1

«Xilvatdagi ojizalar qarg`ishi urdi…»

Mutolaa 22.12.2016, 12:20
Teglar: Xikoya
«Xilvatdagi ojizalar qarg`ishi urdi…»

Balki o`quvchilar orasida meni taniydiganlar chiqib qolar. Chunki shu vaqtgacha necha-necha xotin-qizlarning qarg`ishlariga sabab bo`lganman. Bugun esa o`zimning hech kimga aytmagan nojo`ya ishlarim haqida so`zlamoqchiman…

 

Men tug`ilganimda otam “O`g`il farzandli bo`ldim, endi mening ham davomchim bor”, deb rosa quvongan ekan. Uch qizdan keyin dunyoga kelganim uchun ismimni Allohga shukur bo`lsin deb, Shukurillo deb qo`yishibdi. O`g`il farzand otaning faxri, onaning umidi bo`lar ekan.  Ota-onam menga o`zgacha mehr qo`yishdi. Qo`limga belkurak ushlash tugul, sovuq suvga ham urdirishmasdi, opalarim bilan janjallashsam doim meni himoya qilishardi. Shuning uchun ham o`zimni hammadan kuchli his etardim. Ko`cha-ko`yda ham doim boshim osmonda, mag`rurlanib yurardim. 9-sinfni zo`rg`a tamomlagach, o`qimayman, deb turib oldim. Otam mendan ranjigan bo`lsalar ham tezda buni unutib, bir novvoyga shogirdlikka berdi. Avval hecham peshonam terlab non topmaganim uchun ancha qiynaldim. Ikki oydan so`ng otamning dakkilariga qaramay shogirdlikdan ketdim. Keyin otam yaqin do`stining do`koniga sotuvchilikka qo`ydi. Hisob-kitobni puxta qilmamadim, buning ustiga uch-to`rt so`mni ishlatganim uchun uzoq ishlolmadim. Bundan buyon o`zim xohlagandek hayot kechirishga kirishdim. Tabiiyki, otam menga kundalik xarajatlarim uchun pul berishdan bosh tortdi. O`z bilganimdan qolmasam, ota demasligimni aytib, ko`chaga haydadi. Yosh ekanman, hali oldimda qanday sinovlar turganini tasavvur ham qilmay, uydan ketdim.

Avvaliga turli do`stlarimning uyida tunadim. Ularning ota-onasiga yomon ko`rinsam ham bir dasturxonda ovqatlandim. Ammo istagan uyda uch kundan ortiq mehmon bo`lolmas ekansiz, gap-co`zlar jonga tegib, yashash joyimni o`zgartiraverdim. Otam bir necha marta yalinib kelsa ham, ertaga boraman, indinga boraman, deb va`da berardim, uyga qaytishni istamasdim. Bir kuni maktabdagi do`stimni ko`rib qoldim, unga yashashim uchun uy kerakligini aytdim, ozgina pul qarz berib turishini iltimos qildim. U boshqa taklifi borligini aytib qoldi:

— Men hozir bir akaxonim bilan kvartirada yashayapman. Uy aslida uniki. Seni jon deb taklif qilaman, evaziga bizga yordam berasan. Meniyam ish bilan ta`minlagan, mana, eb-ichishimga uch-to`rt so`m topib yuribman.

— Nima ish qilishim kerak?

— Shuhrat aka nima qil, desa o`shani qilasan. Tilingga hushyor bo`lsang, til topishib ketasan.

O`shanda menga baribir edi. Yashashim uchun joy, eyishim uchun ovqat topolsam, qizlar bilan kinoga tushish-u choyxonalarda maishat qilish uchun cho`ntagimda pul bo`lsa — bor-yo`q orzu-havasim shulardan iborat edi. Shu niyatda o`g`rilar guruhiga qo`shildim. Ota-onam bilan ikki kun bo`lsam, uch kun Shuhrat akaning xilvatxonasida yashardim. So`ragan pulimni bergani uchun o`sha kezlarda Shuhrat akadan juda minnatdor edim.

Turli ko`chalarda, har xil insonlarni tunardik. Avvaliga ish o`rganishim uchun meni tomoshabin sifatida olib borishardi, keyinchalik o`zimni mustaqil ishga qo`yadigan bo`lishdi. Bolali ayollarning bo`ynidagi tillasi bormi, qizlarning qimmatroq sumkasimi, xullas, hech nima nazarimdan chetda qolmasdi.

Bir kuni Shuhrat aka menga o`g`rilikning sir-asrorlarini o`rgatayotib shunday dedi:

— Agar qo`lga tushmay, tinchgina kuningni ko`rmoqchi  bo`lsang, ojiza ayollarni tunagin. Ular senga xech nima qila olishmaydi. Ularning ko`zlariga tik qarama. Ishingni bajargin-u, tuyog`ingni shiqillat. Agar qo`lga tushgudek bo`lsang, hech qachon sheriklaringni sotma.

Shu kundan boshlab men o`g`rilikni tuzukkina kasb qilib oldim. Ishimni nihoyatda xotirjam amalga oshirardim. “Ustozim” aytganidek shahar ko`chalarida yolg`iz ketayotgan ayollarni, qizlarni qidirib, sherigim bilan payt poylab ishga kirishardik. Do`stim raqami echilgan mashinada turib meni poylar, men esa yugurgilagancha “o`lja”ga otilib, bo`ynidagi tillasimi, qo`lidagi sumkasimi, yulib olib, tanish mashina tomonga chopardim  va u erdan qoramizni o`chirardik. Ortimizdan “dod” deb qolgan ayollarni ustidan kulib, mazax qilardik, ular qanchalik qiynalishsa, biz shuncha xursand bo`lardik. “Ishlab topgan non”imizni Shuhrat akaga berardik. U hamma yig`ilgan buyumlarni sotib, bizga o`z ulushimizni berardi. Arzimas pullarga ega bo`lsak ham negadir nolimasdik, balki oson pul topganimiz uchun hammasiga rozi bo`lib yashayverardik.

Bir kuni g`alati voqea bo`ldi. O`shanda birinchi marta vijdonim qiynalib, qilgan ishimdan afsuslangandim. Har doimgidek “ishlash uchun” ko`chaga chiqdim. Pista chaqib bir chekkada o`ljani poyladim, odamlar kamaygach, bir ayolning iziga tushdim. Onam qatori bu ayol qo`lidagi sumkasini mahkam ushlab, shoshmaygina ketib borardi. Unga ro`paradan yaqinlashdim. Qarama-qarshi kelgan paytimda tezlik bilan ayolni turtib, qo`lidan sumkasini yulib oldim. U mening qaerdan kelib qolganimni ham tushunmay, yon-atrofga qarab baqira ketdi:

— Hoy, musulmonlar!.. Yordam bering... Qani, qaerga ketding, uying kuygur?! Qaerdasan!.. Topganing yaxshilikka buyurmasin, ilohim... Alloh jazoingni bergur.... Ko`zim xiraligi kammidi menga, ey Xudo…

Uning oxirgi gapi yuragimga sanchilgandek bo`ldi. Mashinaga zo`rg`a etdim. Oyoqlarim birinchi marta qaltirab, qilgan ishimdan juda afsuslandim. Hatto do`stim to`xtatib qolmaganida sumkamni egasiga qaytarmoqchi ham bo`ldim. Anchagacha o`sha ayol ko`z oldimdan ketmadi. Sheriklarim esa meni ko`ngil bo`shlikda ayblab, mazax qilishardi.

Shu tariqa oradan yillar o`tib ketdi. Yoshim ham ancha ulg`aygan. Bu yillar mobaynida ishlab topgan pullarimga yangi uy oldim, tagimda oxirgi rusumda mashina. Ishlarim a`lo darajada ketayotgan paytda Xudoyim bir sinov bilan sinadi. Men Pokiza ismli bokira, tarbiyali, chiroyli qizni sevib qoldim. U butun aqlimni o`g`irlagandi. Uylanib, oila qurishni, bolalarimni voyaga etkazishni istardim. Biroq u menga turmushga chiqarmikan? Meni faqat shu savol qiynardi. Avvaliga rad etdi. Tinch qo`yishimni aytdi. Niyatim jiddiyligini va kelajakda unga uylanishimni gapirganimda ko`ngli sal yumshagandek bo`ldi va gaplarimni jimgina eshitdi. Shundan so`ng biz tez-tez uchrashadigan bo`ldik. Endi meni undan boshqa hech narsa qiziqtirmasdi, qilayotgan ishimni ham chetga surib qo`ydim. Bir kuni u menga noqulay savol berib, dovdiratib qo`ydi:

— Shukur aka, o`zi nima ish qilasiz? Hecham kasbingiz haqida gapirmaysiz-a? Yoki bu pullarni otangizdan olasizmi?

Tinmay so`zlaydigan tillarim shu payt aylanmay qoldi. Jim turishdan foyda yo`q, shubhalaniishini istamadim.

— Kichik bir biznes. Do`konim bor, shuni yurgizaman, - kallamga kelgan  birinchi fikr shu bo`ldi.

U ishondi shekilli, boshqa bu haqda so`ramadi. “Endi bitta do`kon ochmasam bo`lmaydi” deb o`yladim. Qo`lingda mablag` bo`lsa hech gap emas ekan, ko`p o`tmay Pokizaga aytgan do`konimni ishga tushirdim. Endi avvalga hamkasblarim bilan kam ko`rishadigan, butun vaqtimni Pokiza va yangi biznesimga bag`ishlaydigan bo`ldim. O`zimni yaxshi o`g`ildek tutib, ota-onam bilan yashay boshladim. Yaqinlarim mening o`zgarib, muloyim bo`lib qolganimdan xursand edi. Pokizaga sovchi bo`lib borishdi. Visol oqshomimiz katta to`yxonada o`tdi.Biz baxtli turmush kechira boshladik. Eski tanishlarim bilan aloqani uzdim. Avvalgi qilgan ishlarim xuddi tushda bo`lib o`tgandek edi. Ayolim ham juda pazanda, mehribon edi. Bir yil o`tmay u menga qiz farzand hadya etdi. Qizimga hayotimning malikasi bo`lsin, deb Malika deb ism  qo`ydik. Qizim maktabda a`lo baholarga o`qidi. Yagona ko`zmunchog`imga shunday yaxshi tarbiya bera olganimdan faxrlanardim. Ammo bir kuni boshimizga baxtsizlik tushdi. Uy telefonimga notanish odam qo`ng`iroq qilib, To`laganova Malika  shu erda istiqomat qilishini so`radi. Javobimni eshitgach, Malika hozir shifoxonada ekanini, tezda etib kelishimni so`radi. Malikamni ko`cha bezorilari tunab, qarshilik ko`rsatgani uchun do`pposlab ketishibdi. Bu xabarni eshitib yuragim to`xtab qolayozdi. Hech narsani tushunmagan, rangi oqarib ketgan xotinimni mashinaga o`tqazib kasalxonaga olib bordim. Kasalxonada qizimni ko`rdim-u, dod deb yuboray dedim. Pokiza esa hushidan ketdi. Shifokorlar murakkab operasiyani amalga oshirish uchun bizning roziligimiz kerakligini aytishdi. Qizim boshidan qattiq zarba egan edi. Bir tomondan esa tergovchilar turli savollar bilan murojat qilishardi. Shunday vaziyatda ota-ona “Qaysi gunohim uchun?” degan savolni o`ziga beradi. Men esa hammasini tushunib turardim, o`zimni burdalab tashlagim kelardi. Bir paytning o`zida ham vijdon azobi, ham farzandimning dardu alami qiynar edi.

Jarrohlik operasiyasi ikki soat davom etdi. Nihoyat shifokor chiqdi.

— Qizingizning hayotini saqlab qolishga erishdik. Bosh miya qattiq jism bilan urish natijasida jarohatlangan. Ko`zlari ko`rmay qolishi mumkin. Hamma narsaga tayyor turish kerak.

Butun umr qulog`im ostida ko`zi ojizning qarg`ishi jaranglab turardi. Menga emas, hayotimning yolg`izgina ma`nosi, oydek qizim Malikamga qaytdi. Qizimning umrini, kelajagini xatolarim barbod qildi. Ming harakat qilmaylik, boshqa farzand ko`rmadik. Ayollarning zaifaligidan foydalanib qon qaqshatganlarim uchun jazoim shu bo`lsa kerak. Shu kungacha qilgan ishlarimni hatto xotinimga ham aytmaganman. Bu dahshatli sirim ich-etimni eb ado qilyapti. Sizlarga yozib barcha ayollardan istig`for so`ramoqchiman. Pushaymondan endi foyda yo`q bo`lsa-da, tiz cho`kib aytaman, meni kechiringlar, aziz ayollar!                                                                  

Shukurilloning maktubini Zebiniso G`IYoSOVA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1