AsosiySUG'DIYONA

​«Qizimning savollari ko`paygan…»

'​«Qizimning savollari ko`paygan…»'ning rasmi

Xudoynazar, 41 yosh, Xorazm:

— Katta qizim yaqinda o`n besh yoshga kiradi. U birinchi oilamdan. Onasi bilan ajrashishga majbur bo`lganman. To`g`rirog`i, u ketgan. Hammasiga o`zi aybdor bo`lgan. Men xizmat safari bilan ko`p yurardim. Yo`qligimda bir erkak bilan tanishibdi. Sezgan zahotim taloq aytdim. Uning va o`zimning yuzim erga qaramasligi uchun «bir-birimizni tushunmaymiz», deb ajrashdik. Ammo unga qizimni bergim kelmadi. Chunki bolaginam naq o`zim. Ertaga o`sha ona qo`lida bo`lsa, tarbiyasi qanday bo`ladi, deb o`yladim. O`gay otasi sig`diradimi, yo`qmi? Xo`rlansa, ota mehriga zor bo`lsa, mendan nafratlanmaydimi, deya ko`p o`yladim.

— Qizim men bilan qoladi. Xohlagan vaqtingda kelib ko`rishing mumkin, — dedim onasiga.

U rozi bo`ldi. Keyin o`sha topib olgani bilan ketdi.

Vaqt o`tib men ham uylandim. Ming shukr, ikkinchi rafiqam yaxshi. Biror marta meni norozi qilmagan. Qizimni ham o`ksitmadi. Nazarimda, qizim yaqin-yaqingacha onasi o`gayligini bilmasdi. Ammo baribir elning og`ziga elak tutib bo`lmaskan.

— Mening onam boshqami? — deya savol berganida qotib qolgandim. Hammasini aytib berdim. Faqat onasining xiyonatini yashirdim. «Fe`limiz to`g`ri kelmagan», dedim.

— Onam meni olib ketishni istamaganmi? Odatda onalar bolasini bermaydi-ku, — dedi aqlli qizim.

— Men bermaganman seni. O`zimga o`xshaganing uchun juda yaxshi ko`raman. Yana to`ng`ichimsan, — dedim.

Endi esa qizimning savollari ko`paygan:

— Nega onam meni bir marta bo`lsa ham ko`rgani kelmaydi? Qaerda u? Ko`rishsam nima qiladi?

Bu savollarga qanday javob berishni bilmayman. Uning nozik qalbini jarohatlashni istamayman. U esa borgan sari onasi bilan uchrashishni istayapti. Men esa rostdan ham onasi qaerda ekanligini bilmayman. Ochig`i, ularni uchrashtirgim kelmaydi. Nima qilay?

Maslahat: — Ukajonim, juda tushungan, olijanob inson ekansiz. Qani, hamma ota sizga o`xshasa. Ochig`i, muammongiz meni ancha o`ylantirib qo`ydi. Chunki qizingiz «o`tish» davrida ekan. Bu paytda ular qiziqqon bo`ladi. Shuning uchun suhbatlarda ehtiyot bo`ling. Qizingizni onasi bilan uchrashtirmang, deya olmayman. Aldang ham demayman. Chunki biz o`zimiz bolalarimizga «yolg`on gapirma», deb ko`p tanbeh beramiz. Nega onasi bilan uchrashtirishni istamayotganingizni ham tushunaman. Yaxshisi, avval o`sha ayolni toping. Qanday vaziyatda yashayotganini biling. Ana undan so`ng qizingizni uchrashtirsangiz bo`ladi. Uchrashtirishdan oldin esa qizingizga hammasini aytib bering. Haqiqatni o`zgalardan emas, sizdan bilgani yaxshiroq.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar