AsosiySIYOSAT

Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi

Tashrif dasturi 24 avgust kuni Buxoroda davom etdi.

'Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi'ning rasmi

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi. Tashrif doirasida Toshkent va Buxoroda qator muhim tadbirlar o‘tkazildi.

23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ko‘ksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. 

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani, shuningdek, Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi. Tashrif doirasida qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinib, yangi qo‘shma loyihalarga start berildi.

Shu kuni ikki davlat rahbarlariga mamlakatlarning oliy davlat mukofotlari topshirildi. Ilhom Aliyev O‘zbekistonning “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan, Shavkat Mirziyoyev esa Ozarbayjonning “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi. 

Tashrif dasturi 24 avgust kuni Buxoroda davom etdi. Ilhom Aliyev rafiqasi bilan birga qadimiy shaharga bordi. Uni Buxoro xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kutib oldi. 

Davlat rahbarlari rafiqalari hamrohligida Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari, shuningdek, Ko‘kaldosh madrasasini ziyorat qildi. Oliy martabali mehmonlarga Buxoroning tarixiy obidalari, ularning me’moriy xususiyatlari va shaharning madaniy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

Shu bilan Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi. Buxoro xalqaro aeroportida Ozarbayjon Prezidenti va rafiqasini Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kuzatib qo‘ydi.

Shavkat Mirziyoyev ham Buxorodagi tadbirlardan so‘ng Toshkentga qaytib keldi.

    Boshqa yangiliklar