Navoiy shahrida 340 million so‘mlik noqonuniy oltin savdosining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs qo‘lga olingan.
Ular 212,9 gramm quyma oltinni xaridorga 340 million so‘mga sotishga kelishgan. Tezkor tadbir vaqtida gumondorlar xaridorga 999 probali 26,3 gramm oltinni berib, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishni va‘da qilgan.
Shuningdek, ular xaridordan 20 ming AQSh dollari va 100 million so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida gumondorlardan birining yashash xonadonida qum tarkibidan oltinni ajratib olishga mo‘ljallangan yashirin sex ham aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni kundalik hayotda shu kabi qonunbuzarlik holatlariga duch kelgan taqdirda, 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.






