Safardan asosiy maqsad — AQSh va Eron o‘rtasidagi diplomatik muloqotni qayta tiklash hamda Hurmuz bo‘g‘ozidagi keskinlikni yumshatish.
Qatar AQShning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchisi va Eronning qo‘shnisi sifatida urush boshlanganidan buyon ikki tomon o‘rtasidagi yashirin diplomatik kanallardan biri bo‘lib kelmoqda. Mamlakat iyun oyida janglarni vaqtincha to‘xtatishga olib kelgan kelishuvga erishishda ham muhim rol o‘ynagan.
Tashrif urush oltinchi oyga yaqinlashgan, ammo diplomatik kelishuv bo‘yicha sezilarli natija kuzatilmayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Janglar asosan to‘xtagan bo‘lsa-da, tomonlar jahon neft ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozida harakatlanish tartibi bo‘yicha hali kelisha olgani yo‘q.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning aytishicha, Shayx Muhammad Tehronda Qatarning vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettirish va mintaqadagi so‘nggi voqealarni muhokama qiladi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi esa muzokaralarda Hurmuz bo‘g‘ozida erkin harakatlanishni tiklash va 28 fevralgacha bo‘lgan holatga qaytish masalalari ham ko‘tarilishini bildirgan.
Urushdan oldin Hurmuz bo‘g‘ozi orqali jahondagi neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tar edi. Biroq mojaro boshlanganidan so‘ng bu yo‘nalishdagi neft oqimi keskin kamaygan. 24 avgust kuni bo‘g‘oz orqali kuniga taxminan 5 million barrel neft o‘tgan, urushdan oldin esa bu ko‘rsatkich qariyb 20 million barrelni tashkil etgan.
26 avgust kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Eron va Ummon Hurmuz bo‘g‘ozi suvlarini hamda undan olinadigan daromadlarni taqsimlash bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Biroq Eronning yuqori martabali amaldori kelishuv hali yakuniga yetmagani va uning tafsilotlari bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini aytdi.
Tehron Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni muzokaralarda bosim vositasi sifatida saqlab kelmoqda. Eron tomoni ayrim kemalardan o‘tish uchun to‘lov undirish masalasini ham ko‘targan, AQSh esa bunga qarshi chiqqan.
Eron va Ummon so‘nggi haftalarda bo‘g‘oz orqali kemalar harakatini tiklash va nazorat qilish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Hozircha esa bo‘g‘ozning to‘liq ochilishi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi Shayx Muhammadning Tehrondagi muzokaralarida Hurmuzdagi keskinlikni pasaytirish va muloqotni davom ettirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari ham muhokama qilinishini bildirgan.
BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevraldan 21 avgustgacha Hurmuz bo‘g‘ozi va Yaqin Sharqda 68 ta tasdiqlangan hodisa qayd etilgan. Ularda 19 nafar dengizchi halok bo‘lgan.






