1

​«Erim bilan oramizga sovuqchilik tushgan...»

SUG'DIYONA 25.01.2017, 16:14
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin
​«Erim bilan oramizga sovuqchilik tushgan...»

— Turmush qurganimizga 17 yil bo`ldi. Avvaliga hammasi yaxshi edi, ammo bir yillar chamasi erim bilan oramizga sovuqchilik tushgan. Urishmaymiz, janjallashmaymiz, lekin deyarli gaplashmaymiz ham. Oldin bundan siqilib yurdim, keyin erimning e`tiborini tortishga harakat qildim. Befarqligini sezsam ham sezmaslikka oldim, ishda bo`ganida chiroyli «SMS»lar jo`natdim, uyga kelganida yaxshi gapirdim — hech o`zgarish bo`lmadi. Oxiri mening ham tarvuzim qo`ltig`imdan tushdi, hammasini o`z holiga tashlab qo`ydim. Xuddi erim kabi sovuqqon, befarq bo`lib qoldim. Faqat zarur gaplarni gaplashamiz, tamom. Іatto, yotog`imni ham boshqa qilib oldim. Erim esa hamon indamay yuribdi. U nima xohlayotganini aniq aytadigan odam emas, doim mendan birinchi qadamni kutadi. Uni o`z holiga tashlab to`g`ri qildimmi? Qanday yo`l tutsam bo`larkan?

Tahririyatimizga kelgan ushbu maktub tufayli biz er-xotin munosabatlarining eng muhim nuqtasi — ko`ngil ishi mavzusini yana bir bor tahlil etishga ahd qildik.

«Yo`qolmasdan avval bormidi?»

Aslida, har qanday oilada ham ana shunday munosabatlar sovuqlashishi, his-tuyg`ular sinovdan o`tishi davri bo`ladi. Bunday paytda ko`p narsa ayol kishining sabri, egiluvchanligi, o`tkirligi, mulohazakorligi va tadbirliligiga bog`liq. Sovuqlashish faqat mehr-muhabbatning yo`qolganligi tufayli ro`y bermaydi. Erning ayoliga nisbatan befarqlashuvi sabablari ko`p. Bu yurak tubida chuqur ildiz otgan muhabbatdan qat`i nazar yuzaga kelgan bo`lishi ham mumkin. Shu tufayli avvalo sababni aniqlash kerak. Masalan:

  • er ayolining avvalgi ayblari, xatolari uchun o`ch olayapti (masalan, ayol unga befarq bo`lgan, biror joyda uning boshini xam qilgan, uyda etarlikcha iliq va shinam muhit yarata olmagan, egovlayverib bezor qilgan, onasi bilan chiqishmagan, bola tarbiyalashda xatoga yo`l qo`ygan va h.k.)
  • aslida, avval boshdan xotinini sevmagan, shunchaki ehtiros va havasni muhabbat deb o`ylab yashab kelgan, endi esa buni angladi;
  • boshqa bir ayolga ilakishgan (balki uni sevib qolgan);
  • erkak o`rta yosh krizisini kechirayapti, gormonlar ham o`ynayapti, shunga ayol zotiga, umuman hayotga qiziqishi so`nayapti;
  • ishida muammolari ko`paygan, hammasini ichiga solayapti, uni ichdan nimadir ezayapti.
  • Ayol hislar so`nishining sababini aniqlab olgach, shunga qarab ma`lum siyosat olib boradi, strategiyalarni belgilaydi, reja tuzadi.

    Strategiya va taktika

    Ko`zguga boqing! Er-xotin munosabatlarining sovishiga olib keladigan sabablar orasida birinchi o`rinni maishiy muammolar egallaydi. Kunda urish-janjal, o`zaro kelishmovchiliklar har qanday ulkan mehrni ham emirib yuborishi mumkin. Bepardoz yuradigan, doim nimadir yo`qligidan noliydigan xotin bora-bora erkakning joniga tegadi. Aksiga olib ko`chada baland poshna tuflida, sochlarini turmaklab, o`ziga oro berib zamonaviy kiyinib yurgan notanish ayollar ko`p. Ular ko`proq e`tiboriga tushadi, xotini bilan ularni solishtirgan er notanish ayollar haqida tez-tez o`ylay boshlashi ham tabiiy. Chunki Odam ato o`g`illari ko`zlari bilan sevishadi, buni o`zgartirib bo`lmaydi. Demak, o`z ustingizda jiddiy ishlang. Pul va vaqt yo`qligi, uy ishlari, bolalar bahona bo`la olmaydi. Axir gap oilangizni saqlab qolish haqida ketayapti. Sevimli ayolning ayrim kamchiliklari kechiriladi (masalan, biroz kechikkan ovqat, hali dazmollanmagan ko`ylak). Shuning uchun sizning oldingizda hozir birinchi navbatda eringizning muhabbati va ehtirosini olovlatirish vazifasi turibdi.

    Jabrdiyda bo`lmang! Yana bir keng tarqalga muammo — ayollarning ortiqcha darajada o`zlarini qurbon qilishlari. Ko`pchilik ayollar nikoh uzugini taqib, erga tegib olgach, o`zlarini butunlay oila va bolalarga bag`ishlab yuboradilar. Bu juda katta xato. Turmushga chiqdim deb o`qishini, ishini tashlagan, aqlan va ma`nan rivojlanishdan to`xtagan ayol er uchun qiziqarli bo`lmay qoladi. Erkaklar xuddi zag`cha kabi yaltiroq narsaga o`ch bo`lishadi. Faqat shart shuki, bu yaltiroqlik, yorqinlik nafaqat qobiqda, ichkarida ham bo`lishi, ya`ni xotin turmush o`rtog`i uchun maroqli suhbatdosh, ilhom parisi, yangi qahramonliklarga, marrralarni zabt etishga undovchi, rag`batlantirovchi zot bo`lishi kerak. Faqat «ber-ber» deb o`tiraveradigan ayoldan erkaklar bezadi, erkak kishiga ham ruhiy-emosional ma`noda nimadir berish kerak. O`zingizda bo`lmasa, qaerdan olib berasiz? Natijada, ishxonasidagi chiroyli kiyinib yuradigan, aqlli suhbatlar quradigan ayol uning esini o`g`irlaydi, tamom. Demak, ichki rivojlanishdan, harakatdan to`xtamang. Chunki zerikish oilaviy munosabatlarni buzadigan kuchli omil, juftingiz siz bilan zerikmasligi kerak.

    Begona ayolga joy qoldirmang. Xiyonat oilaviy munosabatlarda eng salbiy hislar uyg`otadi: dil og`rig`i, alam, anduh, g`azab. Bunday ahvolda vaziyatga xolis baho berish va to`g`ri yo`l tutish oson emas. Bizda ayollar birinchi navbatda erlariga va o`sha ayolga yopishadilar: yig`i-sig`i, ta`nalar va soch yulish esa vaziyatni og`irlashtiradi, xolos. Erkaklar xudbinroq bo`lishadi, ular o`zlariga noqulay joydan qochadilar, bu hatto issiq oila qo`rg`oni bo`lsa ham. Qo`lingizdan kelsa, eplasangiz, faqat bir yo`l bor: siz o`sha raqibangizdan yaxshiroq bo`lishingiz kerak. Shunday qilingki, uni sevmay qo`ysin. Nima uchun unga intilayapti? Qomati chiroylimi? Demak, siz ham qomatingiz ustida ishlang. Fitnes zaliga borish uchun mablag` yoki vaqt topa olmasangiz, buni uyda ham amalga oshirishingiz mumkin. Ana qancha videodarslar, kitoblar bor bu borada. Chiroyli kiyinadimi? Siz ham shunday qiling! Turmush o`rtog`ingiz sizda yangi qiyofani ko`rsa, befarq o`tib ketishi mumkin emas. Kiyim uchun pul topa olmaydigan ayol esa yo`q bu olamda. Shunchaki, hafsala topa olmaydiganlari uchrab turadi. Noz-ishvasi zo`rmi? Buni siz ham eplaysiz, axir, ayolsiz-ku. Shunday qilingki, eringiz butun e`tiborini sizga sarflasin.

    Eringiz shunchaki sizni sevmay qo`ygan bo`lsa-chi? Boshqa ayolga muhabbati yo`q, ishida hammasi joyida, uyga har kuni vaqtida keladi, faqat endi muhabbat o`ldi. Ba`zan shunaqasi ham bo`ladi. Unda siz «tuyg`uni tiriltirish» nomli katta jangga otlanishingiz kerak. Endi chiroyli ko`rinishu qiziqarli suhbatlarning o`zi kamlik qiladi. Endi qalban yaqinlik zarur. Unga sirdosh, do`st bo`lish kerak. Bunga esa faqat dildan, samimiy suhbatlashib erishish mumkin. Ko`pincha ayollar erlari bilan birga kechki ovqatni eyish masalasiga engil qaraydilar: ishdan kelganida oldiga ovqatini qo`yib bolalar bilan bo`lib ketadilar. Ammo ruhshunoslar birga ovqatlanish munosabatlarni mustahkamlashning sinalgan va samarali usuli deyishadi. Demak, siz eringiz kelguncha ovqatlanmaysiz (yoki o`zingizni ovqatlanmagandek ko`rsatasiz) va albatta, har kuni kechki ovqatni u bilan birga eysiz. Aynan shu jarayonda, ya`ni asablar bo`shashgan, muammolar unutilgan, erkakning ichiga issiq kirib qulfi-dili ochilgan paytda u bilan yaqinlashish mumkin.

    Har nima qilsangiz ham, natija yo`q bo`lsa, unda vaqt hammasini echadi. Yo siz shunday indamay yashab turasiz, yoki bu hayotni o`zingizga ravo ko`rmay hal qiluvchi qarorni qabul qilasiz. Lekin o`sha qaror ham jahl ustida emas, obdan o`ylab, aql bilan qabul qilinishi kerak. Albatta, har kimda ham yangi hayot boshlash imkoniyati va huquqi bor. Lekin baribir birinchi yor, farzandlarning otasi o`rnini ayol uchun birov bosishi qiyin. Shuning uchun biroz vaqt passiv pozisiyaga o`tib jarayonning borishini kuzatgan ma`quldir. Aslo janjal ko`tarib, eringizning miyasi qatig`ini chiqarmang. Erkak kishi, hatto, och qolishga ham chidashi mumkin, ammo aslo muttasil egovlanishga dosh bermaydi. Bunday ayoldan qochadi.

    Xullas, ishni shu holiga tashlab qo`yishga yoki ortga qaytar ko`priklarni yoqib ketib qolishga shoshilmang. Zaxirangizda hali ko`p qurollaringiz bor. Barini ishga solmay turib taslim bo`ladigan, tan beradigan ahmoq yo`q! Shunday emasmi? Demak, erning muhabbatini qaytarish operasiyasini hoziroq boshlang. Albatta, siz hammasini eplashingizga ko`zimiz etadi.

    Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

    Sharhlar

    O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

    26.09.2021, 17:45

    O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
    Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

    23.08.2021, 16:08

    Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
    Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

    01.06.2021, 18:32

    So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
    O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

    27.05.2021, 16:56

    AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
    Ob-havo: Toshkent
    Valyuta kursi
    1