1

Muammolarni eski yilda qoldiramiz!

SUG'DIYONA 27.12.2016, 11:54
Teglar: Oila, Yangi yil
Muammolarni eski yilda qoldiramiz!

Bayram bayramdek o`tsin deymiz, ammo ayrim sabablar tufayli dilimizning bir cheti xira bo`lib turaveradi. Quyida muammolar kayfiyatimizga ta`sir qilmasligi, aksincha, bayram bahona ularni hal qilib olish usullarini muhokama qilamiz.

«Yangi yil desa, yuragim bezillaydi…»

— Turmush o`rtog`imning oilasida har Yangi yilni butun oila jamuljam bo`lib kutish an`anaga aylangandi. Yangi kelinligimda bu an`ana menga yoqardi. Ammo oradan yillar o`tib, aka-ukalar turli davlatlarga ish bilan tarqab ketishdi, bir qaynog`am vafot etdi, qaynota-qaynonamni ham berib qo`ydik. Endi faqat bir qaynim oilasi bilan biznikiga bayram kutgani keladi. Ochig`i, bu menga tobora yoqmay borayapti. Qaynim ishsiz, ovsinim o`qituvchi. Uch farzandi bor. Har yili 31 dekabr kuni kech soat oltida tayyor dasturxonga qup-quruq kirib kelganlari etmagandek, ovsinim kelganidan ketgunicha erimga ukasidan, menga hayotidan noligani-noligan. Bayramni ham tatitmaydi. Bu hol turmush o`rtog`imga ham yoqmaydi, ammo bir gap aytolmaydi. Bolalari ham betarbiya, nuqul qo`llariga ilingan narsani cho`ntaklariga solib olib ketaverishadi. Andisha qilganim sari bu hol juda avj olayapti. Biz Yangi yil bayramini orziqib emas, bezillab kutadigan bo`lib qoldik. Nima qilish mumkin?

Nazira, Buxora shahri

Maslahat

Bu erda muammo Yangi yilni kutib olishda emas, balki qaynog`angizning ishsizligida, aslida. Ovsiningizning topgani, tabiiyki, uch bolaning ehtiyojlari va ro`zg`ordan ortmaydi. Balki bayram dasturxoni tuzashga ularda imkoniyat yo`qdir. Balki ularning mana shu uch farzandi «amakimnikiga boramiz» deb, Yangi yilni intizorlik bilan kutishar. Yangi yil – mo``jizakor bayram. Mo``jizalar ro`y berishi uchun esa sehrgar kerak. Shu paytgacha siz va turmush o`rtog`ingiz mana shu qarindoshlaringiz uchun bilib, bilmay bayram tuhfa etib kelibsiz. Balli! Bu safar Yangi yilingiz undan ham sehrliroq bo`lsin. Ovsiningizning bolalari qo`llariga ilingan narsani olib ketmasliklari uchun archa ostiga ularning har biriga alohida sovg`a tayyorlab qo`ying. Agar qaynog`angiz anchadan beri ishlamay uyda o`tirgan bo`lsa, unda o`ziga ishonch yo`qolgan.  Xo`jayiningiz ukasiga ish topib berishga harakat qilsin, hech bo`lmasa uning ko`nglini ko`tarish uchun dalda bersin. Ovsiningizga bugunoq qo`ng`iroq qiling-da, bayram arafasi ertaroq kelib, sizga yordamlashishini kelishib oling. U bu taklifni bildirishga shunchaki iymanayotgan bo`lishi mumkin. Eridan nolishni boshlasa, gapni boshqa yoqqa buring, turmushi to`g`risidagi salbiy fikrlarini ma`qullamang, erining yaxshi tomonlarini aytib, maqtang. Agar uning nolishlari kayfiyatingizga buzsa ham, buni unga ko`rsatmang. Shikoyatlari sizga ta`sir qilmayotganini ko`rsa, u, albatta, arz-dodini bas qiladi. Ko`tarinki ruhdagi gaplaringiz, hazil va kulgularingiz diliga shodlik va xurramlik olib kiradi. Ertaklarda bilsangiz, aynan sehrgarlarning umri uzun bo`ladi. Esingizdami? Siz ham hech bo`lmasa yilda bir yaxshiligini ayamaydigan sehrgar pariga aylaning va rolingizni qoyilmaqom qilib ijro eting. Ununtmang, oladigan odamdan ko`ra beradigan odam hamisha baxtliroqdir!

 

«Shodiyona kunlari qayg`uga botayapman»

Oila qurganimizga olti oy bo`ldi. Turmush o`rtog`imning uyida birinchi marta Yangi yil bayramini nishonlayman. Homiladorman. Balki shungami yoki qaynonamning haddan ortiq siquvidanmi, oxirgi paytlar juda serjahl va asabiy bo`lib qolganman. Uyda ota-onam bu yil kuyovim birinchi marta bizni Yangi yil bilan tabriklagani keladi, deb kutishayapti, tayyorgarlik katta. Qaynonam esa o`g`illarini qizg`anadi, o`tgan ikki Hayit bayramida ham erimni ota-onamni tabriklash uchun yubormadi. Hatto, telefon orqali tabriklashni ham taqiqlab qo`ydi. Bu gaplarni ota-onamga aytmadim, bir bahona bilan silliqlab yubordim. Endi biror bayram yaqinlashsa, tushkunlikka tushib qolaman. Kecha qaynonam Yangi yil bilan tabriklash uchun men ham ota-onamnikiga bormasligimni aytdi, hozirgi zamonda telefon degan matoh bormish buning uchun. Birinchi yanvar kuni qaynegachilarim mehmonga kelisharmish, ularning xizmatini qilarkanman. «Axir, mening ota-onam ham ne umidlarda qiz boqib, sizga, o`g`lingizga butunlay berib qo`yishdi, qaynegachilarim telefonda tabriklab qo`yishsa, o`zingizni qanday his qilardingiz?» degim keldi-yu, tilimni tishladim. Hozir juda asabiylashganman, jahl ustida xato ish qilib qo`ymasam edi.

Sarvinoz, Toshkent

 

Maslahat

Yangi oilani sinovdan o`tkazadigan vaziyatlardan biri, bu birinchi Yangi yil bayramidir. Yosh kelinning ahvolini tushunsa bo`ladi, homilador ekan. Ammo ko`pni ko`rgan ota-onalarni tushunish qiyin. Qaynona qudachilikning oddiy odobini bilmaydimi? O`g`li, hech bo`lmasa, telefon orqali kelinning ota-onasini tabriklasa, o`rtada oqibat paydo bo`ladi, kelinning esa shu xonadonga mehri ortadi. Kelinning ota-onasi ham yangi kuyovni, uning oilasidagi odatlar, shart-sharoitni o`rganmay turib, kuyov kutish marosimini uyushtirishga shoshmayaptilarmikan? Bu bilan o`zi shundoq ham yangi sharoitda qiynalib turgan qizlariga battar og`irlik tushirmayaptilarmi? Qizingiz yaxshi kelin bo`lsa, tinib-tinchib ketsa, bu yil kelmagan kuyov keyingi yillarda kelar. Hozirdan bir narsalarni kutishga erta emasmi? Asosiysi, bu vaziyatda kelinning o`zini tutishi, qabul qiladigan qarorlari va chiqaradigan xulosasdir. Hali qaynopalari erishgan darajaga bu kelin ham etar, uyiga har bayramda borib tabriklash imkoni paydo bo`lar. Hozircha bunaqa narsalarni ko`ngilga yaqin olish kerak emas. Bayram kayfiyatini bunday ikir-chikirlar bilan oldindan buzmang. Asosiysi, bo`lajak farzandingizning sog`ligini o`ylang, o`zingizni siqmang. Shunday bayram qilingki, odamlarning havasi kelsin, shu kelin bilan oilaga fayz kirib, bu Yangi yil shodiyonasi juda boshqacha o`tdi, deyishsin. Hozir sizdan munosabatlarga o`zingizni bag`ishlash, oila a`zolari bilan aloqalarni yaxshilash uchun uncha-buncha narsalardan voz kechish talab qilinadi. Vaqt o`tishi bilan hammasi izga tushadi. Ota-onangizni bu yilcha 31 dekabr yoki 2 yanvar kuni tabriklasangiz, nima yo`qotasiz va nimaga erishasiz? Shu masalani qanday echishingizga ko`p narsa bog`liq.

 

Kutilayotgan muammolarga chap bering!

Oilaviy muammolar o`z o`rni bilan paydo bo`lib va hal etib borilaveradi. Ammo ular Yangi yildek ajoyib, oilaviy bayramga rahna solmasligi kerak. Quyida ana shunday muammolardan ayrimlariga qisqacha ta`rif berib o`tamiz.

 

Ovsinlar orasidagi ziddiyat. Ular bayram bahonasida hal bo`lib ketishi mumkin, hal bo`lmasa, shu kuni ular haqida unuting. Ovsiningizga bir taqsimcha tansiq taomni bolalardan berib yuborsangiz, javoban u ham o`z dasturxonidan nimadir ilinar. Bu bilan o`rtadagi jarlikka ko`prik solgan bo`lasiz.

To`palonchi farzandlar. Shu kuni bolalarga baqirmang, ularning ham, o`zingizning ham bayram kayfiyatingizni buzmang. Agar Yangi yil bayramini qanday o`tkazishni oldindan rejalashtirib olgan bo`lsangiz va bu rejangizda bolalarni qiziqarli ish bilan jalb qilish punkti ham mavjud bo`lsa, ishonchimiz komilki, ular ortiqcha muammo tug`dirishmaydi.

Quloqsiz o`smir. Nima ham qilardingiz, shunday davr-da, ularda. Mustaqil bo`lgilari, bayramni o`rtoqlari bilan nishonlagilari, ota-ona nazoratidan qochgilari keladi. Albatta, nazoratsiz qoldirib bo`lmaydi. Yaxshisi, o`smirlarga biror mas`uliyatli vazifa yuklang, toki o`zlarining katta odam ekanliklarini his qilsinlar. Balki otasi bilan kabob pishirar, osh damlar. Yangi yil arafasida huquq-tartibot organlari nazoratni kuchaytiradilar, shu sababli bunday paytda ko`chada o`rtoqlar bilan sanqib yurish yaxshi emasligini uqdiring. Yaxshisi,  do`stlarini xonadonigizga taklif qiling.

Shahnoza TO`RAHO`JAEVA 

Sharhlar

O`zbekiston bosh archasi qaerda o`rnatilgani ma`lum qilindi (video)

10.12.2021, 10:32

Har yili uzoq kutiladigan Yangi yil ayyomiga sanoqli kunlar qoldi. Toshkentda esa bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.  Eng baland sanalgan yurtimizning...
O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Yangi yilni yana qorsiz kutib olamizmi?

27.12.2019, 17:33

Insonlar Yangi yil bayramini odatda qorli sovuq ob-havo bilan kutib olishni xohlaydilar.Biroq boshqa janubiy o`lkalar kabi O`zbekiston aholisi ham har doim Yangi yilni qor bilan...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1