Farmasevtika faoliyati bilan shug`ullanuvchilarga asosiy talablar qo`yildi

Jamiyat 20.12.2016, 12:11
Teglar: Tibbiyot
Farmasevtika faoliyati bilan shug`ullanuvchilarga asosiy talablar qo`yildi

Ma`lumki, aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo`yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ 2647-sonli Qarori (keyingi o`rinlarda matnda “Qaror”) qabul qilingan bo`lib, unga ko`ra, 2017 yil 1 yanvardan boshlab dori vositalari ulgurji va chakana sotish narxlarini shakllantirish, ularga rioya etmaganlik uchun javobgarlik normalarini va nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirish bo`yicha hamda boshqa bir qator chora-tadbirlar belgilangan.

O`z navbatida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi PF 4848-soni Farmoniga asosan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta`minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo`l qo`yilmaslik – tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo`nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan.

Shunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so`zsiz amalga oshirilishini ta`minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish maqsadida, O`zbekiston Respublikasida farmasevtika faoliyati bilan shug`ullanuvchi xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga farmasevtika faoliyatini amalga oshirishda tegishli qonun hujjatlarida qo`yilgan quyidagi asosiy talablarga rioya etishni so`rab murojaat qilindi.

1. Farmasevtika faoliyati bilan O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan lisenziya asosida, lisenziya va lisenziya bitimida ko`rsatilgan faoliyat yo`nalishi hamda manzillarda amalga oshirish.

2. Chetdan (import hisobiga) olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji
va chakana sotish (2017 yil 1 yanvardan boshlab) – ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan (baza narxidan) 15 foizdan va chakana savdo uchun ulgurji narxidan (xarid narxidan) 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo`llanilgan holda realizasiya qilish.

3. Qarorning 1-ilovasida qayd etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari (167 nom) va tibbiyot buyumlarini (22 nom) belgilangan narxlarda sotish.

 

4. Quyidagi qonun hujjatlari talablariga qat`iy rioya qilish:

- O`zbekiston Respublikasi “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida”gi, “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi, “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunlariga;

- “Farmasevtika faoliyatini lisenziyalash to`g`risida”gi Nizomga;

- “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro`yxatdan o`tkazish hamda ro`yxatdan o`tkazilganlik guvohnomasi berish tartibi to`g`risida”gi Nizomga (VM 22.12.2014 y. 352-sonli qarori;

- Respublikada dorixona muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalariga;

- “Barcha dorixonalarda bo`lishi majburiy bo`lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro`yxati”ga (76 nomdagi. AV ro`yxat raqami 2846, 2016 yil 6 dekabr);

- Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo`llash tartibi, shuningdek dorixona muassasalari tomonidan aholiga dori vositalarini resept asosida berish to`g`risidagi Nizom talablariga;

- Qo`llash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yo`q qilish tartibi to`g`risidagi Yo`riqnomaga (AV ro`yxat raqami 2106, 2010 yil 25 may);

- Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning saqlash, berib yuborish, sotish, tarqatish, hisobga olish shartlari to`g`risidagi Nizomga
(AV ro`yxat raqami 1090, 2001 yil 29 dekabr);

- Shifokor reseptisiz beriladigan dori vositalari Ro`yxatiga;

- Tibbiy buyumlar Ro`yxatiga (AV ro`yxat raqami 2809, 2016 yil 12 iyul);

- Dorixona muassasalari tomonidan tayyorlanadigan va idishga joylanadigan dori vositalarini tashqi bezagiga doir qoidalarga (AV ro`yxat raqami 1129,
2002 yil 18 aprel).

5. Quyidagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish (qadoqlash, tayyorlash), xarid qilish, saqlash, ulardan foydalanish va sotish, import yoki eksport qilish taqiqlanadi:

- sifatsiz, qalbakilashtirilgan;

- O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilmagan;

- O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilgan dori vositalarining g`ayriqonuniy nusxalarini;

- yaroqlilik muddati o`tgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko`rsatilmagan;

- muvofiqlik sertifikati, davlat tilidagi tibbiy qo`llash yo`riqnomasiga
ega bo`lmagan;

- kirim hujjatiga ega bo`lmagan;

- Tayyorlashga ruxsat etilgan dori vositalari ro`yxatiga kiritilmagan.

6. Dorixonalar, omborxonalar, ishlab chiqarish ob`ektlari sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari, SanPin talablariga javob berishi kerak.

7. Dorixonalarda:

- kirish qismida yuridik shaxsning nomi, yuridik manzili, ish tartibi aks ettirilgan peshlavxa bo`lishi;

- savdo zalida xaridorlarga ko`rinarli joyga“Iste`molchilar burchagi”, unda: lisenziya va lisenziya bitimi nusxasi, ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ro`yxati hamda ularning belgilangan narxi, barcha dorixonalarda bo`lishi majburiy bo`lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro`yxati, “Shikoyat va takliflar kitobi”, chakana savdo qoidalari, iste`molchilarning asosiy huquqlaridan ko`chirma va boshqa ma`lumotlar joylashtiriladi;

- savdo zaliga, xususan vitrinaga qo`yilgan dori vositalari (shifokor reseptisiz beriladigan) va tibbiy buyumlarda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan narxnoma (dorixona nomi, mahsulot to`liq nomi, chakana narxi) bo`lishi shart;

- sotuvchi-provizor/farmasevt to`g`risida ma`lumot (birka) bo`lishi;

- qonun hujjatlariga zid ravishda dori vositalari, xususan shifokor resepti asosida sotiladigan dori vositalari reklamasini joylashtirilishiga hamda dorixonada turli reklama materiallarini/buyumlarini va dori vositalarining bepul namunalarini tarqatilishiga yo`l qo`yilmaydi.

8. Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo`ladi. Xususan:

- dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibini buzganlik, yaroqlilik muddati o`tgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko`rsatilmagan tovarlarni realizasiya qilganlik, iste`molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to`g`risida axborot taqdim etmaganlik, reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni, jumladan resept asosida beriladigan dori vositalarini reklama qilganlik – monopoliyaga qarshi davlat organi tomonidan tegishli tartibda (VM 12.10.2005 yildagi 225-sonli, 28.10.2010 yildagi 239-sonli qarorlari, MJTK 178, 178-1, 165-1-moddalar) ish qo`zg`atilishiga va chora ko`rilishiga hamda ish materiallarini sudlarga va lisenziyalovchi organga yuborilishiga;

- narx belgilash (cheklangan ustamalarni qo`llash) tartibiga, ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlariga, dorixonalarda bo`lishi majburiy bo`lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro`yxatiga rioya qilmaganlik, shuningdek sifatsiz, shu jumladan yaroqlilik muddati o`tgan, qalbakilashtirilgan, O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilgan dori vositalarining g`ayriqonuniy nusxalarini realizasiya qilganlik – lisenziya shartlarini qo`pol ravishda buzish deb hisoblanadi va lisenziyalovchi organ tomonidan lisenziyani amal qilishini tugatish to`g`risida hududiy xo`jalik sudlariga da`vo arizalari kiritilishiga sabab bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-3-moddasida – sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o`tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o`tkazish huquqbuzarligi uchun va 190-moddasida faoliyat bilan lisenziyasiz shug`ullanganlik uchun tegishli javobgarliklar belgilangan.

9. Ta`minotchi va ulgurji savdo korxonalari tomonidan mahsulot etkazib berishda/shartnoma tuzishda qonunga xilof xatti-harakatlar va asossiz talablar amalga oshirilganda, shuningdek, nazorat qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik, idoralar yoki nodavlat jamoat tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar sodir etilganda tegishli tartibda huquqni muxofaza qilish, adliya organlariga va sudga murojaat qilishingiz mumkin.

10. Ustamalarni qo`llanilishi, iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan Davlat raqobat qo`mitasiga (tel: 259-22-25, 259-22-48, 259-21-52) yoki uning hududiy organlariga murojaat qilishingiz mumkin.

 

Farrux MADAMINOV

Davlat raqobat qo`mitasi Reklama faoliyatini nazorat qilish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi

 

Sharhlar

Namanganda rossiyalik olim “Temir daftar”ga kiritilgan bemorlarni bepul davolamoqda

04.06.2021, 17:58

Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahridagi  I. Mechnikov nomidagi Shimoliy-sharqiy davlat tibbiyot universiteti klinikasi endovaskulyar xirurgiya bo`limi rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Aleksandr Kaledin tomonidan 2016 yilda bemorning...
Namanganda senator tashabbusi bilan noyob jarrohlik amaliyoti o`tkazildi

29.03.2021, 18:15

Kecha, 28 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Nosirbek Abdullaxanov tashabbusi bilan Namangan viloyatida ilk marotaba...
Yangi tibbiyot instituti tashkil etiladi

09.11.2019, 23:59

Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpoq tibbiyot institutini tashkil etish to`g`risidagi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.Unga ko`ra, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpoq tibbiyot instituti tashkil etiladi.Loyihada...
Toshkentda 25 yoshli yigit o`zini osdi

11.07.2017, 21:10

Toshkentning Shayxontohur tumanida 8 iyul kuni 25 yoshli yigit o`z joniga qasd qildi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.Tergov ma`lumotlariga ko`ra, 1992 yilda tug`ilgan yigit balkonda...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1