1

Gulsanam Mamazoitova: “Yangi yilni oilam davrasida kutishga odatlanganman”

Shou-biznes 29.12.2016, 12:00
Teglar: Shou-biznes, Oila, Yangi yil
Gulsanam Mamazoitova: “Yangi yilni oilam davrasida kutishga odatlanganman”

Muxlislar uchun san`atkorlarning kundalik hayoti doim qiziq bo`lgan. Shuni hisobga olgan holda har bir ishga o`zgacha uslub bilan yondashadigan O`zbekiston xalq artisti Gulsanam MAMAZOITOVAni suhbatga tortdik...

— Gulsanam opa, 2016 yil tugashiga ham 9 kun qoldi.  Nimalarni hech bir afsussiz ortda qoldira olasiz va nimalarni benihoya quvonch bilan xotirlaysiz? 

— Bir yil davomida bo`lgan katta-katta yo`qotishlarni inobatga olmasak, har bir kunimni hech bir afsussiz ortda qoldira olaman. Chunki taqdirimizga yozilgan va berilgan har bir ne`mat, imkoniyatga shukrona keltirish lozim. Muxlislarni yangi ijod namunalari bilan xushnud eta olayotganimiz, ijod borasida yangi pog`onalarni zabt etayotganimizdan benihoya quvonaman. 

— Tobora yakunlanib borayotgan yilning eng hayajonli voqealari-chi?

— Eng hayajonlisi, deya Toshkentda o`tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining tadbirlarini ayta olaman. Ushbu tadbir doirasida o`tgan konsert dasturida o`zbek san`atini qo`shni davlatlarning prezidentlari munosib qarshi olib, mamnun bo`lganliklari kishini g`ururlantirdi, ilhomlantirdi. Ayniqsa, qozoq tilida kuylagan qo`shiqlarimni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev katta mamnuniyat bilan qarshi olgandi. 

— Haqiqatda e`tirofga loyiq konsert dasturi taqdim etilgandi. Gulsanam opa, qaysi bayramlarni alohida tayyorgarlik bilan qarshi olasiz? 

— Yangi yilni, boisi — oilaviy bayram! Ba`zilar mazkur bayramni do`stlar davrasida qarshi olishni istaydi. Lekin men to`kin dasturxon atrofida oilam davrasida nishonlashni afzal bilaman. Turmush o`rtog`im go`shtli taomlarni yaxshi ko`rganlari bois shu kuni o`z qo`llari bilan "san`at asari" yaratib barchamizni xursand qiladilar. Xamir ovqatlarni tayyorlashga u qadar usta bo`lmasam-da, albatta somsa pishiraman (kuladi).      

— Bayram dasturxonidan joy olishi shart bo`lgan taomnomangiz ham bormi?

— Yildan-yilga qarashlar o`zgargani sabab xohish-istaklar ham o`zgacha bo`lar ekan. Falon taom yo salat bo`lishi shart, degan qoidamiz yo`q. Lekin achchiq taom va salatlarni yaxshi ko`rganim bois ular bayram dasturxonidan, albatta joy oladi. 

— Turfa xillikka intiladigan Gulsanam Mamazoitovaning bu yilgi bayram dasturxoni borasidagi rejalari ham o`zgacha bo`lsa kerak? 

— Albatta! Bu yil o`z qo`lim bilan beshbarmoq tayyorlamoqchiman, qazilari bilan albatta (kuladi). Qanday pishirilishini yuz foiz emas-u, deyarli bilaman. Salatlardan turmush o`rtog`im sevib iste`mol qiladigan "sezar" va "shuba" salatini tayyorlash niyatidaman. 

— Salatlar ham "debyut" bo`ladimi?

— Eng qizig`i ham shunda-da. Bu salatlarni ham biror marta tayyorlab ko`rmaganman. Yangi yil oqshomida oila a`zolarimni shu kabi bir qator "premera"lar bilan xushnud etish istagidaman (kuladi). Shunday ekan bu yilgi bayram o`zgacha bo`ladi!

— Siz uchun qadrli bo`lib qolgan Yangi yil bilan bog`liq bolalik xotiralar ham bo`lishi tabiiy…

— Bolaligim o`tgan Farg`onadagi eski mahallamiz ko`z oldimga keladi. Qo`shnilar bilan qarindoshdek bo`lib ketgandik. Akam Otabek Muhammadzohid musiqa sohasiga mendan avval kirib kelganlari bois uyimizda musiqiy texnikalar, musiqa asboblari bo`lgan. Sira yodimdan chiqmaydi, 9 yoshlar edim chamasi, ko`chaga kolonkalarni o`rnatib, uni kichkinagina pleerga ulaganmiz. Mahalladoshlar bilan qo`shiq kuylab, raqs tushib, bayramni o`ziga xos tarzda kutib olgandik. Shu qadar odam ko`p yig`ilganidan hatto markaziy maydonda o`tgan bayramni ham ortda qoldirganmiz o`shanda (kuladi). Shu bolalik xotiram bir umrga saqlanib qolgan. 

— Bolaligingizda bayramni qanday ertak qahramoni libosida qarshi olishni niyat qilgansiz?

— Menda bunday istak bo`lmagan. Lekin o`g`lim bir yoshga to`lgandagi Yangi yilni unutolmayman. Santa-Klausning kiyimini kiydirib, "iPad" bilan “xodunok”ka o`tkazib qo`yganmiz. Shu qadar ko`p mehmon kelganidan, o`g`limga u qadar e`tibor qilolmaganmiz. Bir payt qarasak, charchaganidan "iPad"ga boshini qo`yib, o`tirgan joyida uxlab qolibdi.   

— Yangi yil asosan bolajonlarning bayrami. Farzandlaringizning quvonchiga sherik bo`lish maqsadida birga archa bezatasizmi?

— Qizim Mohijahonbegim dekabr oyi kelmasidan "archa bezatamizmi?" deyishga tushadi. "Hozir hech qaerda archa yo`q-ku, dekabrning yarmi o`tsin, albatta, bezatamiz", deyman. Haqiqatda uyni zarlar, archa bilan bezatishni o`zi kishiga estetik zavq beradi, bolalikni yodga soladi. Bu so`z bilan ta`riflab bo`lmaydigan jarayon, uni faqat his qilib ko`rish kerak. 

— Archangizda qo`lda yasalgan o`yinchoqlar ham bormi?

— Yoshligimda paxtadan qorlar, tomchi yomg`irlar, chambarlar yasardim. Hozir qo`l bilan yasaladigan bezaklarga ehtiyoj qolmagan, tayyorlari bor. Farzandlarim ham bolalarcha dunyoqarashi bilan nimalardir yasashga urinishadi. Ularning "ijod namunalari" uchun alohida burchak tashkil qilganmiz. Bog`chadan yasab kelgan narsalari shu burchakdan joy oladi. Lekin ular hali archani bezashtish mumkin bo`lgan "san`at asarlari" emas (kuladi). 

— Oilangiz davrasida qarshi oladigan mazkur bayramning o`ziga xosligi nimada?

— Yil davomida o`tgan yaxshi xotiralarni yod olishimizda va bayram oqshomida, albatta yaxshi tilaklar tilashimizda. Muhimi, yil so`nggidagi sarhisobda niyatlarimizning ko`pi amalga oshganiga guvoh bo`lamiz. Bilasizmi, hatto Qorbobo borligiga ham ishonaman.  

— Bayramda turmush o`rtog`ingiz Qorbobo vazifasini ham o`taydilarmi? Sovg`alar archa tagiga terib qo`yiladimi yo Qorbobo sifatida o`z qo`llari bilan ulashadilarmi?

— Turmush o`rtog`im sovg`ani haqiqiy syurpriz tarzida taqdim etishni a`lo darajada uddalaydilar. 31 dekabr tongini sovg`alar bilan qarshi olamiz, kayfiyat ham shunga yarasha yuqori bo`ladi. Eng qizig`i, turmush o`rtog`im bir kun avval hech nima bilmagan kishidek yuradilar (kuladi). Muhimi, hammamizga zarur bo`lgan narsalarni hadya qiladilar. Lekin sira Qorbobo bo`lmaganlar, boisi o`g`lim Abdug`affor kichik bo`lgani uchun Qorbobodan qo`rqardi. Bu yil "Qorboboni chaqiraylikmi? Qo`rqmaysanmi?" deb hozirdan tayyorlayapmiz. Nasib qilsa, bu yil Qorbobo chaqirish niyatimiz bor, balki qo`rqmas.   

— Tongga qadar davom etadigan suratga olish ishlari, bayram tadbirlaridan ortib, bayramni oila davrasida kutib olishni qay darajada uddasidan chiqasiz?

— 31 dekabr kuni xizmatlar chiqib qoladi, lekin "uzr, bu kunni oilam bilan o`tkazishni istayman!" deya uydan chiqmayman. Chunki yangi yil bayramiga o`zgacha hozirlik ko`raman, uy va dasturxonni bezab, bayramni hamma o`zbek ayollari kabi qarshi olishni xohlayman. Qo`shnilar chiqadi, qarindoshlar kelishi mumkin. Odam o`zi uchun ham yashashi kerak-ku! 

— Odatda faqat bayramni o`zgacha kundek qarshi olib, dam olinadi. Kundalik hayotni ham xuddi shunday qarshi olishni o`ziga xos formulasini ayta olasizmi?

— Insonda xohish bo`lsa, har kuni o`zi uchun bayram kayfiyatini yarata olishi mumkin. Bayram bo`lishi uchun albatta, alohida tayyorgarlik, to`kin dasturxon bo`lishi shart emas. Kayfiyat zo`r bo`lsa, bas, barchasi o`z qo`limizda!  

— Ko`pchilik insonning taqdiri va fe`l-atvori ko`p jihatdan uning muchaliga bog`liqligini ta`kidlaydi. 2017 yil muchalingiz. Shu ma`noda "tovuq"dagi qaysi yaxshi va yomon xislatlar sizda mujassam?

— Yomon xislatim: shoshqaloqligim bor, yaxshi jihatim: samimiyligim. Lekin burjlarga u qadar ishonmayman. Sababi, inson o`z taqdirini o`zi hal qiladi. Haqiqatda ko`nglini keng qilsa, pok tutsa, dilini og`ritganlarga nisbatan kechirimli bo`lsa, samimiy bo`lsa, shaxs sifatida yuqori cho`qillarga erishishi mumkin. Qarshingizdagi insonga birgina kulib boqishning o`zi, siz haqingizdagi noto`g`ri fikrlarni bulutdek tarqatib yuboradi. San`atkor sifatida aytsam, kayfiyatimiz yo`qligini atrofdagilar bilishi shartmas. Muxlislar uchun xursandchilik ulashuvchi odamlarmiz, buni yoddan chiqarmasak bo`lgani. Birgina misol, yaqinda bir tadbirda kichkina qizaloq oldimga kelib, soatlab yonimda turdi, ko`ksidan itarmadim. Bolajonlarni, muxlislarni begonasi bo`lmaydi. Ko`nglida boshqa gap bo`la turib, davralarda o`zini yaxshi ko`rsatadigan "samimiy"lar ichki madaniyatini go`zal qilib, o`zini-o`zi boshqara olish san`atini egallashi, bu — katta ish. Yuzga aytilgan kamchilikni to`g`ri qabul qilish ham yaxshi inson bo`lishga qo`yilgan qadamlardan biri. Yaxshi odam bo`lib tarbiyalanish uchun atrofdagilarning ham hissasi katta. Yillar o`tib, umrni sarhisob qilgandagi eng muhim natija — ko`ngil xotirjamligi. 

— Yangi yil bayramida kim tomonidan berilgan va qanday sovg`a sizni benihoya shod etadi?

— Yurakdan bildirilgan samimiy tilaklar!

— Mana shu tilaklar ro`yobini tilab qolamiz!

— Rahmat! Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan muborakbod etaman!

BLIS:
— Yangi yilning so`nggi daqiqalarida aytilgan bitta tilak ro`yobi amalga oshadigan bo`lsa, o`zingiz uchun nimani tilagan bo`lardingiz?

— Xudbinlik qilmay, hamma uchun butun dunyoda tinchlik bo`lishini tilardim.

— Yangi yilda hech kimga ishonmaydigan ishingiz?

— Dasturxon bezatish, taomlar tayyorlash.

— Shu vaqtgacha kutib olgan eng noodatiy yangi yilingiz: qaerda va kim bilan?

— Poytaxtdagi tadbirlar sabab, Farg`onaga etib borolmay, Toshkentda eng yaqin dugonalarim Dildora va Nafosat bilan kutib olganmiz. 

— Bayram kunlari qaysi filmlarni tomosha qilishni xush ko`rasiz?

— "Qor malikasi", "Taqdir hazili yoxud qushdek engil bo`ling" filmlarini ko`rishga odatlanganman. Shuningdek, o`zim ishtirokimdagi konsert dasturlarini ham tomosha qilishni xush ko`raman.

— Sevimli Yangi yil qo`shig`ingiz?

— O`zim ijroimdagi 2006 yil kuylangan "Baxtlar olib kelgin Yangi yil" qo`shig`i. Shu qo`shiqni qaytadan ijro etish niyatim bor.

— Sizga berilgan eng yodda qolarli sovg`a? 

— To`yimizdan avval turmush o`rtog`im katta archa sovg`a qilgan. Uyda dugonalarim bo`lgani bois ularga bezatish ishlarini ishonib topshirib ketgan ekan. Eshikdan kirib kelishim bilan ka-a-atta archani ko`rib, sevinchim ichimga sig`magan. 

— "Olive", mandarin yoki norin?

— Mandarinsiz Yangi yil o`tmaydi. Olive, norinni u qadar xushlamayman.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Alisher XOLXO`JAEV.

Sharhlar

O`zbekiston bosh archasi qaerda o`rnatilgani ma`lum qilindi (video)

10.12.2021, 10:32

Har yili uzoq kutiladigan Yangi yil ayyomiga sanoqli kunlar qoldi. Toshkentda esa bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.  Eng baland sanalgan yurtimizning...
O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Yangi yilni yana qorsiz kutib olamizmi?

27.12.2019, 17:33

Insonlar Yangi yil bayramini odatda qorli sovuq ob-havo bilan kutib olishni xohlaydilar.Biroq boshqa janubiy o`lkalar kabi O`zbekiston aholisi ham har doim Yangi yilni qor bilan...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1