Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari "Toshkent-AERO" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Tailanddan O‘zbekistonga sintetik narkotik moddalar olib kirilishiga chek qo‘ydi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma'lum qilinishicha, "Bangkok — Toshkent" yo‘nalishida parvoz qilgan, 2004 yilda Jizzax viloyatida va 1993 yilda poytaxtda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida ularning yuklari orasidan shisha va alyuminiy idishlarga joylangan hamda yashirilgan 4,6 kilogramm "mefedron" sintetik narkotik moddasi aniqlangan.
Shundan so‘ng ularning Toshkent shahridagi yashash manzili ham ko‘zdan kechirilgan. U yerdan 1,5 litr gashish moyi va 8 litr erituvchi vosita topilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlar davomida xorijdan olib kelingan narkotik moddalarni Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtda 1997 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan yana bir shaxs ham ushlangan. Undan 635 gramm "alfa-PVP" narkotik moddasi musodara qilingan.
Mazkur holatlar yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday jinoyatni sodir etganlik uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.






