O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampga Vashingtondagi parkka o‘rnatish uchun an’anaviy o‘zbek uslubidagi ikki ayvonni sovg‘a qildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayvonlar Vashingtondagi G‘arbiy Potomak parkiga o‘rnatiladi. Mazkur hududda Tramp tashabbusi bilan Amerika qahramonlari milliy bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan.
AQSh Ichki ishlar vazirligi kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Keti Martinning aytishicha, Mirziyoyev o‘zbeklarning an’anaviy ayvonlarini Trampga AQSh xalqi nomidan qabul qilishi uchun sovg‘a qilgan. Ayvonlarni kuz oxirigacha parkka o‘rnatish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov ham sovg‘a haqida fikr bildirib, o‘zbek san’ati Vashingtondagi Milliy qahramonlar bog‘ining bir qismiga aylanishidan faxrlanishini ta’kidladi.
“Ikki an’anaviy o‘zbek ayvoni — O‘zbekiston Prezidentining AQSh Prezidenti va Amerika xalqiga sovg‘asi — do‘stligimiz va strategik sherikligimizning ramzi bo‘ladi”, — deb yozdi elchi.
Tramp rejalashtirayotgan loyiha doirasida parkda hovuzlar, umumiy ovqatlanish maskanlari, amfiteatr hamda mashhur amerikaliklarning 250 ta real o‘lchamdagi haykalini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.






