AsosiySUG'DIYONA
131347

Chimildiqdan qo`rqma, kelinchak!

Tahririyatga bir yigit qo`ng`iroq qildi. To`g`risi, uning murojaati bizni juda ajablantirdi, uzoq davom etgan o`zaro muhokamaga sabab bo`ldi. Hatto telefon orqali bo`lgan bu suhbatdan bexabar ayrim hamkasblarimiz «rostdan ham qo`ng`iroq bo`ldimi?» deb ajablanishdi. Yaqinda bu yigitning to`yi bo`lishi kerak ekan. Bo`lajak kelin esa to`y kunini nuqul ortga suraverar ekan. Sababini so`rasa, chimildiqdan qo`rqishini aytganmish. «Chimildiqdan qo`rqadigan qizlarga maslahat beringlar, bo`lajak rafiqam tinmay «Sug`diyona» o`qiydi. Yangalar bo`ladi-yu, lekin sizlar yozsangiz, boshqacha-da, chunki u «Sug`diyona»ga juda ishonadi», deydi yigit.

Yigitning murojaatidan so`ng hamkasblarim birma-bir qaysidir tanishining, qo`shnisining, dugonasining boshdan kechirganlarini so`zlay ketdi. Ularning birini to`ydan oldin yangalarau dugonalari chimildiq haqidagi vahimali gaplari bilan qo`rqitib qo`yib, oxir-oqibat oilasi buzilganini gapirsa, boshqasi hech nima bilmaydigan kelinchakning iztiroblarini so`zlay ketdi. O`ylab qarasak, masala rostdan ham jiddiy. Aytishlaricha, nikoh arafasida kelin-kuyovning ruhiyati shunchalik nozik bo`larkanki, unga zig`irdek nozik so`z ham ulkan talofat etkazishi mumkin ekan. Xullas, yangalik qilishga ham to`g`ri keladi endi, dedik-da, ishni boshladik. Bu nozik masalani tushuntirishda Payg`ambarimiz (s.a.v.)ning «Shariatda sharm yo`q», deya qilgan marhamatlariga asoslandik. To`plagan ma`lumotlarimiz, aytmoqchi bo`lganlarimiz sizga, bo`lajak kelinchaklar!

Yangajonlar, ogoh bo`ling!

Kelin-kuyov ostona hatlab chimildiqqa kirar ekan, bunda yangalarning o`rni katta. Ikki yoshga ular bosh-qosh bo`lishi xalqimizning azaliy urf-odatlaridan. Ammo nikoh oqshomidagi urf-odatlarimizga ayrim yangalar shunchaki e`tiborsizlik bilan, ba`zilari esa hatto ko`ngilochar ermak sifatida qarashadi. Ularning noto`g`ri xatti-harakatlari tufayli esa ba`zi yosh oilalar bir umrlik baxtsizlik girdobiga ham tushib qolayotir. Chunki yosh oilaning keyingi hayot yo`li, bir-biriga mehr-muhabbati ilk nikoh oqshomiga har tomonlama bog`liq.

Bu borada yangalar xizmatlaridan butunlay voz kechish kerak, demoqchi emasmiz. Axir jinsiy tarbiya xususida hech qanday bilimga ega bo`lmagan yosh kelin-kuyovlarga kimdir nasihat qilishi kerak-ku! Ammo bu borada juda ehtiyot bo`lish, kelin-kuyovni nozik lahzalarda noxush so`zlardan ehtiyotlash koni foyda.

Ammo ilk visol oqshomiga tayyorgarlik ishini faqatgina yangalarga yuklash bilan cheklanmaslik lozim. Aslida bunga onalar, opalar ham befarq qaramasliklari joiz. Bo`lg`usi kelinchak unashtirilgan damdanoq u bilan mahram suhbatlar o`tkazib, tegishli saboqlar go`zal uslubda berib borilishi maqsadga muvofiq. Yangalar o`z hayotidagi salbiy jihatlarni, noxush taassurotlarni bo`lg`usi kelinchakka so`zlashlari esa mutlaqo noto`g`ri. Yangalik vazifasi chuqur mushohadalikni, shar`iy, ruhiy va hattoki tibbiy savodxonlikni talab etadi.

Ilk oqshom iztiroblariga sabab nima?

Ba`zan birinchi nikoh kechasida qovusha olmaslik holati uchrab turadi. Buning sabablarini bilib olsangiz, oldini olish chorasini ham topgan bo`lasiz.

Yigitlardagi, ya`ni kuyovlardagi sabablar:

  • ayol ruhiyatini tushunmaslik, uni «eritish» uslublaridan mutlaqo bexabarlik;
  • jinsiy muloqotni o`ta murakkab va mushkul ish deb bilish;
  • ruhiy tayyor emaslik: o`zbekona to`y tashvishlaridan charchagach, birinchi kechadagi vaqtincha noqodirlikni mijoz sustligiga yo`yish;
  • ayol jinsiy a`zolarining tuzilishi va o`ziga xos xususiyatlaridan bexabarlik;
  • har xil yallig`lanish kasalliklari natijasida mijozning susayishi.

Qizlardagi, ya`ni kelinlardagi sabablar:

  • jinsiy qovushishga ruhan tayyor emaslik; qo`shilishni faqat kuyovga bog`liq jarayon deb o`ylab, o`z vazifasini anglamaslik;
  • chimildiqda kuyovga me`yoridan ortiq qarshilik ko`rsatish, yigitni itarib yuborish va hokazolar erkak jinsiy maylini keskin so`ndiruvchi omillardan ekanligini anglamaslik;
  • jinsiy munosabat kelajakda er-xotin o`rtasidagi asosiy bog`lovchi omil ekanini tushunmay, noto`g`ri tarbiya tufayli bu holatni, ya`ni qo`shilishni jirkanch deya o`ylash;
  • eng asosiy sabab tabobatda «vaginizm» (jinsiy munosabatga yoxud ginekologik tekshiruvga unnalganda qin va chanoq tubi, goho son hamda qorin pastki qismi mushaklari beixtiyor qisqarib, qinni siqib qo`yishi bilan ifodalanuvchi holat) deb yuritiluvchi holatning mavjudligidir.

Muhim qoidalar

Quyidagi maslahatlarga rioya qilinganda qator noxushliklarning oldi olinishi hech gap emas:

  • avvalo Allohdan «nikohning xayrli bo`lmog`ini» iltijo etib so`rash ajdodlarimizdan merosligini unutmang!
  • Ozodalikning go`zal xislat ekanini yodda tuting va rioya eting.
  • Go`shangadan, yotoqxonadan hamda o`zingizdan ham yoqimli ifor taralib tursin. Ammo o`ta o`tkir hidli atirlarni sepish ham ma`qul emas. Xushbo`ylikning chegarasi ham hayo bilan o`lchanishini unutmaslik lozim.
  • Go`shanga sari odimlayotgan kelinchakning g`usl qilib, vujudni nopokliklardan forig` etishi ham maqsadga muvofiq. Bobolarimiz va momolarimiz tahoratsiz holda yotoqlariga aslo qadam qo`ymaganlar.
  • Yosh kelin-kuyovning ilk oqshomida ikki rakat nafl namoz o`qishida ham katta hikmat mavjud. Tib olimlari ham go`shangadagi ushbu ibodatning xavotir-tahlikalardan yiroqlashtirib, yoshlarning hayajon va qo`rquvlarini bosishga ijobiy ta`sirini e`tirof etayotir.
  • Ilk visol oqshomingiz sizning hayz jarayoningiz kuniga to`g`ri kelsa yoki kuyov bola go`shangaga ichkilikdan sarxush holda kirsa, qovushish jarayoni bir necha kundan so`ng bo`lishini muloyimlik bilan tushuntirish lozim. Zero, hayz paytida qovushish dinimizda harom qilingan. Tibbiyotda ham bunday paytda qilingan aloqaning dard chaqirishi aniqlangan. Ushbu holatda bokiralik alomatini aniqlashning ham imkoni bo`lmaydi. Bu esa kuyov bolaning ko`ngliga shubha-gumon oralashiga, keyinchalik hatto oila buzilishiga ham sabab bo`lishi mumkin.
  • Jinsiy muomaladan oldin bismilloh aytib, «Allohim, bizni va bizdan tug`ilajak farzandimizni shaytondan yiroq qil», deya duo qiling.
  • To`ydan oldingi noto`g`ri, vahimali maslahatlarga, birinchi kechadagi dahshatli og`riqlar haqidagi asossiz gaplarga ishonmang. Kelinning noto`g`ri xatti-harakati, gavdasini bo`sh tutmasligi, qattiq qarshilik qilishi qin mushaklari qisqarishiga va biroz og`riqqa sabab bo`lishini unutmang.
  • Qiz bolaning haddan ortiq qarshilik ko`rsatishi kuyovdagi ishtiyoqni so`ndirishi, hattoki unda ruhiy jinsiy zaiflikning vujudga kelishiga sabab bo`lishi mumkinligini esdan tuting.
  • Jinsiy yaqinlikdan so`ng islomiy g`usl qoidalarini unutmang, ya`ni gigienik muolajalarni qilib boring. Ba`zi yoshlar g`usl nimaligini ham bilishmaydi. Odatda ayollar jimodan so`ng va hayz, nifos qoni tugagach, g`usl qilishlari lozim. G`usl tartibi quyidagicha: 1. Dastlab g`usl qilish niyat qilinadi. 2. Avrat joylar yuviladi. 3. Namozdan oldin tahorat olingani kabi tahorat olinadi. 4. Boshga, undan so`ng o`ng va chap elkalarga suv quyilib, badan yaxshilab ishqalab yuviladi. G`usl qilinganda tanada quruq joy qolmasligi kerak. Soch o`rilgan bo`lsa, yoyish shart emas. Biroq sochlarning ostiga albatta suv tegishi darkor. Oyoq ostida g`usl suvi qolgan bo`lsa, oyoqlar qaytadan yuviladi. G`usl qilinayotganda qiblaga tomon burilmaslik kerak.

3 kunlik «parhez»

Ayrim kuyovlar ilk oqshomdayoq bir necha bor jinsiy yaqinlikda bo`lishga intilishlari noto`g`ri. Chunki bu qon yo`qotish xavfini vujudga keltiradi. Odatda iffat pardasi barham topgandan so`ng kamida uch kun jinsiy yaqinlikni to`xtatib turish shart. Aks holda munosabatdagi og`riq azobi, yosh kelinchakning jinsiy yaqinlikdan bezishiga, hatto turli dardlar (frigidlik, vaginizm, genitaliya)ga chalinishiga sabab bo`lishi mumkin. Agar ilk oqshomdan keyingi kunlarda ham og`riq hissi kuchayib, qon ketishi kuzatilsa, yosh kelinchakni ginekolog-shifokor maslahatiga olib borish maqsadga muvofiq.

Ibratli o`gitlar

Rasululloh (s.a.v) qizlari Fotimani kelin qilib Hazrati Ali (r.a.)ning uyiga olib borayotib bergan o`gitlari bugungi qizlar uchun ham juda ibratlidir:

  • «Qizim, o`zingni ozoda tut. Robbingni zikr et va vujudingni suv bilan pokla. Ering senga qaraganda ko`ngli yorishsin. Ko`zlaringga surma qo`y, chunki surma ayollarga ziynatdir. Boshingga zaytun yog`idan surt, zaytun yog`i surtgan ayolga shayton yaqinlashmaydi.
  • Ey Fotima! Ering senga qaraganda ko`zlaringni yumma, toki sevging kuchaysin. Ering boshqa tarafga qaragan payt sen uning yuziga boq, bu bilan bir oy ro`za tutganlik savobini olasan.
  • Ey Fotima! Ering seni yotoqqa chaqirganida rad etma. Rad etsang, Allohning la`natiga qolasan.
  • Ey Fotima! Yaqinlik paytida quvnoq bo`l, toki eringning muhabbati ortsin va boshqaga muhabbat qo`ymasin.
  • Ey Fotima! Eringning kamchiliklarini, aybini birovga aytma, aytsang Allohning, Payg`ambarning, farishtalarning va eringning nafratiga duchor bo`lasan.
  • Ey Fotima! Bu o`gitlarni menga Jabroil so`zladi».

Yuzlaridan nur yog`ilib turgan bir onaxondan: «Bunday qiyofaga qanday musharraf bo`ldingiz?» deb so`rashibdi. Shunda u: «Lablarimga Haqni, ovozimga zikrni, ko`zlarimga halolni, qo`llarimga ehsonni, oyoqlarimga to`g`rilikni surdim. Shuningdek, qalbimga Alloh sevgisini, aqlimga hikmatni, nafsimga itoatni, hirsimga imonni ravo ko`rdim» deya javob bergan ekan. Siz ham shundaylardan bo`ling!

NILUFAR

Boshqa yangiliklar