AQShning Alyaska shtatida bortida 8 kishi bo‘lgan charter samolyoti uzoqda joylashgan radar stansiyasi yaqinida halokatga uchragan bo‘lishi mumkin. Bu haqda AQSh Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) ma'lum qildi.
NTSBning Alyaska mintaqasi rahbari Klint Jonsonning aytishicha, samolyotda 2 nafar uchuvchi va 6 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Hozircha ularning taqdiri haqida aniq ma'lumot yo‘q.
Ma'lum bo‘lishicha, samolyot Ankoridj shahrida havoga ko‘tarilgan. U 20 avgust kuni tushdan keyin Keyp-Nyuenxem hududiga qo‘nish vaqtida halokatga uchragan bo‘lishi mumkin.
Alyaska Qutqaruvlarni muvofiqlashtirish markazi Keyp-Nyuenxem uzoq masofali radar stansiyasi yaqinida samolyot bilan bog‘liq hodisa yuz bergani haqida xabar olgan. Shundan so‘ng hududda qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan.
NTSB vakillari hozircha ma'lumotlar dastlabki ekanini ta'kidlagan. Qidiruv ishlari davom etmoqda, qo‘shimcha ma'lumotlar olingani sari jamoatchilikka ma'lum qilinadi.






