatini o`rganish bilan yakunlanadi. Ushbu tekshiruv yordamida bola u yoki bu tovushni aniq talaffuz qilishi va uni mustaqil nutqda qo`llay olishi aniqlanadi. Gap va so`zlar ifodasida tovushlarning almashtirilishi, chalkashtirilishi, ba`zilarining yo`qligiga e`tibor qaratiladi. Bundan tashqari, kichkintoyning turli murakkablikka ega so`zlarda tovush va bo`g`inlarni tushirib qoldirishi yoki o`rnini almashtirish holatlariga ham e`tibor beriladi.

Qay usulda tekshiriladi?

Artikulyasiya apparatini tekshirish bolaning talaffuz a`zolari — lab, til, tishlar, jag`lar, tanglay tuzilishini o`rganishni o`z ichiga oladi. Bunda logoped talaffuz a`zolaridagi nuqsonlar bor-yo`qligi, me`yorga mosligini tekshiradi. Nutqida nuqsoni bor bolalarda aksariyat hollarda lablar, tishlar, tishlam hamda jag`ning noto`g`riligi, qattiq va yumshoq tanglay, til anomaliya (me`yordan chetga chiqish)larini kuzatish mumkin.

Bola nutqining rivojlanishiga to`sqinlik qilayotgan muammo aniqlangach, unga echim izlanadi. Ijobiy natijaga erishish istalganda, logoped tavsiyalariga quloq tutish hamda buyurilgan mashqlarni bola bilan birgalikda ota-ona ham bajargani ma`qul. 

«Ashsha eysanmi, umma ichasanmi?» deguvchi ota-onalar diqqatiga!

Bog`cha yoshidagi bolalar ba`zi hollarda o`z nutq apparatlarini to`la idora eta olmasliklarini unutmaslik kerak. Bundan tashqari, bog`cha yoshidagi bolalarda murakkab nutq tovushlarini bir-biridan farq qilish qobiliyati hali to`la takomillashmagan bo`ladi. Shuning uchun ular ayrim nutq tovushlarini buzib talaffuz etishadi. Ota-onalar esa muammoni tshunmay, tili chuchuk deb erkalatishadi. Tili chuchuklik aslida nuqson emas. Buni asta-sekin tuzatish mumkin. Eng muhim shartlaridan biri, kichkintoy bilan so`zlarni to`la va to`g`ri talaffuz etib, ravon gaplashishdir. Tarbiyachi buni ota-onaga ham tushuntirishi kerak. Chunki ayrim ota-onalar farzandlarini erkalab, ular bilan bolalarcha gaplashishadi. Bilib-bilmay «tili shirin» deb uning talaffuziga moslashishga harakat qilishadi. Bu yo`l qo`yib bo`lmaydigan xatodir. Chunki kichkintoylar talaffuzidagi nuqson maktabga borgunlaricha to`g`rilanmasa, bu uning nutqining umumiy o`sishiga ta`sir qilmasdan qolmaydi.

O`yin bilan nutqni tuzatamiz!

Farzandingizni qarshingizga o`tkazib, logopedning mashqlarini majburlab takrorlatish foyda bermasligi turgan gap. Bolada o`z nutqini tuzatishga bo`lgan ishtiyoqning so`nishi yoki umuman gapirishni istamay qolishi ham mumkin. Maslahatimiz, bu ishlarni o`yin tariqasida bajaring. Bu uni quvontirishi bilan birgalikda nutqiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.

1. «Bitta-ko`p». Bir predmetning nomini aytasiz, (masalan: «kitob»), bola esa shu predmetni ko`plikda aytadi («ko`p kitoblar»).

2. «Aksi». Bolaga predmetning sifatini aytib koptok otasiz, bola esa tegishli sifatning teskarisini aytib koptokni qaytaradi. Masalan: «Baland daraxt — past daraxt».

3. «Katta-kichik». Bolaga hajmi jihatdan har xil predmetlarning suratini ko`rsatasiz. «Katta» so`zini aytishingiz bilan bola katta daraxtning rasmini ko`rsatadi, «kichik» desangiz esa kichkina daraxtni ko`rsatishi lozim.

Pedagogika fanlari doktori, professor Lola MO`MINOVA bergan tavsiyalar asosida

Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1