AsosiySUG'DIYONA
4026

​Bola tarbiyasidagi 4 bosqich

'​Bola tarbiyasidagi 4 bosqich'ning rasmi

Birinchi bosqich: tug`ilganidan 5 yoshigacha.


Bu vaqt oralig`ida bolaga harakatchanlik, hayotga bo`lgan qiziqish va mehr-muhabbat nimaligi kattalar misolida o`rgatiladi. Ta`qiq va jazoning o`rniga uni chalg`itgan ma`qul. Bolaga qo`l ko`tarilishining yagona sababi bor — chunki go`dak kattalarga javob qaytarolmaydi! Agar farzandingiz biror noxush ish bilan shug`ullanayotgan bo`lsa, yuzingizda qo`rqinchli ifoda namoyon qilib, “Voy” kabi vahimani bildiruvchi so`zlarni ayting. Urishib, baqirgandan ko`ra bu ish ko`proq foyda beradi. Bolaga bu davrda bosim bersangiz, butun umrga hayotga bo`lgan qiziqishini so`ndirib qo`yishingiz mumkin.

Ikkinchi bosqich: 5 yoshdan 10 yoshgacha.

Bu yoshlar oralig`ida bola odob-ahloq va jamiyat qonun-qoidalarini anglab, ularga bo`ysinishni o`rganadi. Mantiq hamda aqliy salohiyat rivojlanadi. Ko`pincha bola xatti-harakatlariga kattalar qanday yondashishiga ahamiyat beradi, uni maqtashlari uchun harakat qila boshlaydi. Bu vaqtda bolani ko`proq bilim olishga undash, vazifa va mashqlarga ko`mib tashlashdan qo`rqmang. Agar 5 yoshdan keyin erkalash har doim ham yaxshilikka olib kelmaydi.

Uchinchi bosqich: 10 yoshdan 15 yoshgacha.

10 yoshdan keyin farzandingiz bilan oilaviy muhim masalalardan maslahatlashishni boshlang. Mustaqil fikrlashi va harakat qilishini rag`batlantiring. Agar uning biror ishi yoqmasa, ta`qiqlamay, qilgan ishining yoqimsiz oqibati haqida so`zlang. Farzandingizga ishoning, uning har bir qadamini nazorat qiling, ammo o`zi bilib ish qilishiga ham sharoit yarating. Aks holda, bola o`ziga bo`lgan ishonchini yo`qotadi. Do`stlari bilan yaqindan tanishishni unutmang.

So`nggi bosqich: 15 yoshdan keyin.

U endi shaxs! Hurmat bilan munosabatda bo`ling! Bolani bu vaqtda tarbiyalashning foydasi yo`q, endi 15 yildan buyon bergan ta`limingizni mevalarini ko`rasiz. Qo`l ko`tarish, baqirish, atrofdagilarning oldida izza qilib, ba`zi harakatlarini to`g`rilayman deb, xom ta`ma bo`lmang. Bu ish bilan bolangizni o`zingizdan uzoqlashtirgan bo`lasiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar