1

​Javohir Zokirov farzandlarining qiziqishlari va Nargiz Zokirovaning O`zbekistonga qaytishi haqida(Eksklyuziv)

Shou-biznes 06.05.2017, 11:19
Teglar: Aktyor, ​Javohir Zokirov
​Javohir Zokirov farzandlarining qiziqishlari va Nargiz Zokirovaning O`zbekistonga qaytishi haqida(Eksklyuziv)

Javohir Zokirovning kinodagi rollarini tomosha qila turib, u haqida biroz qo`rs degan tasavvurga kelish mumkin. To`g`ri, u shartaki, cho`rtkesar, ammo buning ortida to`g`riso`zlik va mehr borligi ham rost. Dilidagi tilida bo`lgan Javohir Zokirov bilan uchrashar ekanmiz, suhbatimiz aktyorning so`nggi ijodiy ishlari borasida kechdi...

— Hozir har qachongidan ham ishingiz ko`pligini bilamiz, oldinda yangi — “Toshkentim — onam” filmining premerasi. Ushbu film suratga olinayotgani haqida eshitdig-u, lekin aniq ma`lumotlarni negadir sir tutdingiz...

— Chunki bir ishni oxiriga etkazmasdan u haqida bong urishni yoqtirmayman. Ayni kunlarda “Toshkentim — onam” filmining premerasiga tayyorgarlikni boshladik. Ana endi, gapirsam yarashadi. Rejissyor sifatida uchinchi filmimni taqdim etish arafasidaman. Biroq “Toshkentim — onam” muallifligimdagi ilk yirik kinoloyiha. Bu kartina mehr-oqibat va muhabbat mavzusida. Bu gapimni o`qiganlarning “Yana o`sha mavzumi?” deya ensasi qotishi mumkin. Lekin dunyoga mashhur rejissyorlar ham bu mavzuga turlicha yondashib, tomoshabinning e`tiborini qozonib kelgan. Men ham bu mo``jizaviy his-tuyg`ularni o`zimdan kelib chiqqan holda ekranga olib chiqishni istadim. Ssenariy muallifi, turmush o`rtog`im — Shahrizod G`ulomova. U bilan birgalikda hayotimiz davomida ko`rgan voqealarni badiiylashtirib film qildik. Uni munosib baholashadi, deb umid qilaman. Endi filmning nomlanishiga kelsak. Turli fe`l-atvordagi qahramonlarning taqdiri aynan poytaxtimiz — Toshkent bilan uzviy bog`liq. Eng qizig`i, tomoshabinlar birinchi marta ekranda hayotdagi Javohirni ko`rishadi. Ya`ni, men faqat rejissyorlik bilan cheklanmadim (kuladi). Shuningdek, filmda mashhur aktyor Farhod Mahmudov bilan ham yaqindan “tanishishlari” mumkin. Ya`ni, Farhod ham filmda o`zini “o`ynadi”.

— Adashmasak, “Mehmonxona” seriali bilan ham bandsiz...

— Muallif Nurilla Abbosxon serialning ikkinchi mavsumida aynan meni tasavvur etgan holda ssenariy yozgan ekan. Qahramonimning xarakteri juda qiziq. Avval salbiy obrazda bo`lib, keyin voqealar rivojida yaxshi tomonga o`zgarib boradi. Serial va undagi rolim haqida faqat shuni aytishim mumkin. Chunki ayrim sabablarga ko`ra, hozircha, tasvirga olish ishlari to`xtatilgan. Ammo umid qilamanki, tez kunda yana davom ettiramiz.


— Bir necha oy oldin Rossiyaning “Pervy kanal” buyurtmasiga binoan suratga olingan “Oltin O`rda” serialida ham suratga tushganingizni eshitdik...

— Ushbu serial haqida shunchaki gapirib o`tish noto`g`ri, nazarimda. Rejissyor, aktyorlar va umuman ijodiy guruhning har bir a`zosi haqiqiy professionallar edi. Ular qatorida men ham bo`lganimdan juda xursandman. Tarixiy-fentezi janrida suratga olingan filmni tomosha qilib, turli davrlarda ro`y bergan voqealarga guvoh bo`lishingiz mumkin.

— Filmda munajjim rolidasiz. Fikringizcha, nega aynan sizni tanlashdi?

— Rosti, o`zim ham bilmayman. Lekin bunga osonlikcha erishganim yo`q. Kinosinovga faqat uchinchi gal borganimdagina rejissyor va prodyuser meni rolga tasdiqlashgan. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, bu loyihada ishtirok etganimdan xursandman.

— Chet elliklar bilan hamkorlik qilganingizda, ularning o`zbek kinosi haqidagi fikri bilan hech qiziqqanmisiz?

— Xorijlik rejissyor va prodyuserlarning aktyorlarimizga bo`lgan qiziqishi juda kuchli. Afsuski, ular bizning aksariyat kartinalarimizga yuqori baho berishmaydi. Lekin menimcha, rivojlanish bor. Vaqti-soati etib, o`zbek kinosi ham dunyo miqyosiga chiqishiga ishonaman.

— Aksariyat aktyorlarning orzusi — tarixiy obrazlarni gavdalantirish. Siz “Mirzo Ulug`bek. Osmon toqiga qo`yilgan narvon” filmida Abdullatif rolini ijro etdingiz...

— Hozir savolingizni eshita turib etim jimirlab ketayotganini sezdim. Chunki bu film va rol men uchun juda qadrli. Rejissyor Bahodir Yo`ldoshev va Gollivud aktyorlari bilan birgalikda maroq bilan ishladik. Film haqida hamma gapirib, ketma-ket xabarlar chiqdi-yu, lekin negadir yana jim bo`lib qolishdi. Premerani men kabi ishtiyoq bilan kutayotgan inson bo`lmasa kerak. Chunki qahramonimni gavdalantirishda jonimni berib ishladim, yuragimdan o`tkazgan hissiyotlarimni hozir tushuntirib berolmayman. Filmni tomosha qilgach, meni yaxshiroq tushunsangiz kerak. Shuning uchun keling, bu kino haqida premeradan so`ng gaplashamiz...


— Ijodiy faoliyatingizni xonandalikdan boshlab, bugun bu yo`nalishda kamnamosiz...

— Faol xonanda bo`lish uchun moliyaviy tomondan juda baquvvat inson bo`lishingiz kerak. Mening ijodga bo`lgan qarashim hozirgi ba`zi xonandalarnikidan farq qiladi. Bugun tinglovchilarga yoqsa-yoqmasa, “Reytingni ushlab turish kerak. To`ylarim kamayib ketmasin”, deb kuylashyapti. Men bunday qilolmayman. Qo`shiq yurakdan chiqishi shart.

— Ilk qo`shiqlaringizni “Bolalar” guruhida kuylagansiz. Hech kimga sir emas, guruh asoschisi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ruslan Sharipov. Bugun Ruslan aka bilan munosabatlaringiz qanday?

— Rostini aytishim kerak, Ruslan bilan ko`rishmaganimizga ancha bo`ldi. O`tgan yili internetda uning suratlarini ko`rib, ko`nglim og`ridi. Kuchli iqtidor egasi shunday ayanchli ahvolga tushib qolganidan juda xafa bo`ldim. Bilasizmi, mashhurlikni ko`tarib yurish oson ish emas. Hammaning tiliga tushgan paytda tarqalgan gap-so`zlarni engib o`tish uchun irodasi bo`shlik qildi, deb o`ylayman. Lekin bu vaziyatda uning oilasi va eng asosiysi turmush o`rtog`i dastak bo`lishi shart. Aynan ular, begonalar tosh otganda yoki mish-mish tarqatganda, Ruslanning yonida turib, unga dalda bo`lganda, qo`llab-quvvatlashganda hozirgi holat yuzaga kelmasmidi, balki... Axir har bir buyuk erkak ortida, buyuk ayol turadi, degan gap bekorga aytilmagan-ku?!

— Nega bugun uzoqlashib ketdingiz?

— Sababi oddiy. Hamma o`z tashvishidan ortmay qoldi. Hatto ba`zida yaqinlarim bilan ham ko`rishishga imkon bo`lmaydi. Shuning uchun mendan xafa bo`lish o`rinsiz, deb o`ylayman.

— O`zbek xonandalarining ijodini kuzatib turasizmi?

— Ulug`bek va Jahongir Otajonovlarning qo`shiqlari yoqadi. Jahongir konsertiga taklif etgan edi, ishlar bilan bo`lib, borolmadim. Uning jonli ijroda kuylashini hurmat qilaman.

— Yana kimlarning konsertida mehmon bo`lgansiz?

— 2001 yil “Istiqlol” san`at saroyi­da yakkaxon konsert dasturimni taqdim etganman. Fonogrammada kuylagandim, o`shanda. Konsert yakuniga etguncha, o`zim ham tamom bo`lay degandim. Sahnaga chiqib yolg`ondan, o`zimni xuddi qo`shiq kuylayotgandek tutganimni hazm qilolmay, vijdonim qiynalgan. Chunki aslida, fonogrammani jinim suymaydi. Shu sabab ham bugungi konsertlarga bormayman. Mayli, mini-diskni qo`yib, kuylashsin, kimdir buni o`ziga ep ko`rar, lekin shunga yarasha chiptalar narxini 5-6 barobarga arzonlashtirishsin. Axir, fono­gramma tomoshasi uchun yuz ming so`mlab pul to`lash noto`g`ri-ku? Bunday xonandalarga faqat insof so`rayman...

— Qarindoshingiz Nargiz Zokirova bugun Rossiya estradasining ko`zga ko`ringan ijodkorlaridan. Lekin intervyu berishni yoqtirmaydi...

— Nargiz bugun faqat men bilan gaplashib turibdi. Ishi ko`p, gastrol safarlari kundan-kunga ko`payib bormoqda. O`zbekistonga nega kelmayotgani sababi haqida esa o`zi gapirgani ma`qul, bu haqda men gapirishim noo`rin. Biroq shu kunlarda uni O`zbekistonga qaytarish haqida o`ylab yuribman. Uning konsert dasturidan yurtdoshlarimiz ham bahramand bo`lishlarini istayman. Urinishlarim besamar ketmasa, albatta, u bilan ko`rishasiz...

— Javohir aka, jahlingiz tez ekanini bilamiz. Bunday paytlarda sizni kim hovuringizdan tushira oladi?

— Faqat turmush o`rtog`im va farzandlarim.


— Farzandlaringiz ham ulg`ayib qolishdi, ularning qiziqishlari haqida gapirib bersangiz.

— Kenjatoyimiz Said Karim haqiqiy san`atkor. Rafiqam ikkimiz uning harakatlarini ko`rib, hozirdan kelajakda qaysi kasbni egallashini bilib turamiz. Aslida men uning opera xonandasi bo`lishini istayman. Uning yo`g`on ovozini eshitsangiz, o`zingiz ham bunga amin bo`lasiz. Yaqinda qizimga kinoda rol ijro etasanmi, desam, rad etdi. Negadir, bolalarim tengqurlari singari ekranga chiqishga qiziqishmaydi, boshqalarning ko`zidan yiroq bo`lishni istashadi.

— O`g`lingizning qaysi jihatlari sizni hayron qoldiradi?

— U juda erka. O`zini erkin tutishga o`rgangan. Atrofimizdagilarning aytishicha, uni juda taltaytirib yuborganmiz. Balki shundaydir, bilmadim... Hali kichkina deb uncha qattiqqo`llik qilmasdim. Biroq endi sekin-sekin chegaralar qo`yilyapti. Chunki kelajakda aynan shu erkaligi uchun hayotda qiynalib qolishini istamayman.

— 45 yoshdasiz. Bugun hayotiy qarashlaringiz o`zgardimi?

— Ko`p narsalar o`zgarganini sezyapman. Masalan, bu dunyoda oila va farzandlardan muhim hech narsa yo`qligini tushunib etdim. Ish, san`at, boylik, mashhur inson bo`lish hammasi ahamiyatsiz, aslida. Inson faqat yaqinlarining yonida, ularning qalbida bo`lishi kerak. Qolganlari ikkinchi darajali. Bilasizmi, bolaligimda ota-onam ko`p ishlashardi. Shuning uchun ko`p vaqtim buvimning uyi­da yoki ular bilan birgalikda gastrol safarlari, tasvirga olish maydonchalarida o`tgan. Bugun men bunday qilmayapman. Bo`sh vaqt topdim deguncha oilamga, bolalarimga e`tibor berib, birgalikda vaqt o`tkazamiz va doim shunday bo`ladi. Hayotim davomida qo`limdan kelgancha ularga yordam berishni niyat qilaman.

— Suhbat so`nggida ijodiy rejalaringiz bilan bo`lishsangiz.

— “Toshkentim — onam” premerasidan so`ng yana yangi film ustida ish boshlayman. Niyatim, uni butun MDH davlatlarida namoyish etish...

— Ishlaringizda omad!

— Rahmat!

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV.

Sharhlar

Shavkat Komilov suratga olish jarayonida aktrisani o`ldirib qo`yishiga bir bahya qoldi (video)

05.11.2019, 00:13

“Yolg`izlar”, “Ko`z yoshim”, “Dard” kabi o`n beshdan ziyod filmlari orqali tanilgan aktyor Shavkat Komilov ishtirokida video  tarqaldi...Unda aktyor, portnyori Aziza Yoqubovani chin ma`noda o`ldirib qo`yishiga...
Javohir Zokirov Nargiz Zokirovani O`zbekistonga qaytarmoqchi!

15.01.2018, 09:56

Filmlarda salbiy rollarni ijro etib xalqning mexrini qozongan aktyor — Javohir Zokirov biz bilan bo`lgan suhbatda, qarindoshi Nargiza bilan munosabatlari haqida ochiq oydin gapirdi. Javohir...
​BORIS G`OFUROV OTASI BILAN ALOQASI UZILGANI VA 40 YoShDA OILA QURGANI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

26.07.2017, 15:43

Shunday aktyorlar borki, ularni ekranda ko`p ko`rmasak-da, ijro etgan rollari bilan yodimizda saqlanib qolishadi. Baxtiyor G`afurov. O`zbek tomoshabinlari uni ko`proq Boris G`afurov sifatida tanishadi. Spektakl,...
​“IShDAGI IShQ” FILMI QAHRAMONLARI BUGUNGI KUNDA(FOTO)

11.07.2017, 15:07

Barchamiz birdek sevib tomosha qiladigan “Ishdagi ishq” filmining suratga olinganiga 40 yildan oshdi. Biroq, mazkur film hamon sevimli, undagi qahramonlar qadrli...Sevimli kinokartinamizda rol ijro etgan...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1