Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi to‘rt nafar shaxs Rossiyada yashirin guruh tarkibida terrorchilik tashkilotlari g‘oyalarini targ‘ib qilish, taqiqlangan materiallarni tarqatish hamda terrorchilik faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ular Rossiyaning Mahachqal’a shahrida bo‘lgan vaqtida ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatgan va yashirin guruhga yangi a’zolarni jalb qilgan.
Guruh a’zolari kelgusida Suriyaga borib, jangarilar safiga qo‘shilish va qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etishni rejalashtirgan. Shuningdek, 2025 yil sentabr oyida ular Mahachqal’ada huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshi jinoiy harakatlar sodir etishni rejalashtirgani aniqlangan.
DXX hamda Rossiya huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Sariosiyo tuman sudi hukmi bilan to‘rt nafar shaxs Jinoyat kodeksining 155-2, 244-1 va 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, har biri 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.






