AsosiyShou-biznes

“Yoqmasa ko`rma!” Rayhon boshlovchiligini tanqid qilayotganlarga munosabat bildirdi

Xonanda Rayhon G`anieva “Milliy” telekanal orqali efirga uzatilayotgan “Xit parad” ko`rsatuvida o`zini boshlovchi sifatida sinab ko`rayotganidan xabaringiz bor. Kimdir Rayhonning boshlovchiligiga ijobiy fikr bildirsa, ayrimlar xonandani o`zbek tilidagi so`zlarni buzib talaffuz qilishda ayblab, keskin tanqid qilmoqda. 

“Sayyod.com” rahbari Rayhon bilan intervyuda aksariyat shou-biznes vakillari Rayhonning teleboshlovchilik qilayotganiga tanqidiy ruhda yondashayotgani, “Shartmi shu ko`rsatuvni olib borishi?” deb so`rayotganini ma`lum qildi. 

“Ammo, eng asosiysi xalqqa yoqyapti. Bu kanalga odamlar e`tiborini jalb qilyapti. Agar ko`rsatuvni boshqa xonandalar ko`rayotgan bo`lsa, bilishadi. Ko`rsatuv muharririning harakatlari tufayli har bir xonanda uchun alohida, quvnoq ta`riflar o`ylab topilmoqda. Men ko`rsatuv ijodkorlari bilan hamkorlik qilayotganimdan xursandman. Ular bilan yarim yildan beri birga ishlayapmiz. Ko`rsatuv haftada bir marotaba efirga uzatiladi. Hozirda boshlovchilik qilishga umuman qiynalmayapman. Bilmadim, meni maqtashyapti. Aytishlaricha, aksent ham yo`qolgan. 

Men bu ishni nima uchun qilyapman, bilasizmi? Mening so`zlashuv tilim borasida ko`p muhokamalar bo`ldi. O`zbek tilidagi ko`rsatuvga boshlovchilik qilishim bilan esa   odamlarga o`zbek tilida so`zlashishga harakat qilayotganimni ko`rsatmoqchiman. Hamma narsaning yomon tomonini ko`radigan va har narsadan kamchilik qidiradigan odamlarni tushunmayman. Yoqmasa, ko`rma! Men har doim hamma narsaga yaxshi ko`z bilan qarashga harakat qilaman”,—deydi Rayhon.

Rayhonning “Milliy” telekanalidagi boshlovchilik faoliyati ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinadi. Aksariyat internet foydalanuvchilari xonandani o`zbek tilida aksent bilan gapirishda ayblaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar