Tergovda jurnalistik faoliyat niqobi ostida tizimli tovlamachilik va firibgarlik holatlari anıqlangani aytilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti ma’lumotiga ko‘ra, "Elita Media" MChJ tasarrufida faoliyat yuritgan Taftish.uz loyihasi vakillari jinoyiy guruh tuzib, tovlamachilik, firibgarlik, tuhmat va yolg‘on axborot tarqatish bilan shug‘ullanganlikda gumonlanmoqda. 27 nafar fuqaroning murojaatlari asosida Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tergovda anıqlanishicha, guruh a’zolari fuqarolar va tadbirkorlar haqida salbiy videomateriallar tayyorlab, ularni internetda tarqatgan. Keyinchalik ushbu materiallarni o‘chirish yoki yangi videolar chiqarmaslik evaziga pul talab qilingan. Ayrim holatlarda bir mavzu bo‘yicha ikki marta — avval yoritish, so‘ng olib tashlash uchun mablag‘ olingan.
Xususan, Toshkentdagi «Chilonzor buyum savdo kompleksi» va Samarqand viloyatidagi qurilsh kompaniyasi bilan bog‘liq holatlarda katta miqdordagi pullar talab qilingani, mablag‘lar shaxsiy bank kartalariga o‘tkazilgani qayd etilgan. Shuningdek, Namangan viloyatida oilaviy mojaro yuzasidan ketma-ket 18 ta videorolik tarqatilib, keyin ularni o‘chirish uchun pul so‘ralgani ma’lum qilingan.
IIV tergov harakatlari davom etayotganini bildirib, ushbu guruh faoliyatidan jabr ko‘rgan boshqa fuqarolarni ham belgilangan tartibda murojaat qilishga chaqirdi.






