“Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda”, — dedi davlat rahbari.
Prezident qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, o‘z mehnatining munosib e’tirofini ko‘rish har bir inson uchun katta baxt ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shavkat Mirziyoyev har bir mukofotlangan insonning mashaqqatli mehnat yo‘li, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini yaxshi bilishini ta’kidladi.
Mukofotlanganlar orasida butun umrini bunyodkorlikka bag‘ishlagan xorazmlik otaxon Rustam Sultonov ham bor.
U kishi tabarruk yoshda bo‘lishlariga qaramay, viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilishda yoshlarga chinakam ibrat bo‘lib kelmoqda.






