AsosiyDUNYO

Trump Saudiya Arabistoni bilan yadroviy kelishuvni Isroilni tan olish shartiga bog‘ladi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni bilan fuqaroviy yadroviy energetika sohasida kelishilgan bitimni Kongressga taqdim etdi.

'Trump Saudiya Arabistoni bilan yadroviy kelishuvni Isroilni tan olish shartiga bog‘ladi.'ning rasmi

Biroq kelishuv kuchga kirishi uchun Ar-Riyod Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishi va uni tan olishi kerak. Bu haqda AQSh ma’muriyati vakili ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, hujjat 24 avgust kuni Kongressga yuborilgan. Iyul oyida tuzilgan kelishuv AQSh kompaniyalariga Saudiya Arabistoniga fuqaroviy yadroviy texnologiyalarni eksport qilish imkonini beradi.

"AQSh Prezidentining pozitsiyasi o‘zgarmagan: kelishuv Saudiya Arabistoni Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilgan taqdirdagina amalga oshadi", degan ma’muriyat vakili.

Ibrohim kelishuvlari 2020–2021 yillarda AQSh vositachiligida Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Marokash hamda Sudan o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish maqsadida tuzilgan.

Tramp iyul oyida Saudiya Arabistoni bilan yadroviy kelishuvga erishilganidan bir necha kun o‘tib, bitimning kuchga kirishi uchun Ar-Riyodning Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishini shart qilib qo‘ygan. Sobiq prezident Jo Bayden ham Saudiya bilan yadroviy kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan va uni Ibrohim kelishuvlari bilan bog‘lashga uringan.

2023 yilda diplomatlar Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga yaqinlashganini bildirgan edi. Biroq o‘sha yil oktyabr oyida Isroilning G‘azodagi urushi boshlanganidan keyin vaziyat o‘zgardi. Saudiya Arabistoni Isroilni tan olishdan oldin Falastin davlatini barpo etishga olib boruvchi qaytarib bo‘lmaydigan jarayon boshlanishini talab qilmoqda.

30 yilga mo‘ljallangan yadroviy kelishuv doirasida Saudiya Arabistonida AP1000 reaktorlarini qurish rejalashtirilgan. O‘nlab milliard dollarlik loyiha AQShning Westinghouse kompaniyasiga katta manfaat keltirishi mumkin.

Kelishuv Kongress rahbarlariga yuborilgan bo‘lib, 26 avgust kuni qo‘mitalarga taqdim etilishi kutilmoqda. Agar Kongress 90 ish kuni ichida bitimni rad etmasa, u kuchga kiradi.

Kongress kelishuvni rad etgan taqdirda ham Tramp qarorga veto qo‘yishi mumkin. Bunday holatda vetoni bekor qilish uchun Kongress a’zolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi talab etiladi.

Ayrim demokrat kongressmenlar hamda yadroviy qurollarni tarqatmaslik tarafdorlari kelishuvni tanqid qilgan. Ularning fikricha, hujjat Saudiya Arabistonida uranni boyitish va yadroviy chiqindilarni qayta ishlashni taqiqlamaydi. Mazkur jarayonlar yadroviy qurol yaratishning ehtimoliy yo‘llaridan biri hisoblanadi.

AQSh ma’muriyati esa kelishuvda qonun talab qiladigan yadroviy qurollarni tarqatmaslik choralari nazarda tutilganini bildirmoqda.

Yadroviy qurollarni tarqatmaslik siyosati bo‘yicha ekspert Henri Sokolskiyning ta’kidlashicha, kelishuvni Kongressga taqdim etish jarayoni uni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish yoki yadroviy qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha qat’iy shartlarsiz amalga oshirish imkoniyatini ham ochib berishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar