Shuningdek, Markazning g‘oyaviy asoslari, noyob loyihalari hamda boy ilmiy-ma’naviy merosi xalqaro auditoriyaga taqdim etilgan.
Videolavhada Markaz delegatsiyasining dunyo bo‘ylab olib borayotgan izlanishlari, yo‘qolib ketgan madaniy va tarixiy meros namunalarini vatanga qaytarish yo‘lidagi sa’y-harakatlari yoritilgan. Qisqa vaqt ichida mingdan ortiq noyob artefaktlar O‘zbekistonga qaytarildi, yana mingga yaqin eksponat esa saxovatli xayrixohlar va san’at dilerlari tomonidan markaz fondiga hadya qilindi.
Shuningdek, Markaz tarkibidagi bolalar muzeyi, 200 mingdan ortiq qo‘lyozmalar saqlanadigan kutubxona hamda noyob tarixiy yodgorliklar, jumladan, YUNESKOning “Jahon xotirasi” reestriga kiritilgan VII asrga oid Usmon Mushafi haqida ma’lumot beriladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy va ilmiy merosni asrab-avaylash hamda qo‘lyozmalarni vatanga qaytarish masalasiga qaratayotgan alohida e’tibori ta’kidlanadi. Markaz yaqin kelajakda o‘z eshiklarini ochib, jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Euronews va CNN orqali namoyish etilgan ushbu videolavha Islom tsivilizatsiyasi markazini zamonaviy O‘zbekistonning ma’rifiy va madaniy ramzi sifatida jahon hamjamiyatiga tanitishga xizmat qilmoqda.






