1

“Qahratonni qayirgan, muhabbatim!”

Mutolaa 26.12.2016, 15:26
Teglar: Xikoya
“Qahratonni qayirgan, muhabbatim!”

Ayrim voqealar hayotimizda o`chmas iz qoldiradi. Ularning aksariyatini yodga ham olmaymiz, goho. Lekin o`sha chuqur xotira qoldirganlarini esa o`zimiz ham esga olishni, ko`z oldimizga keltirishni istayveramiz. Siz bilan bog`liq o`sha damlarni men har soniya xotirlasam deyman...

Bundan etti-sakkiz yil ilgari edi, chamamda. Barchaning esida bo`lsa kerak, qish juda qattiq keldi. Qalin qor erimaydigandek, ayozning dami sira kesilmaydigandek tuyulardi bizga. Ayniqsa, biz tog`-yon bag`rida yashamaymizmi, go`yo sovuq o`lkalarda yashayotgandek bo`lib qolgandik. Tinimsiz yog`ayotgan qor, quyoshning chiqishiga yo`l bermas, bundan xuddi qutirayotgandek bo`layotgan sovuq shamol uvillab, battar kuchayib qorni o`zi istagan tomonga uloqtirib o`ynardi. Ustiga yopgan ko`rpasi tobora qalinlashib borayotgan er esa yanada og`irlashib  qolgandek, uyquga ketgandek biror joydan bo`y ko`rsatay demasdi. Tog`u toshlar, dashtu adirlar, hamma-hamma joy oppoq va sovuq edi.

— Qor yana bir kun yog`sa, tuman markazi bilan ham aloqamiz uziladi. Yo`llar shundoq ham berkilib bo`ldi, — dedi bir kuni ishdan horib qaytgan otam tashvishlanib. — Tug`ruqxonalarda chaqaloq tug`ilishi bilan uyiga javob berib yuborayotgan ekan. Bu sovuqda muzlab qolish hech gapmas-da... Ishqilib, bizning qishloqda yaqin orada ko`zi yoriydiganlar yo`qmidi? Hozir tug`ruqxonaga ham olib borib bo`lmaydi.

— Menam shuni o`ylab qo`ygandim. Ishqilib, bu qahraton kunlari birortani to`lg`oq tutib qolmasin! — dedi onam ham xavotir bilan. — Ko`pchilikning o`tini ham tugabdi. Hovlisidagi daraxtlarni kesib, yoqishni boshlashibdi.

— Qish qattiq keldi. Bunaqasini hech kim kutmagan-da. Nimasini aytasan, bugun eshitdim, qaysidir qishloqda bir odamning mashinasi qorda yurmay to`xtab qolibdi. O`zi ham birorta xonadonga kirmay, mashina ichida yotib qolaveribdi. Ertalab ko`rishsa, muzlab qolganmish... — qayg`uga botib dedi otam.

— Voy-voy-ey, odamlar ham qiziq. Birortanikiga kirsang, seni ko`kragingdan itararmidi? Kecha qo`shnilar aytishgandi, bir alkash kishi ham yiqilib, yotib qolgan joyida kechasi bilan qolib ketib, muzlaganmish...

Bu voqealar xuddi ertakdan eshitilar, ammo haqiqat ekanligiga hech bir shubhasiz ishonadik. Chunki tashqarida buralab yog`ayotgan oppoq qor “Har narsaga qodirman”, degandek tobora avj olardi. Odamlarning hatto hovlini kurashga ham hafsalasi qolmadi. Chunki kurab tugatmasdan orqasini tag`in qalin qor qoplardi-da. Har kunlik ishimiz faqat uyni isitish, ovqatlanish va mol-holdan xabar olishdan iborat bo`lib qoldi. Boshqa ish  qilishning ham iloji yo`q.

— Birorta taksi yo`q. Yo`llar muz bog`lagan. Buyam etmagandek, shamol qorni yo`lga uyub tashlabdi. Yo`llar yopiq. Ishga borolmadim, — deb qaytib keldi ertasiga otam.

— Telefon qilib qo`ygan bo`lsangiz bo`ldi. Tushunishar, o`zlari ham ko`rib o`tirishibdi-ku! — onamning ovozida shukrona bor edi. — Shukr, qaytib kelibsiz. Bu sovuqda qanday borib-kelarkansiz, deb xavotirda edim. Bir tomondan yaxshi bo`libdi. Yo`llar ochilib, muzlar sal erisa, keyin borarsiz. Kecha Sattor podachining o`g`li yo`ldan chiqib ketib, qorga qulabdi. Haliyam hech kimga hech narsa qilmabdi. Bo`lmasa, mashina to`la odam bo`lgan ekan. Har xil gapni eshitib, qo`rqib ham qoldik.

O`sha kuni otam ham biz kabi uydan chiqmadi. Hayot to`xtab qolgandek, vaqt sovuqda muzlagandek edi go`yo. Kun qisqa bo`lsa-da, sira kech tushmayotgan o`xshardi.

— Bekorchilik odamni juda yomon charchatadi-da. Shunaqa siqilib, horidimki... — dedi otam boshidagi yostiqni ikki buklab  yonboshlarkan. — Ishlagan yaxshi-da! Bu sovuq qachon sal yumsharkan-a?

— Haliyam yog`yapti-ku! — dedim qo`limdagi kashtamni nari surib. — Kashta tikishga vaqt topolmay yurardim. Mana, bezor ham bo`ldim.

— Noshukr bo`lma qizim. Biz erkaklarga mana shu ish ham yo`q, — dedi sira bo`sh o`tirmaydigan otam vaqtiga achinib.

U qildik, bu qildik amallab kunni kech qildik. Qorong`i tusha boshlagani sari mening yuragimni ham g`ulg`ula qoplay boshladi. Chunki qornimda turgan og`riq, o`qtin-o`qtin ko`nglimni ham aynitmoqda edi.

— Yoqmaydigan narsa egansan-da, ma, ich og`rig`ini qoldiradigan dori. Ichib o`ranib yot, qoladi, — dedi onam sariq tusli, zahardan ham achchiqroq xapdorini qo`limga tutqazib.

Lekin og`riq pasayish o`rniga avj olayotgandek edi. Ko`ngil aynishim ham kuchayib, qayt qila boshladim. Yarim tun bo`la boshlaganida issig`im ham ko`tarildi.

— Nima bo`ldi, senga? Nima eganding? — onam oromini yo`qotib qo`ydi.

— Chop, Ma`mur do`xtirni aytib kel! — akamga buyurdi otam. — Qizim-ey, nima bo`lsa ham tinch o`tir. Bu sovuqda shifoxonaga ham olib borib bo`lmaydi, seni.

Bizdan u qadar uzoqda bo`lmagan shifokornikiga ketgan akam xuddi bir yil qolib ketgandek bo`ldi menga. Jonim azobda, hamma yuzimga tikilar, biror darmon bo`ladigan narsaning o`zi yo`q edi.

— Bu shamol ovozingni boshqa tomonga olib ketadi. Do`xtirni uyg`otgunimcha ham bo`larim bo`ldi, — dedi ikki yuzi anor tusiga kirgan akam dir-dir titrab.

—Eshitmabman, shamolni ko`rmaysizmi? — dedi Ma`mur aka ham xijolat bo`lib. — Nima bo`ldi, o`zi?

Onam menga ishora qilib, yig`lab yubordi.

— Qachon boshlandi og`riq? — do`xtir qornimni paypaslay turib savolga tutdi.

— Ertalab sal-pal bor edi. Keyin kuchaydi, — dedi zo`rg`a.

— Ko`richakka o`xshayapti. Zudlik bilan tuman markaziy shifoxonasiga olib borish kerak.

— Qanday qilib? — otamning quti uchdi. — Bugun men yo`llarni qor bosgani uchun ishga ham bora olmadim. Undan buyon ham ozmuncha yog`dimi?

— Menam bormadim. Lekin qizingizni saqlab turolmaymiz.

— Biror yo`li yo`qmi? — onamning piqillagani eshitildi.

— Yo`li —  faqat shifoxonaga olib borish...

— Men o`rtoqlarimni chaqiraman, yo`lni kuraymiz, mashinaga yo`l ochamiz, — akam yo`lini topgandek shoshib dedi.

— O`ylab gapiryapsanmi? Bo`ying tengi bo`lgan qorni kurab bo`larkanmi?

— Buldozer topish kerak... — dedi otam.

— Lekin qani o`sha? — siqila boshladi Ma`mur aka ham. — Bitta yo`li bor. Amallab katta do`xtirnikiga olib borishimiz kerak. U uyida operasiya qilishi ham mumkin.

— Voy o`lmasam... — onamning hushi boshidan uchdi.

Meni vahima bosdi. Katta do`xtir laqabli Xolmat akani ko`z o`ngimga keltirib, bir zum og`riqni ham unutdim.

— Tezroq olib boraylik. Ko`richak yorilsa, oqibati yomon bo`ladi, — Ma`mur aka shoshirdi.

— O`g`lim, qo`shnini uyg`ot, mashinasini qizdirsin. Do`xtirning uyi bekatning yonida-ku, bekatgacha ko`p mashina yurgan. Qor qalinmasdir?

Otamning gapidan so`ng akam yugurib ketdi. To ular kelguncha ham o`ttiz-qirq daqiqa o`tdi. Ko`nglim tinmay behuzur bo`layotgani bois, ichaklarim og`zimdan keladigandek halovatimni yo`qotdim. Ingrab, issiqda kuyayotgan tanamning og`rig`ini bosishga urinardim.

— Zudlik bilan shifoxonaga olib borish kerak, — dedi Katta do`xtir qornimni paypaslashi bilan. — Operasiya qilmasa bo`lmaydi.

— Qanday olib boramiz, shifoxonaga? Mashinada yurib bo`lmaydi, — otam ojizligidan kichrayib borayotgandek edi.

— Hayronman. Bugun ishga ham borolmadim, shu qorni deb, — xo`rsindi shifokor. — Lekin olib bormasak, yomon bo`ladi.

Ma`mur aka va Katta do`xtir ko`z urishtirib oldi.

— Uyda operasiya qilolmaysizmi? — otamning ovozi o`ta ishonchsiz chiqdi.

— Yo`-o`-q, — dedim men jon holatda.

— Uyda? Yo`g`-a! Uyda hech narsam yo`q mening... — shoshib dedi katta do`xtir.

— Nimadir qiling, do`xtir... — otamning ovozida yalinish ohangi sezildi.

— Shifoxona! Qishloqning bor odamini yig`ib bo`lsa ham yo`lni ochish kerak. Lekin... Lekin qor kurashning o`zi bo`lmaydi. Yo`lni ochguncha qizingiz... Nima qilamiz, a? Senda nimalar bor? Qishloq ambulatoriyasida operasiyaga yaraydigan narsalar bormi? — umid bilan Ma`murga qaradi Xolmat aka.

— Yo`q, bu erda operasiya qilmang, — dedim dahshatga tushib.

Otam cho`kallab o`tirib qoldi. Peshanamni mehr bilan silayotganida ko`zlari yoshga to`lganini ko`rdim. Axir men otamning uch o`g`ildan keyin tug`ilgan erka qiziman-da!

— Nimadir qilaylik, do`xtir... — dedi titrab-qaqshab.

— Hozir... Bugun “Tez yordam”da kim navbatchi ekan? — Katta do`xtir darhol telefonini titkilashga tushdi. Men yotgan xonadan chiqarkan, kim bilandir uzoq gaplashdi. Nimalarnidir tushuntirdi. So`ng biroz tinchlangandek ko`rinishda kirib keldi: — Shogirdim ekan. Bir yo`lini qiladi. Lekin Ma`mur, bizam qarab turmasligimiz kerak. Qishloq tibbiy punktidan boringni olib kelib qo`y.

Akam va Ma`mur aka ko`z urishtirib olarkan, shoshib chiqib ketishdi. Men Katta do`xtirning uyida operasiya bo`lish peshanamda bor ekan-da, deya taqdirimga ko`na boshladim.

— Uyda bo`lsa, xavfli emasmi? — otamni endi vahima bosayotgandi.

— Jim qarab turgandan xavfsiz, — ko`zini olib qochdi Katta do`xtir. Shu payt telefoni jiringladi. Gaplasha turib ko`zlari chaqnab ketdi. Keyin otamga qarab dedi: — Zo`r bola-da! Uddaburon! Qo`lidan kelmaydigan ishning o`zi yo`q. Kallasi ishlaganini qarang, favqulotda vaziyatlar boshqarmasiga telefon qilibdi. Ular yo`lni ochadigan mashina beradigan bo`libdi. “Yarim soatda boramiz, kasalni tayyorlab turing”, deydi.

— Baraka topsin! — otamning duosi yurak-yurakdan chiqdi.

— Zo`r yigit! Kelsa ko`rasiz. — do`xtir aka kayfiyati ko`tarilganidan menga hazil ham qildi. — Juda kelishgan yigit. Hamma hamshiralar shuning og`zini poylab turadi. Lekin u hech biriga qiyo boqmaydi.

O`sha lahzalarda jonim bilan bo`lib yotgan bo`lsam-da, xaloskorimni ko`rishga bo`lgan qiziqish yuragimni bir parmalab o`tdi. Kirib kelganida esa, og`riqlarni ham unutdim.

— Yo`lda tekshiraman! Vaqtni yo`qotmaylik. Ustoz, ko`richakligi aniq-ku, a? — dedi u zambilining bir uchini erga qo`yib, Katta do`xtirga qararkan. — Ketdik!

Biz “Tez yordam” mashinasiga chiqqanimizda tong yorisha boshlagandi. Hamma favqulotda vaziyatlar boshqarmasining mashinasini tomosha qilish bilan ovora bo`lsa, men uddaburon xaloskorimdan ko`z uzmasdim. Rostdan ham kelishgan, chaqqon va qat`iyatli yigitligi shundoq ko`rinib turardi. U darhol qon bosimimni, issig`imni o`lchashga, tilim va ko`zlarimni ko`rishga kirishib ketdi.

— Ko`richak bo`lishga topgan vaqtingizni qarang! — dedi u kasalim aniqligiga ishonch hosil qilib. — Bunaqa sovuqda qaysi jur`at bilan kasal bo`ldingiz?

— U yuzida aks etgan tashvishni hazil bilan bekitishga urinayotganini sezdim, lekin indamadim.

Yigit ko`zlarimga tikilib, jilmaydi. So`ng haydovchiga dedi:

— Tezroq haydang.

— Ulguramizmi? — dedi haydovchi yonidan joy olgan Katta do`xtir.

— Xudo xohlasa! — dedi u mendan ko`z uzmay. So`ng issiqdan kuydirar darajaga etgan qo`limni ushladi. — Shuncha chidadingiz, oxiriga chidab berasiz-a?

Qolgan voqealarni bilmayman. Nima bo`ldi? Qachon shifoxonaga keldim? Qay ahvolda keldim? Ko`zimni ochganimda esa yana uning kulib turgan chehrasini ko`rdim:

— Oxirigacha chidamadingiz-a? Qutqarildingiz, chiroyli qiz! — dedi u tag`in ko`zlarimga tikilib.

Bu so`zlar go`yo tanamga kuch bergandek, tetiklashdim. Ammo uyalib ketganim bois, yuzimni deraza tomon burdim:

— Quyosh chiqibdimi?

— Ha, siz shifoxonamizga kelishingiz bilan quyosh ham chiqdi! — dedi u.

Men esa boshqacha fikrda edim: “Siz qalbimga kirib kelishingiz bilan olam ham munavvar bo`ldi! Muhabbat qahratonni ham qayira oldi!”

KAMINA

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1