Hayotimiz davomida ko`p insonlar bilan munosabatlarga kirishamiz, biroq ularning fe`l atvori haqida ko`p ma`lumotga ega emasmiz. Qarangki, bugungi kunda insonning tashqi ko`rinishiga qarab tabiati, imkoniyatlari va xohish-istaklari haqida to`liqroq ma`lumotga ega bo`lish imkoni bor ekan. Suhbatdoshingizning popukdek qoshu ko`ziga qarab, to`g`ri muomala qilishni istasangiz ruhshunos Madina Abdurazzoqova bergan ma`lumotlarni yodingizda saqlang.
Qoshlar nimalar deydi?
Yoysimon qosh sohiblari
Yoy, bu — go`zallik ramzi. Bunday qosh egasi go`zallik uchun dunyoga kelgan. U istagan narsalariga qiyinchiliksiz erishish qobiliyatiga ega. Tabiiy kamon qoshlar ta`sirchanlik, hissiyotga beriluvchanlik va san`atkorlik xususiyatlaringizni oshkor etmoqda. Shu bilan birga, ko`zlagan maqsadingizga erishish uchun sizda etarlicha qat`iyat topiladi. Kamon qoshlar munosabatlarda o`zaro ahillikdan darak beradi.
Qaldirg`och qanoti kabi qo`shilgan qoshlar
Bundaylarni o`z maqsadlarga erishish yo`lida xech narsadan tap tortmaydigan, ushlaganini uzmay qo`ymaydigan insonlar qatoriga qo`shish mumkin. Agar qoshning oxiri chakkaga tomon ko`tarilgan bo`lsa, odatda bu jahldorlik, tadbirkorlik, mag`rurlik, o`ziga bo`lgan ishonchdan darak beradi.
Egilgan uchli qoshlar
Bunday qosh sohibalari odatda o`z taqdirining yaratuvchisi hisoblanmaydi. Maqsadingizga erishish uchun odamlardan foydalanishdan tiyilishingiz lozim.
Tekis qoshlar
Bunday qosh egalari shijoatli, mard, sport va dam olishni xush ko`ruvchi insonlar bo`lishadi. Ular odatda uy bekasi roliga umuman mos kelmaydi. Ishda tavakkalchi bo`lib, turli to`siqlarni osonlik bilan engib chiqish tekis qosh sohiblariga xos jihat. Atrofdagilar ularni aqlli, o`z ishini yaxshi biladigan inson sifatida qadrlashadi.
Burchaklari bo`rtib chiqqan qoshlar
Bunday insonlar moliyaviy masalalarda juda uddaburon bo`lishadi. Shuningdek, ular hayotdan bahra olib yashashni istashadi. Biroq shaxsiy munosabatlarda anchayin beqarordirlar. Beqarorliklari tufayli odamlarda ishonchsizlik uyg`otadilar.
Yarimoy shaklidagi qoshlar
Bu haqiqiy tadbirkor insonning qoshlari. Bunday qosh egalari odatda o`ta sinchikov va ehtiyotkor bo`lishadi. Shuningdek, topqirlik, ixtirochilik va o`ziga kuchli ishonch ham ularga xos xususiyat. Odamlar sizga osonlik bilan ishonch bildirishadi.
Xususiyatlariga ko`ra…
Qalin qoshlar hayotga bo`lgan chanqoqlik, shijoatni bildirsa, siyraklari beqaror, kam harakat, muloqot doirasi chegaralangan insonlardan darak beradi. Qisqa qoshlilar boshlagan ishlarini oxirigacha etkazishlari amri mahol. Keng qoshlar o`ziga nisbatan ishonchdan dalolat. Ingichkalari esa, uyatchan va beqarorlikni bildiradi.
Ko`zlar qalbdan so`zlar
Katta ko`zlar
Ko`zlari katta insonlar ta`sirchan, artistik mahoratga ega, maqsadini ochiq bayon eta oladigan bo`lishadi. Shuningdek, biroz dangasalik ham ularga xos xususiyat.
Ko`z shakli kichik bo`lsa
O`ziga to`q, biroq kamgap. Odatda ular haddan tashqari rashkchi bo`lishadi.
Ohu ko`zlilar
Ohu ko`zlar xushchaqchaq, mehribon, ehtiyotkor va aqlli bo`lishadi. Ichki sezgilari kuchli rivojlangan bo`lib, turli vaziyatlarni oldindan ko`ra oladilar va kutilmagan qiyinchiliklarga tayyor turadilar.
Bo`tako`zlar
Omadsizlik ular bilan izma-iz yuradi degan qarashlar ham bor. Shuning uchun bo`lsa kerak faqat foydasi tegishi mumkin bo`lgan insonlar bilan do`stlashishga urinishadi. Ko`pincha ular yolg`izlikka mahkum.
Qisiq ko`zlar
E`tibor markazida bo`lishni yoqtirishadi. Boshqalar tomonidan tan olinish ular uchun suv va havodek zarur. Bundaylar tug`ma boshqaruvchilik xususiyatiga ega bo`lishadi. Shundan bo`lsa kerak, nutqlari ham aniq, ravon va ta`sirchan bo`ladi.
Saodat Ochilova tayyorladi.