O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Pekinda "Bir makon, bir yo`l" forumi doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on bilan uchrashdi, deb yozadi O`zA.
Uchrashuvda 2016 yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida bo`lib o`tgan muzokaralarda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Ikki tomon uchun ham manfaatli savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, turizm infratuzilmasini modernizasiya qilish, to`qimachilik, ko`nchilik, kimyo va farmasevtika, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo`nalishlar bo`yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta`kidladi.
Turkiya rahbari O`zbekiston bilan munosabatlarni xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan yuksak darajaga ko`tarish tarafdori ekanini ta`kidladi.
Prezidentimiz O`zbekiston bilan Turkiya savdo-iqtisodiyot, investisiya, sayyohlik va boshqa sohalarda o`zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega ekanini ta`kidladi.