«Telefon jiringlar... Qo`ng`iroq chorlar... Ovozing eshitgim keladi juda...» Ushbu qatralar shu misralarni esimga soldi. Siz ham o`qib, olisdagi yaqinlaringiz bilan «diydorlashtirguvchi» sehrli quti bilan bog`liq xotiralar olamiga sho`ng`ishingizga ishonamiz.
«KUNDOSh»
«Tonggi qo`ng`iroq tufayli u bilan urishib qoldim. Ko`zlarimga qarab baqirdi. Yuzimga qo`llarini sermab jahl qildi. Men esa bo`g`zimga tiqilgan alam ko`zlarim tomon o`tishi, ko`zyoshi bo`lib chiqishini istamaganim uchun jim turdim. Balki onamning «Xotin erdan bir pog`ona past turishi kerak», degan gapi qulog`imga quyilib qolgani uchun sukut saqlagandirman.
— Qo`ng`iroq qilgan kim? — dedim raqamning begonaligini ko`rib.
Mana shu bir og`iz bergan savolim uni bu qadar tutaqtirib yuboradi deb o`ylamagandim. Yo`q, bunday deganimda jahli chiqmadi. «Qachon?» dedi bu savolimga javoban.
— Atay o`zingizni bilmaganga olayapsizmi? Terib ko`rib, kimligini bilaymi? — deya yashil tugmaga barmoq olib borganimda sapchib ketdi.
— Nima deysan, tentak? Ahmoqmisan? «Erimga nega qo`ng`iroq qildingiz?» deysanmi? Ishxonamizdandir? Shunchalik farosatsizmisan? Aytmayman kimligini! Yo kundoshim deb o`ylayapsanmi?..
Shu bilan uni to`xtatib bo`lmadi. Shu qadar tutaqdiki...
Men battar gumon ichida qoldim: «Nega bunchalik qo`ng`iroq qilishimdan qo`rqdi? Bir gap bor?»
U bor alamini sochib, ishga ketdi. Men hammasini yutib, uyda qoldim. Kun bo`yi xabarlashmadim. Uyam jim.
«Balki o`shanisi bilan gaplashib, ustimdan kulayotgandir?» yig`lagim keldi.
Ishdan qaytganida salom berdim-u, boshqa lom-mim demadim. U esa kuldi. Battar ichimga otash tushdi.
— Menga ishonmaysan-a? Ishonmaganingga kuyaman! Ishonchingni oqlamaganimga kuyaman! Gumon uyg`otadigan qanday ish qilganimni bilolmay kuyaman. Mana, o`sha raqam. Kel, birga qo`ng`iroq qilamiz.
Men indamay o`tiraverdim. Erim telefonning ovozini balandladi. Uzun-uzun gudok ketdi. Keyin qiz bolaning ovozi jarangladi:
— Pochcha, bo`ldi, opamga aytavering. Onam yaxshi. Ko`richak bo`lgan ekan. Operasiyadan yaxshi chiqdi. Endi bu raqamga qilmang. O`zimning telefonimni olib kelishdi... Shoshib qolganimizdan telefon olmabmiz-da...
Onamga nisbatan xavotir, erim oldidagi mulzamlikdan o`zimni qo`yarga joy topolmay qoldim...»
BO`RINING RAQAMI
«Onamlarnikiga mehmonga bordim. Yaqinlarim, ayniqsa, ukamning ikki o`g`lini ko`rib, dilim yayradi. Biri uch yosh, ikkinchisi bir yarim yosh bo`lgan aka-ukalarning o`zlari ham, qiliqlari ham shirin. Ayniqsa, kattasi — Shohruz shu qadar hozirjavobki...
Ukasini itarib yiqitgani uchun koyigan bo`ldim:
— Sening esing yo`qmi? Akasan-ku! Aka ham ukasini itarib yuboradimi?
— Akaman-ku! Kuchim etadi-ku! — hozirjavoblik qildi u.
— Aka degani ukasini yiqitsin, deganimas-da, asalim. Agar yana yiqitsang, senga yogurt bermayman. Mana, olib kelgan yogurtlarimning hammasini balandga qo`yaman.
Shohruzning lablari cho`chchaydi, qovog`i osildi. Keyin alam bilan menga baqirdi:
— Sizni bo`riga bervoraman!
— Qani bo`ri? Yo`q-ku! — atay jig`iga tegdim.
Hozirjavob jiyancham nima deydi deng:
— Bo`rining telefoni bor! Hozir chaqiraman!
Kulaverganimdan ko`zlarim yoshlanib ketsa, deng...»
ShOXRUHXONNNING OVOZI
«Yo`llar tirband edi. Bekatlar ham shunga monand. Avtobusning ichini-ku, gapirmasa ham bo`ladi. Go`zalning ko`ziga butun dunyo tiqilinch va siqiqdek tuyulib ketdi. Avtobus eshigidan tushib qolgudek bo`lib kelayotgan yo`lovchi tag`in qanday xayolga borsin?
— Sal surilinglar! — Har bekatda ochilib-yopilish asnosida kurtkasini «tishlab» olayotgan eshikdan biroz uzoqlashishni istab.
— Qayoqqa surilamiz? — do`rilladi bir erkak. — Ko`rib turibsiz-ku.
Shu payt yana eshik arang yopildi. Go`zal kiyimini «qutqarish» uchun bir siltanib, o`zini ichkariga urishga intildi. Shu payt eshitilgan qichqiriq hammani sergak torttirdi.
— Eshikni oching, oyog`im...
Ovoz Go`zalning qulog`i tagida jaranglab, qomatga keltiray degan bo`lsa-da, qandaydir yoqimli edi.
«Qish sonatasi»dagi yigitning ovoziga o`xsharkan», — o`yladi Go`zal. — Yo`q, hindcha kinolarda Shohruh Xon shunaqa «gapiradi...»
Eshik ochilib-yopildi.
— Voy-ey... — yoqimli ovoz endi pastroq chiqdi. — Muncha tiqilinch... Sumkangiz yuzimni to`sib qoldi...
Qiz yigitning o`ziga gapirayotganini bildi.
— Pastga tushirolmayman. Ammallab tushiring o`zingiz... — Go`zalning rahmi keldi.
Yigit tipirchilab sumkani nimadir qildi. Go`zal o`girila olmagani uchun nima qilganini ko`rmadi.
— Oyog`imni shunaqa qisib turibdiki... — o`ziga ohanrabodek tortuvchi ovoz yana jarangladi. — Aka, sizdan ushlab, asta tortib olaman...
— Xo`p, xo`p... — yigitning yonginasidagi erkak qo`llab-quvvatladi.
— Rahmat, aka. Kuningiz yaxshi o`tsin... — yigit g`imirlab oyog`ini tortgan bo`ldi.
Uning tovushini eshitgani sari Go`zalning o`zini ham ko`rgisi kelayotgandi.
«O`zi ham kelishgan shekilli... Bekatda amallab qarab olaman», — o`ylab qo`ydi qiz.
Avtobus galdagi bekatda to`xtadi. Eshik ochilib, ostonagani besh-olti odam birdan tushdi. Haligi yigit birinchilardan bo`lib chiptachiga pul tutqazdi-yu, yugurib yo`lning narigi tomoniga o`tib ketdi.
— Qani tushganlar... — chiptachi birma-bira yo`lkira yig`a boshladi.
— Ie, pulim... Pulim... — dedi Go`zal bilan yonma-yon kelgan erkak o`ng`aysizlanib. — Pulimni o`g`irlashibdi.
— Qo`ysangiz-chi, amaki... — ensa qotirdi chiptachi.
— Meniki ham yo`q, — dedi bir yigit. Keyin Go`zalga dedi: — Siz qarang, haligi yigit sizni orqangizda edi. O`sha kissavur ekan.
Qiz sumkasini kavladi:
— Bor. Turibdi...
U yoqimli ovoz sohibini ayblayotganlarni negadir yomon ko`rdi. O`qishga etguncha uning yuzini ko`ra olmaganidan o`kindi. Dars boshlanishidan avval esa dugonasiga kechagina otasi sovg`a qilgan yapaloq, ingichka telefonini maqtanmoqchi bo`ldi. Sumkasiga qo`l tiqdi. Boshini suqqudek bo`lib qaradi. Yo`q! Birdan avtobusdagi yigitning «Sumkangiz yuzimni to`sib qoldi», degani esiga keldi. Axir sumka bo`ydor yigitning yuzi baravar ko`tarilmaydi-ku! Demak... Qizning ichi muzlab ketdi...»
«SMS»
«Uni xursand qilgim keldi. Yana bekor o`tirganim uchun quvligim ham tutdi. Xabar yubordim:
«SMSjon, erimga borib ayt. Uyingizning bir chetida, bir parivash siz haqingizda xayol surayapti, de...»
Zum o`tmay javob keldi:
«Majlis bo`lyapti...»
«SMSjon, unga majlisda o`sha parivash haqida o`ylab o`tiring, de...»
Javob tag`in kuttirmadi:
«Kelinoyi, majlisni eringiz olib borayapti J. Yozmay turing, bo`lmasa eringiz hozir meni chiqarib yuboradi J...»
Jim bo`lib qoldim. Yolg`iz bo`lsam-da, uyatdan qizarib ketdim. Xijolatlik va nadomat yuragimni kemirayotganda navbatdagi xabar keldi:
«SMSjon, parivashga ayt, uyalmasin! Eringiz hazillashibdi, de. Xabarlarni o`zi yozdi...»
SODDA MUXLIS MAKTUBI
«Salom, tahririyat xodimlari! Sendan bir narsani so`ramoqchiman. Telefonimga bir xabar tinimsiz keladi. MCHS deb yozilgan. «Tog`li tumanlarda...» deya bir nimalarni yozadi. Biz tog`da yashamasligimizni, Muborak cho`li yaqinida ekanligimizni bir necha marta yozib yubormoqchi bo`ldim. Yozgan xabarim ketmadi. Tinmay adashib xabar yozayotgan bu odamning raqamini qanday bilsam bo`ladi?»
Nargiza USANBOEVA