AsosiyJamiyat
11507

​FVV ogohlantiradi: qo`ziqorindan zaharlanish insonni o`limga olib keladi

'​FVV ogohlantiradi: qo`ziqorindan zaharlanish insonni o`limga olib keladi'ning rasmi

Bahor faslida yog`ingarchilik ko`p bo`lishi zamburug`larni, sodda qilib aytganda «qo`ziqorinlar»ni ko`payishiga olib keladi.

Er yuzida qo`ziqorinlarning 100 000 dan ortiq botanik turlari mavjud bo`lib, O`zbekiston hududida ularning 300 dan ziyod turi mavjud. Biroq shulardan atiga 25 turigina iste`mol uchun yaroqli hisoblanadi. Iste`mol uchun yaroqli qo`ziqorinlar mikroelementlar, oqsil, «C» va «B» guruhlariga mansub vitaminlarga juda boydir.

Respublikamiz hududida o`sadigan qo`ziqorinlarning 275 turi zaharli hisoblanadi. Ularning tarkibida turli xil kuchli zaharli moddalar mavjud bo`lib, qo`ziqoringa qanchalik ishlov berilmasin (qaynatish, qovurish, dimlash, dudlash, marinadlash), tarkibidagi zaharli moddalar yo`qolib ketmaydi hamda oshqozon-ichak fermentlari ta`sirida parchalanmaydi, iste`mol qilgan insonlarni zaharlanishga, og`ir hollarda esa – o`limga olib keladi.

Respublikamizning ba`zi jamoa va shirkat xo`jaliklariga maxsus issiqxonalarda iste`mol uchun yaroqli bo`lgan «veshenka» va «shampin`on» qo`ziqorin turlarini etishtirish va savdo qilish uchun ruxsat berilgan.

Madaniy sharoitda etishtirilayotgan qo`ziqorinlar va ulardan tayyorlangan konserva mahsulotlariga sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati nazoratining laboratoriyalarida tahlil qilinib, inson sog`ligi uchun zararsiz deb topilgan taqdirda gigienik sertifikat beriladi. Ana shunday qo`ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarni savdo shaxobchalaridan xarid qilish hech qanday xavf tug`dirmaydi.

Ta`kidlash joiz, qo`ziqorinlarning havodagi moddalarni so`rib olish va o`zida saqlash xususiyati tufayli, ekologik toza bo`lmagan joylarda (sanoat korxonalari atrofida, avtomobil yo`llari chetida) o`sgan iste`molga yaroqli xisoblangan qo`ziqorinlarni iste`mol qilish tavsiya qilinmaydi.

Zaharlanish belgilari: Zaharli qo`ziqorinni bilmay iste`mol qilgan kishilar 6-12 soat vaqt o`tganidan so`ng ko`ngli aynab, tez-tez qayt qiladi. Oshqozon-ichak faoliyati buzilib, qorinda og`riq paydo bo`ladi va butun a`zoyi badani bo`shashib ketadi.

Organizmga zarari: qo`ziqorin tarkibidagi zaharli moddalar jigar, buyrak, me`da osti bezi va markaziy asab tizimi a`zolarini qattiq shikastlaydi.

Birinchi tibbiy yordam: qo`ziqorindan zaharlanish alomatlari vujudga kelgan taqdirda bemorga 1-2 litr osh tuzi eritmali iliq suv ichirilib, sun`iy qayt qildiriladi, me`dasi yuviladi. Agar me`da yuvilib, undagi zaharli moddalardan xalos etilmasa, ular qonga so`riladi va zaharlanish yanada og`irlashadi. Bu bemorlarni uy sharoitida shifokorga murojaat qilmasdan, bilar-bilmas davolanish natijasida oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qo`ziqorindan zaharlanishning dastlabki belgilaridayoq zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar