Qiz bola degan mana undoq qiladi, bundoq qiladi, degan gaplarni ko`p va xo`p eshitgandirsiz. «Sening yoshingda men...» deya boshlanuvchi o`gitlardan ham charchaganingiz rostdir. Axir hammadan xar xil fikr chiqadi–da. Biz esa sizga qizlarning guli bo`lish sirlarini ochishga jazm etdik. Ulardan voqif ekansiz, barchaning yuragini «jiz» ettirishingizga chin dildan ishonamiz.
- Doimo qaddingizni baland tutib yuring. Bukchayish erinchoqlik belgisi sanaladi. O`tiribsizmi, turibsizmi, doimo gavdangiz tik ushlang, hatto yolg`iz qolganingizda ham!
- Orasta bo`ling. Har kuni dush qabul qiling, kiyimlarning tozasini kiying. Agar bexosdan libosingizga dog` tushirib qo`ysangiz, darrov uni almashtirib oling, bunga sira erinmang. Qarindoshlarning tadbirlariga xizmatga yuborishsa, har ehtimolga qarshi sumkangizga biror qo`shimcha kiyim solib qo`yishni unutmang.
- Sochingizga alohida e`tibor qarating. Kuniga bir necha marta tarashga odatlaning. Vaqti vaqti bilan turmagingizni tartibga solib turing. Odamlarning oldida taranmang ham, bo`yanmang ham. Bu juda xunuk ko`rinadi.
- Pardozning ham me`yordagisi yaxshi. Qizlarga haddan ortiq bo`yanish yarashmaydi. Notabiiy qora qoshlaru qip-qizil lab bo`yog`i bilan arzon qo`g`irchoqqa aylanasiz.
- Kiyimining qimmatini emas, yarashiqlisini tanlang. Libosingiz vaziyatga mos kelsin.
- To`y–hasham va tadbirlarga yasanib borishdan uyalmang. Agar tanlagan libosingizdan ikkilanayotgan bo`lsangiz, bilingki, “Tayyorlanmay, o`ziga qaramay kelibdi”, degan gapdan ko`ra, boshqa mehmonlardan yasanibroq turganingiz afzal.
- So`zlarni to`g`ri talaffuz qilib, chiroyli gapiring. Qo`pol gaplarni hech qachon ishlatmang. Tilimiz boy. Xunuk so`zlarning o`rniga hamisha sinonimini topish mumkin.
- Ming`illab so`zlashish sizga yarashmaydi. Ovozingizni baland ham qo`yib yubormang. Nutqingiz ravon va so`z boyligingiz esa ko`p bo`lishi uchun doimo mutolaa qiling.
- Atrofingizdagilardan e`tiboringizni qizg`anmang. Aks holda, sizni quruq oliftaga chiqarishlari turgan gap. Ayniqsa, yoshi ulug` kishilarga ikki karra e`tib ko`rsating. Xushmuomalalik odatiy holga aylansin siz uchun. Birovlarni xafa qiladigan gaplardan qoching.
- Agar kimnidir joyiga o`tkazib qo`yish kerak bo`lsa, imkon qadar samimiy gapiring. Baqir–chaqirga yo`l qo`ymang.
- Notanish insonlarga ham hurmat bilan munosabatda bo`ling. Odamlar siz bilan gaplashganda o`zlarini engil his qilishsin. Bu oson emasmi? Unda o`z ustingizda ishlang. Samimiylikni ham o`rganish mumkin.
- Minnatdorchilik bildirishni kanda qilmang. Dasturxon atrofida o`zini tutish, tanishish, jamoat joylarida yurish odobini o`rganing.
- Birovlarning kamchiligi va odobsizligini muhokama qilish ham odobsizlikka kiradi. G`iybatlardan qoching. Kimdir jahlingizni chiqargan yoki kimdandir xafa bo`lishingiz mumkin, ammo g`iybat hech qachon muammoni hal qilmaydi.
- Ijtimoiy tarmoqlardagi postlaringizga ham e`tiborli bo`ling. Kimningdir gapi sizga tegib ketsa ham, ijobiy fikrligingizcha qoling.
- Qadringizni biling. Yaxshi qiz degani o`z fikriga ega bo`lmagan, kim qaerga etaklasa ketaveradigan qiz emas. Agar qayisdir masalada hamsuhbatingiz bilan fikringiz to`g`ri kelmasa, shunchaki mavzuni o`zgartiring. Agar sizga yomaydigan savol berishsa, unga javob berishingiz shart emas. Hazilga yo`ying yoki bu savol bilan barchaga murojaat qiling.
- Kitob o`qigan qiz hamisha barchaning diqqat markazida bo`ladi. Savodsizlik esa uyat sanaladi. Yaxshi romanlar, qissalar va hikoyalar o`qing.
- Dugona tanlashda adashmang. Do`stlaringiz sizni pastga tortmasligi kerak.
- Insofli bo`ling. Transportda yoshi kattalar va bolali ayollarga joy bo`shating, o`qish yoki ishxonangizdagi jamoat ishlaridan bosh tortmang.
- O`z xatti–harakatlaringiz uchun mas`uliyatni bo`yningizga oling. Barcha kulfatlaringizda boshqalarni ayblamang. Nolishni va o`zingizni oqlash uchun bahonalar qidirishni bas qiling. Unutmang, siz o`z hayotingizni o`zingiz qurasiz.
- Istagan narsangizga erishish uchun ko`p mehnat qilishingiz kerakligi doimo yodingizda bo`lsin!
Dugonangiz