Qirg‘iziston parlament — Oliy Kengash sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li deputatlik vakolatini muddatidan oldin topshirishini ma’lum qildi. U bu haqdagi qarorini Facebook sahifasi orqali e’lon qildi.
Sobiq spiker qirg‘izistonliklarni Ramazon oyi bilan tabriklar ekan, so‘nggi kunlarda o‘zining siyosiy fitnalar hamda “75 kishining murojaati”ga aloqadorligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, jamoatchilikda rezonans keltirib chiqargan maqtub u Turkiyada bo‘lgan paytda e’lon qilingan va bu haqda keyinroq xabar topgan.
Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li so‘nggi vaqtlarda sog‘lig‘i yomonlashgani sabab davolanayotganini, shu bois deputatlik mandatini topshirib, siyosatdan ketishga qaror qilganini bildirdi. U saylovchilariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, parlamentdan muddatidan oldin ketayotgani uchun uzr so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 75 nafar jamoat arbobi va amaldor Sadir Japarov nomiga murojaat yo‘llab, mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni so‘ragan edi. Keyinchalik ushbu murojaat ortidan bir qator hibslar va yuqori lavozimli amaldorlarning iste’fosi kuzatilgan.






