1

​Bolalarning yomon odatlari haqida

SUG'DIYONA 03.05.2017, 14:49
Teglar: Bola
​Bolalarning yomon odatlari haqida

Qo`l so`rish, burun kavlash, jinsiy a`zoga hadeb teginaverish, tirnoq tishlash va hokazo. Bolalarning yomon odatlari ro`yxatini ancha davom ettirish mumkin. Ularni qanchalik jiddiy qabul qilish kerak? Nima uchun yuzaga keladi? Yo`qotish yo`llari bormi?

Vaziyat naqadar jiddiy?

Bola katta bo`lar ekan, u yoki bu odatni birdan ilib oladi, unga tez ko`nikadi va o`sha odatni xuddi shunday tezlikda unutishi ham mumkin. U barmog`ini so`rishi, tirnog`ini tishlashi, soch tolalarini chaynashi, burun kavlashi, xullas, ko`pdan ko`p xunuk ishlarni qilishi mumkin. Bundan tashvishlanish kerakmi yoki o`tkinchi narsa sifatida xotirjam qarash lozimmi?

Yomon odatlarga o`rganish bola rivojlanishining ma`lum bosqichiga xosdir. Ko`pincha ular bir umrga qolib ketmaydi, bu odatlarning ortida balki jiddiy muammo ham yo`qdir. Masalan, uch yarim yashar Javohir, negadir, yolg`ondakam yo`talib-yo`talib qo`yadigan odat chiqardi. Hech qanday shamollash ham, allergiya ham yo`q. Keyin ma`lum bo`lishicha, bog`cha tarbiyachisi shamollab bir-ikki kun yo`talib yurgan ekan, kichkintoy o`zi uchun nufuzli bo`lgan insonning bu ishini takrorlay boshlagan. Vaqt o`tishi bilan bu odati o`z-o`zidan qolib ketdi. Lekin u bola ruhiy holatidagi notinchlik yo boshqa muammolardan darak bo`lishi ham mumkin. Shu sababli vaziyatni baholash uchun bola o`sayotgan muhitni yaxshilab kuzatish lozim.


Sababi nima?

Bolaning yomon odatlari manbaini taftish qilar ekanmiz, avvalo, ota-ona, kattalar o`zlariga tashqaridan nazar tashlashlari kerak. Masalan, burun kavlash, ruchka yo tirnoq tishlashni kichkintoy kattalarda ko`rgan bo`lishi ehtimoli yuqori.

Yomon odatlarning qanday kelib, qanday yo`qolganini ba`zida ota-ona ham, bolaning o`zi ham sezmay qoladi. Bundan kelib chiqadiki, o`sha odatlarga duch kelganda qattiq vahima qilmaslik kerak. Lekin beparvo qarab turish ham yaramaydi. Asosiysi, kichkintoyni bu odati uchun urishish, jerkish mumkin emas. Chunki «Barmog`ingni og`zingga solma» yoki «Nega hadeb burningni kavlayverasan?» degan tanbehlar, ayniqsa, ular ko`pchilik orasida aytilsa, farzandingiz ruhiyatiga yomon ta`sir o`tkazadi. Natijada yo bola bu odatini umuman tashlamaydi, yoki o`rniga undan-da xunukroq boshqa bir qiliq chiqaradi.

U bu odatni kimdadir ko`rib, shunchaki bolalikka xos taqlidchilik bilan takrorlayaptimi yo buning zamirida boshqa chuqur psixologik muammo bormi? Bu savolga javob topish uchun oiladagi muhitni ota-ona bir tanqidiy nazardan o`tkazishi kerak. Agar uyda hammasi joyida bo`lsa, muammoning ildizini bog`cha yo maktabdan qidiring: bog`cha opasi yoki tengdoshlari tomonidan tazyiq yo bosim o`tkazilmayaptimi, birov uning ustidan kulmayaptimi, umuman, bolangiz sizdan biror sir bekitmayaptimi? Agar bu savollarga ham «Yo`q» javobini olsangiz, demak, bu oddiy taqlidchilik.

Muammoning echimi qaerda?

Kichkintoy bilan ruhan yaqin bo`lish, uning ichki dunyosi va ruhiyatini anglash, yashirin istaklarini aniqlab, ularni yo ro`yobga chiqarish yoki ulardan voz kechishga ko`ndirish — mana shular muammoning echimidir. Bundan tashqari, farzandingizdan yoshiga va salohiyatiga munosib narsani talab qilish kerak. Falonchining o`g`li 5 yoshda o`qishni o`rgangan bo`lsa, bu sizning farzandingiz ham albatta, shu yoshda buni eplashi, eplay olmasa, kelajagi porloq emasligidan dalolat ekani kabi qarashlar umuman noto`g`ri. Insonning aqliy rivojlanishi fazalar bilan kechadi. Va faollik fazasi hammada ham bir xil yoshda bo`lavermaydi. Balki 7 yoshda o`qishni o`rgangan bolangiz 15 yoshida o`sha o`zidan aqlliroq ko`ringan tengdoshini ortda qoldirib ketar. Shu sababli kichkintoyga individual yondashish, tarbiyani poygaga aylantirmaslik kerak. Aks holda, kichkintoy ruhiyati bunga o`zi bilgan va eplagan tarzda qarshilik ko`rsata boshlaydi, bu qarshilik ba`zida arzimas barmoq so`rishdan tortib to tunda o`rnini qo`llab qo`yishgacha bo`lishi mumkin.

Birgina barmoq so`rish odatini olaylik. So`rish bolaning tabiiy instinktidir, aynan shu instinkt tufayli u tug`iliboq onasining ko`kragini ema boshlaydi. Ammo ayrim bolalar yoshlari katta bo`lgach ham, so`rg`ich yo barmoqni so`rishda davom etaveradilar. Ba`zilar esa chaynashni yaxshi ko`rishadi: ruchkani, sochni, yoqa yoki engni. Nimanidir so`rish yoki chaynash odati bola ruhiyatining xotirjam emasligi, uni nimadir bezovta qilayotgani bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Shu sababli, avvalo, uning asabiy holatini yaxshilash, tinchlantirish lozim. Olaylik, ona kechki payt bolasi karavoti yoniga o`tiradi va unga shirin allalar yo ertaklar aytib beradi. Ba`zida shunchaki dildan suhbatlashish ham mumkin. Shuningdek, ikki yarim-uch yoshlik bolalarga yumshoq o`yinchoqlar ham tinchlantiruvchi vazifasini bajaradi.

O`ziga ishonchi ortsin

Bola ulg`aygani sayin uni yomon odatlardan qaytarish qiyinlashib boraveradi. Shuning uchun yoshi kattaroq bolalarga shunchaki ona mehrining o`zi kamlik qiladi. Endi kichkintoyga o`ziga ishonishni, sobitlikni o`rgatish lozim. Farzandingizni me`yorida maqtang, bu maqtovni faktlar bilan mustahkamlang (quruq «asalim-shakarim» emas, «menga yordam beradigan dastyorim» tarzida). Unga oz-ozdan o`zi qilishni istagan uy ishlarini topshiring. Masalan, o`g`lim piroglar pishirayotganimda masalliqlarni aralashtirishni yoqtiradi. Men unga garchi to`kib yuborish xavfi bo`lsa-da, bu ishni ishonib topshiraman. To`kilsa, o`rni to`lib ketadi, bolamning o`ziga bo`lgan ishonchi ortgani qoladi, deyman-da.

Gap kattalarda bo`lishi mumkin

Ayrim ota-onalar kichkina o`g`il bolalarning nuqul o`z jinsiy a`zosiga teginayotganini ko`rib qo`rqib ketishadi. Aslida bu tabiiy hol. Masalan, bolaga ishtonining choki botsa yo hojatga borishni istasa, qo`li beixtiyor o`sha yoqqa ketishi mumkin. Qolaversa, qo`llarini erkin harakatlantirib istagan eriga tekkizishi mumkinligini bilgan kichkintoy a`zosini ushlab ko`rgisi kelishi tabiiy (xuddi qulog`i yo oyoq barmoqlarini ushlagandek). Buni ko`rgan kattalar o`z qarichlari bilan o`lchab, fojia yasasalar, bu odat chiqurroq ildiz otib ketishi mumkin. Ba`zan kattalar o`zlari bolaning jinsiy a`zosiga teginishlari, a`zoni ko`p gapirishlari mumkin. Shunda bola ham jinsiy a`zo haqida ko`p o`ylaydigan, har o`ylaganda unga teginib qo`yadigan bo`lib qoladi. Demak, avvalo, pashshadan fil yasamang, qolaversa, bolaning oldida hadeb shu mavzuni ko`taravermang. Bordi-yu, farzandingiz hadeb shu ishni takrorlayotgan bo`lsa (bu kichkintoyning atrofdagilar, olam bilan o`zaro munosabati buzilganini bildiradi), bu o`rinda endi bolalar ruhshunosiga murojaat etish kerak bo`ladi. Ya`ni unda-bunda qo`l tekkizish boshqa-yu, muntazam ravishda va ko`p bor bu ishni qilish boshqa.

Xulosa

Ko`rib o`tganimizdek, yomon odatlar shunchaki paydo bo`lib, keyin o`z-o`zidan yo`qolib ketadigan, ya`ni JIDDIY BO`LMAGAN yoki aksincha, bolaning ichki olamidan, undagi xavotir va bezovtalikdan xabar beradigan JIDDIY turlarga bo`linadi. Bolangizdagi odat qaysi turga mansubligini aniqlash uchun avval yaxshilab tashxislash ishlarini o`tkazing, ya`ni unga e`tibor va mehr etarli darajadami yoki yo`q, shuni tekshiring. Keyin o`zingiz, jiddiy hollarda esa mutaxassis yordamida sabablarni bartaraf etishga kirishing.

ShAHINA tayyorladi.

Sharhlar

​Liviyalik erkak hamma yuz o`girgan, bedavo dardga chalingan 80 nafar bolani asrab oldi

12.07.2017, 12:30

Kaliforniyada yashovchi 62 yoshli liviyalik Muhammad Bzik 20 yil mobaynida bedavo dardga chalingan 80 nafar bolani boqib oldi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Muhammadning so`zlariga qaraganda,...
​OLMAOTA POLISIYaSI BOLANI YuKXONAGA JOYLAShTIRGAN MAShINA HAYDOVChISINI JAZOLADI

12.07.2017, 11:19

Olmaota polisiyasi bolani yukxonaga joylashtirgan mashina haydovchisini qidirmoqda, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Nashrning xabar berishicha, bolani mashina yukxonasiga joylashtirgan "Folksvagen" avtomashinasi haydovchisi qonunbuzarlikka yo`l qo`ygani...
​ITALIYaLIKLAR OSTONA ShAHRIDA O`TKAZILGAN EXPO-2017 KO`RGAZMASIDA 2 YoShLI BOLANI UNUTIB QOLDIRIShDI

12.07.2017, 09:53

Chet ellik oila Ostona shahrida o`tkazilgan EXPO-2017 ko`rgazmasi hududida 2 yoshli bolani unutib qoldirishdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.Er-xotin ko`rgazmadan chiqib ketgandan keyin bolani unutib...
​TO`LOVI € 100 000 BO`LGAN DUNYoNING ENG QIMMAT MAKTABI O`QUVChILARI QANDAY YaShAShADI

11.07.2017, 14:32

Doim boy odamlar qanday yashashini kuzatish qiziqarli. AdMe.ru Institut Le Rosey maktabiga sayohatga chorladi. Institut Le Rosey — Shveysariyada joylashgan qadimiy maktablardan biri. Uni «qirollik...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1