Namangan shahrida tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 577 million so‘mdan ortiq qiymatdagi dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishida DXH, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Namangan shahridagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Unda 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan kelgusida sotish maqsadida sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlab kelingan dori vositalari aniqlangan.
Xususan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 56 turdagi jami 13 ming 184 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan. Ular orasida “Sefotaksim”, “Bifidumbakterin”, “Atropin”, “Tidomet forte” kabi preparatlar ham bor.
Aniqlanishicha, xonadondagi “yashirin ombor”da saqlangan dori vositalari qo‘shni respublika hududidan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan.
Baholash xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan dori vositalarining umumiy qiymati 577 million 381 ming so‘mni tashkil etgan.
Tezkor tadbirlar davomida taqiqlangan mahsulotlarning haqiqiy egasi ham qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda ham Namangan viloyatida tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlar saqlanayotgan omborxonalar aniqlangan edi.






