1

«Sevganim chiroyli…»

Mutolaa 12.01.2017, 16:28
Teglar: Xikoya
«Sevganim chiroyli…»

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish kerakmi yoki sevgan kishingga butkul ishonishni o`rgangan ma`qulmikan?..

Turmush qurganimizga besh yil bo`ldi, uch yashar qizalog`imiz bor, yaqinda yana yangi mehmon kutyapmiz. Oilamizga hamma havas qiladi, umuman olganda hammasi yaxshi, lekin… Bittagina lekini borki, u ham bo`lsa… erimning chiroyliligi!

Hali turmush qurmagan paytimizdayoq atrofimizdagilar bizni ko`z qirlari bilan kuzatishlarini sezardim. Bu menga juda yoqardi, albatta. Lekin erkaklarda husndan ko`ra aql, farosat, insof,  g`amxo`rlik xislatlarini ko`proq qadrlaganim uchun bunga ko`p ham ahamiyat bermasdim. Shu sifatlarning barchasini uzida mujassam etgan kishini uchratganimdan xursand edim. Dugonalarim hali ham shunaqa yigitlar borligiga ishonishmasdi. Hammasi yaxshi ediyu, lekin ko`nglimning tub-tubida qo`rquv yashardi...

Yillar o`tgan sayin bu fikr miyamga o`rnashib, hayotimni zaharlab boraverdi. Ko`zguga qarab, erimdek chiroyli emasligimdan, ko`zga yarq etib tashlanadigan husnim yo`qligidan siqilardim. Lekin bir tomondan uyimizdan sovchi arimagani, o`qish davrida yigitlar ortimdan yugurganini o`ylasam, demak, men ham chakki emas ekanman, deb qo`yaman. Erim meni tanlabdimi, bundan chiqdi, haqiqatan ham sevadi! Lekin baribir…

Aqlim uning mendan ortiq jihatlarini eslatib turishdan charchamaydi. Ayniqsa, maktab davrida, oltinchi sinfdan boshlab qizlar unga e`tibor berishni boshlaganini aytganda, ichimni rashk emirgan. U esa juda tortinchoq bo`lgan, qizlarga e`tibor bermagan. Agar birortasiga karadim degudek bo`lsa, qizlarning barchasi o`sha qizga urush e`lon qilishgan ekan. Bitiruv sinfida erim Nodira degan qizga ko`ngil qo`ygan, lekin keyinchalik u boshqa maktabga o`tib ketgan…

Erimning sinfdoshlari juda ahil, har yili maktabni bitirganlari sharafiga uchrashuv qilishadi. Ochig`i, aytishga ham uyalaman, lekin shu uchrashuvlardan keyin men haqiqiy izquvarga aylanaman, uning kiyimlarini ko`zdan kechirman. Kostyumi yoqasidan begona atir hidini, ko`ylagidan esa lab bo`yog`i izini qidiraman. Kuni kecha bo`lib o`tgan uchrashuvdan keyin butunlay halovatimni yo`qotdim. Chunki erimning o`sha birinchi muhabbati — Nodiraning hayoti buzilganmish. Eri tashlab ketibdi, o`g`li kasal, o`zi esa ishsiz qolgan ekan. Erim esa hatto unga yordam berishga va`da beribdi. Olijanoblikni qarang!

O`zimning dardim o`zimga etib yurganda, dugonam Zebo olovga kerosin sepdi. Uning turmushi ikki marta buzilgan, «mard erkaklar qolmadi», deb noligani noligan. Yaqinda Zeboni uchratganimda, bekor darrov ajrashibsan, sabr qilsang, yaxshi bo`lardi, deb baloga qoldim. «Senga aytishga oson, o`zing yigitning guliga tegib olgansan! Lekin ehtiyot bo`lgin, kiprik qoqishga ulgurmasingdan birortasi ilib ketmasin!» deb yuragimga olov yoqdi.

Sabr kosam butunlay toshishiga erimning tug`ilgan kuni sababchi bo`ldi. Bayramni do`stlar davrasida restoranda nishonlaydigan bo`ldik. Uning do`stlari ko`pligi doim menga yoqardi. Tug`ilgan kun ayni qizigan paytda, hamma raqs tushish bilan ovora, alanglab, o`ynayotganlar orasidan erimni topa olmadim. Bir mahal qarasam, stol chekkasida u ishxonasidagi Zilola bilan gaplashib o`tiribdi. Zilola erimning qulog`iga engashib olgancha, shivirlab nimalarnidir gapirardi. Avvaliga, shunchaki gaplashib o`tirishibdi, musiqa balandligi uchun yaxshi eshitilmayotgandir, deb o`zimni tinchlantirdim. Lekin hamma raqs tushayotgan bir paytda bu ikkalasining musichadek kukulashib o`tirishi g`ashimga tegdi. Alamimdan oyog`imda jon qolmadi, titrayotgan lablarimni tishlab, yig`idan o`zimni zo`rg`a to`xtatdim. Boshqa bilan gaplashganda ham alam qilmasdi… Erim endi ishga kirgan paytlar shu Zilolaga ko`ngil qo`ygani haqida eshitgandim. Lekin ularning munosabatlari chuqurlashmay turib, Zilola turmushga chiqib ketgandi. Xozir Zilolaning oilasi notinch, balki u yana erimning boshini aylantirishni istab qolgandir? Bo`lmasa bir-biriga shunchalik tiqilib o`tirisharmidi…

Restorandan chiqib ketganimni hech kim sezmadi. Alohida xonaga kirib, rosa yig`ladim. Yarim soatcha yig`lab, yuzimni yuvib, ancha engil torganimdan keyin qaytdim. Qaytganimda ko`pchilik mehmonlar, shu jumladan, Zilola ham tarqalib bo`lishgan ekan. Erim qaerda eding, seni rosa qidirdim, dedi xavotirlanib. Gapirsam, yig`lab yuborishimni bilib, indamadim. Biroz o`tgach, barcha mehmonlarni kuzatib, uyga qaytdik. Mashinada zo`rg`a o`zimni bosib keldim, lekin uyga kirganimiz zahoti bombadek portladim! Yig`i aralash baqira ketdim:

— Nima, eski muhabbatingiz esingizga tushib qoldimi?! Balki bu gal muxabbatlaringiz ancha davom etar?  Keling, yaxshisi, ochiqchasiga kelishib olaylik, balki ajrashganimiz yaxshidir?! Chunki sabr qilish va kechirishdan charchadim! — Asablarim qaqshaganidan sira o`zimni to`xtata olmasdim, erimning anqayib qarab qolganini ham sezmadim.

— Nimalar deyapsan o`zi? Kim haqida gapirayotganingni tushuntirib berarsan? — so`radi u xotirjam. Jahli chiqsa shu ohangda gapirishini bilganim uchun jim bo`ldim. Nazarimda, erim rostdan ham nimalar deb baqirayotganimni tushunmagan ko`rinadi. Rostdan ham mening miyamda qanaqa ahmoqona fikrlar g`ujg`on o`ynayotganini qaerdan bilsin? Axir unga shubhalarimni aytmagan bo`lsam… Qolaversa, rashk qilishga vaj bo`lmasa?

— Zilolani aytyapman! —  to`ng`illadim men ko`z yoshlarimni artarkanman.

— Nima bo`pti Zilolaga?

— Nega u bilan burchakka tiqilib olib, hiringlashib o`tirgandingiz? Meni ko`rmadi deb o`yladingizmi? — ko`rganlarimni oshirib ayta boshladim.

— Kim burchakka tiqilibdi? Esing joyidami, shunchaki gaplashdik-ku! Qolaversa, u eri bilan yarashayotganini, bir tushunmovchilik sabab oilasini buzish niyati yo`qligini aytdi. Alohida yashab ko`rib bir-birlarisiz yashay olmasliklarini tushunishibdi. Shularni gapirib berayotgandi. Shunga shuncha vahima qildingmi?!

Uning samimiy qarab turganini ko`rib, gap topolmay qoldim:

— Nima qilay bo`lmasa… Siz chiroylisiz, ayollar sizga qarasa, chiday olmayman…

— Uf, senga necha marta aytganman, menga bu haqda gapirma deb! Men senga chiroyi bilan maqtanadigan qiz bolamanmi?..

Shu janjaldan keyin ko`nglim xotirjam tortdi. Lekin bu holat uzoqqa cho`zilmadi. Bir kun ish yuzasidan erimning ishxonasiga qo`ng`iroq qildim. Kotiba esa uning allaqachon ketganini aytdi. Men esa qaerga deb so`rashdan o`zimni tiya olmadim. Kotiba ham meni ichimni kuydirish uchunmi Zebo degan qiz telefon qilganini, keyin erim haydovchisini chaqirib kafega ketganini batafsil gapirib berdi. «Nazarimda «Bahor» kafesiga ketishdi shekilli…»

Butun a`zoyi badanimdan sovuq ter chiqib ketgandek bo`ldi. Qanday kiyinib uydan otilib chiqib ketganimni bilmayman. Taksi «Bahor» kafesi yonida to`xatganda o`ylanib qoldim. «Nima qilmoqchiman o`zi? Hozir ularni xiyonat ustida shaxsan tutib olaman, keyin tarsaki tortib, mag`rur chiqib ketaman!..» Lekin xuddi shu payt kafe ostonasida asabiylashib, sigaret tutatib turgan erimga ko`zim tushdi. Kutilmaganda esa u tomon shoshib kelayotgan Zeboni ko`rdim… O`sha o`zimning dugonam Zebo! Xuddi to`yga ketayotgandek yasanib olgan…

Mana gap qaerda ekan! Doim sen chiroyli erga tegib olgansan deyishining sababi bu yoqda ekan-da! Ba`zida gazetalarda dugonasining erini tortib olganlar haqida o`qib qolardim, lekin bularning barchasi menga yolg`on va bachkanadek tuyulardi. Mana endi, o`zimning boshimga tushib o`tiribdi…

Lekin erim men kutgandek xursand bo`lib, unga peshvoz yurmadi. Taksi haydovchisiga biroz yaqinlashishni iltimos qildim. Mashina oynasini ochib, quloq sola boshladim.

— Kirib choy-poy ichamizmi? — dedi yal-yal yonib Zebo.

— Yo`q, kirmaymiz, —  dedi erim o`sha men bilgan xotirjam ohangda. — Men barcha gapga oydinlik kiritish uchun keldim. Sen xotinimning dugonasisan, shu sabab turli mish-mishlar uning qulog`iga etishini istamayman. Oilamizga sovuqchilik tushishini ham istamayman. Shuncha yildan buyon faqat uni yaxshi ko`rishimni bilishing kerak edi, qolaversa, xotinim farzand kutyapti, xozir uning asabiylashishini sira xoxlamayman. Bu bizning oxirgi suhbatmiz bo`ladi deb umid qilaman, boshqa meni bezovta qilma!

Shunday deya erim sigaretni uloqtiri va mashinasi tomon ketdi. Zeboning esa rangida rang qolmadi..

Men esa… Taksida bekingancha yig`lardim. O`zimning ishimdan o`zim uyalib ketdim. Shubhalarim, besabab arazlashlarim bilan erimga qanchalik azob berganimni tushundim. Ahmoqona rashkim tufayli sal bo`lmasa, oilamni barbod etarkanman. Yaqinda ikkinchi farzandimiz — o`g`limiz ham dunyoga keldi. Erim esa hamon meni barcha noxushliklar, hatto yolg`on ma`lumotlardan ham himoya qiladi. O`sha kungi uchrashuv haqida u menga og`iz ochmadi. Mendan dugonam Zebo bilan butkul aloqani uzishni talab qilishi ham mumkin edi. Lekin unday qilmadi. Endi o`zimni ancha xotirjam his qiladigan bo`lganman, faqat ishonch tuyg`usigina kishiga shunaqa xotirjamlik bag`ishlashi mumkin ekan.

Dilfuza SOBIROVA

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Yog`och kavush

10.01.2017, 16:00

Isajon SULTON   Bu voqea uzoq yillar avval, Xitoy imperatorlarining Tan sulolasi zamonida, ya`ni bundan bir ming uch yuz yil oldin ro`y bergan. Bu –...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1