Braziliyalik futbol afsonasi, "Real Madrid"ning sobiq himoyachisi Roberto Karlos marokashlik futbol agenti Suhayla Ettahiriga uylandi. Bu haqda Ettahiri o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Juftlikning to‘y suratlari 17 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Shu bois ayrim foydalanuvchilar Roberto Karlos yaqinda uylangan, degan xulosaga kelgan.
Aslida esa juftlikning nikohi yanvar oyida bo‘lib o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlar esa iyul oyidagi to‘y marosimida olingan.
Suhayla Ettahiri nafaqat Roberto Karlosning rafiqasi, balki futbol sohasida professional faoliyat yuritadigan mutaxassis hamdir.
U Ispaniyada FIFA litsenziyasiga ega futbol agenti bo‘lib, futbolchilarning faoliyatini boshqarish va ularning manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi.
"Sky News Arabia" ma’lumotiga ko‘ra, Ettahiri va Roberto Karlosning munosabatlari dastlab professional hamkorlik doirasida boshlangan. Keyinchalik ularning munosabatlari shaxsiy tus olgan.
Roberto Karlos keyinchalik Ettahirini ommaga o‘z rafiqasi sifatida tanishtirgan. Sobiq futbolchi uni muvaffaqiyatli tadbirkor ayol va hayotiga baxt olib kirgan inson sifatida ta’riflagan.






