​Tepkining asorati – bepushtlikmi?

Salomatlik 21.02.2017, 11:12
Teglar: Salomatlik, Bola
​Tepkining asorati – bepushtlikmi?

— Yaqinda 11 yoshli o`g`limga tepki chiqdi. Davolandik, tuzalib ketdi. Qo`shnilarim “Endi o`g`lingiz bepusht bo`lib qoladi” deb aytishyapti. Aytingchi, shu gap rostmi?

Yulduz AKMALOVA, Andijon viloyati.

Savoliga tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-infeksionist Shavkat AZIMOV javob beradi.

Sababi oddiy

Xalq orasida “tepki” nomi bilan mashhur bu xastalik tibbiyotda epidemik parotit deb nomalanadi. Bu virusli infeksiya og`iz va burun orqali qonga tushib, organizmdagi bezlarga ziyon etkazadi. Odatda epidemik parotit zararlaydigan bezlardan biri quloq atrofidagi so`lak bezlari bo`lib, ular xastalik oqibatida shishib ketadi.

Belgilari

Tepki haroratning ko`tarilishi, etning uvushishi, bosh og`rig`i, holsizlik, ishtahasizlik, og`iz qurishi, zararlangan bezning shishib ketishi kabi belgilar bilan namoyon bo`ladi. Xastalikning inkubasion davri 11 kundan 23 kungacha cho`zilishi mumkin. Belgilar namoyon bo`la boshlagach 9-10 kungacha bemor xastalik tashuvchisi hisoblanadi.

Yuqtirish oson

Epidemik parotit havo-tomchi yo`li orqali yuqadi. Ya`ni virusni tashuvchi kishi bilan muloqotda bo`lish, gaplashish, oshxona yoki gigenik anjomlaridan foydalanish tepkiga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun xastalikka chalingan bolakayni boshqalardan ajratish, alohida parvarishlash lozim.

Davo choralari

Boshqa virusli xastaliklar singari epidemik parotitni davolashda ham virusga qarshi dori vositalari qo`llaniladi. Bundan tashqari, bemorning immunitetini mustahkamlashga ham ahamiyat qaratish lozim. Demak, ilk belgilarni sezganingiz zahoti bolajonning ortiqcha harakatlanmasligiga, kalloriyali, ammo suyuq va yumshoq taomlar tanovul qilishiga, etarli miqdorda suv ichishiga ahamiyat bering. Shuningdek, so`lak ajralishini jadallashtiruvchi achchiq, nordon, sho`r taomlardan saqlanish tavsiya etiladi.

Bepushtlikka olib keladimi?

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, bu virus organizmning bez to`qimalarida yaxshi rivojlanadi. Moyak ham spermatazoid ishlab chiqaruvchi bez hisoblangani bois, virusdan zararlanish ehtimoli mavjud. Agar virus moyakka o`tgan bo`lsa shish, og`riq, yallig`lanish kabi belgilar kuzatiladi. Moyakning yallig`lanishi oqibatida spermatozoid ishlab chiqaruvchi hujayralarga zarar etishi mumkin. Agar bemorda yuqoridagi belgilar kuzatilmasa, xavotirga o`rin qolmaydi. Odatda o`smirlik chog`ida tepkiga chalingan va noto`g`ri davolangan bolalar o`rtasida bepushtlik ehtimoli yuqori bo`ladi. har qanday holatda ham, albatta, shifokor ko`rigidan o`tish maqsadga muvofiqdir.

Oldini olish

Bugungi kunda epidemik parotitdan himoyalanishning eng samarali usuli emlash hisoblanadi. Bu ikki bosqichda amalga oshiriladi: 1 hamda 6 yoshligida KPK vaksinalari bilan emlash maqsadga muvofiq. Agar bu amaliyot o`z vaqtida to`g`ri amalga oshirilsa, kichkintoyning xastalikka chalinish xavfi ancha pasayadi.

Egizak farzandli ayol tepsa ketadimi?

Bolaga tepki chiqsa, ko`pchsilik ota-onalar egizak farzand ko`rgan ayolni qidirishga tushadilar. Aslida bu “davo chorasi” hech qanday foyda keltirmaydmi. Chunki har bir sog`lom fikrli inson virusli xastalikni “tepib” davolash mumkin emasligini yaxshi anglaydi. Unda nima sababdan “teptirgach” kasallik chekinadi, deb so`rashingiz mumkin. Shunchaki virus hujum qilganida immunitetimiz biroz sustlashadi, bir muddat o`tib, o`z kuchini tiklab olgach esa, yana kurashishni davom ettiradi va g`alaba qozonadi. Natijada sog`aya boshlaymiz, “teptirish” aynan shu vaqtga to`g`ri kelib qoladi, xolos. Irimlarga ishonmay, shifokor ko`rigidan o`tishni maslahat beramiz.

Kamola tayyorladi.

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1