Keyingi 5 yilda Toshkent shahrida va hududlarda 17 ta dehqon bozori mukammal rekonstruksiya qilindi. Xususan, Toshkent shahridagi "Oloy" va "Mirobod" bozorlari to`liq buzib tashlandi va ularning o`rnida an`anaviy sharq bezagi elementlaridan foydalanilgan yangi zamonaviy dehqon bozorlari barpo etildi.
Bundan tashqari, ayrim shaharlarda, viloyatlar va yirik tuman markazlarida ham dehqon bozorlarini buzib tashlash, qayta qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi, ularning o`rnida barcha zarur muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasiga hamda sotuvchilar va xaridorlar uchun qulayliklarga ega bo`lgan zamonaviy obod bozor majmualari barpo etildi.
Shu bilan bir qatorda, olib borilgan ishlarga qaramasdan, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong`in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari to`liq inobatga olinmaganligi, shuningdek, avtomobil to`xtash joylarining etishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun bir qator noqulayliklar tug`dirmoqda.
Hozirgi vaqtda faoliyat ko`rsatayotgan 328 ta dehqon bozorini har tomonlama tanqidiy tahlil qilish natijasida bozorlarning 70 foizidan ortig`ining (231) moddiy-texnika bazasi savdoni tashkil etishning zamonaviy talablariga (muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari, savdo rastalari, obodonlashtirish, avtomobillar to`xtash joylari va boshqalar) javob bermaydi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to`g`risida"gi qaroriga O`zAda e`lon qilingan sharhda so`z boradi.
Tumanlardagi qishloq aholi punktlarida joylashgan bozorlarning 20 foizidan ortig`i (59) haftada faqat bir kun va zarar ko`rib ishlaydi.
Bozorlarning 90 foizidan ortig`i (301) zamonaviy qurilish normalari talablari va savdo xizmati ko`rsatish shartlari hisobga olingan holda mukammal ta`mirlashni talab etadi.
Respublika qishloq tumanlari aholisi amalda bozorlarda zamonaviy to`lov tizimlaridan (plastik kartochkalardan) foydalanib qishloq xo`jaligi mahsulotlari va kundalik ehtiyoj tovarlarini sotib olish imkoniyatiga ega emasligini, aholiga savdo xizmatlari ko`rsatish darajasi ham zamonaviy talablarga javob bermasligini ko`rsatdi.
Dehqon bozorlarining asosiy qismi katta hududlarni egallaydi, ko`pincha aholi uchun iste`mol tovarlarining eng zarur turlari sotuvda bo`lmaydi.
Ushbu barcha omillar dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularni yanada rivojlantirish strategiyasini tubdan qayta ko`rib chiqish zarurligini ko`rsatmoqda.
Shular inobatga olingan holda dehqon bozorlarining me`moriy qiyofasini yaxshilash va zamonaviy savdo-bozor infratuzilmasini shakllantirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.