O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to`g`risida Prezident farmoni imzolandi.
Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, avvalo, demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson manfaatlarining to`laqonli himoyasi hamda qonun ustuvorligini ta`minlashga qaratilgan.
O`zbekiston fuqarolikka qabul qilish borasida ham qonuniylik, insonparvarlik va ijtimoiy bag`rikenglik tamoyillariga asoslangan holda inson manfaatlariga rioya qilinishini ta`minlash chora-tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirib boradi.
Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi demokratik qadriyatlar va xalqaro huquqning umume`tirof etilgan tamoyillariga sodiqligini namoyon etib, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi g`oyalari asnosida har bir insonning fuqarolikka bo`lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holati, irqi, millati, jinsi, ma`lumoti, tili, dinga munosabati hamda siyosiy va boshqa e`tiqodidan qat`iy nazar, “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi Qonun kuchga kirgan vaqtda turli ob`ektiv va boshqa hayotiy sharoitlarga ko`ra mamlakat tashqarisida bo`lgan mahalliy aholi, shuningdek, boshqa mamlakatlarda tug`ilib-o`sib, O`zbekistonni o`z Vatani sifatida dildan tan olgan, uning taraqqiy etishi va gullab-yashnashi uchun munosib hissa qo`shganlar qabul qilinishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 22-bandi, “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 17, 30-moddalariga muvofiq 94 nafar shaxslarning arizalari qanoatlantirilib, O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Farmon ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o`rinbosari S.I.Samadov zimmasiga yuklandi.
To`liq ro`yxat bilan O`zAda tanishishingiz mumkin.