AsosiySUG'DIYONA

​«Otam o`qishimga qarshi»

'​«Otam o`qishimga qarshi» 'ning rasmi

— Kollejni tugatganimga ham ikki yildan oshdi. Shu kungacha na biror ishnining boshini tutdim, na o`qishga kira oldim. Otam o`zim istagan yo`nalish bo`yicha o`qishga kirishimga qarshilik qilmoqda. Aytishlaricha, qiz bola oliy ma`lumotli bo`lishi shart emas ekan, turmushga chiqib farzandlarni dunyoga keltirsa, shuning o`zi etarli emish. Meni ham uzatib yuborish niyatidalar. Lekin men hayotda o`z o`rnimni topishni istayman. Ota-onamni ko`ndirish uchun nima qilay?

Sug`diyona, 19 yosh, Toshkent viloyati.

Qaynonajon: — Ona qizim, aqlli, dono qizim! Ota-onaning ko`ngliga yo`l topish yaxshi farzandning murod maqsadi hisoblanadi. Ota-ona esa farzandiga sira yomonlikni ravo ko`rmaydi. Ba`zida atrof-muhit, turli vaziyatlar insonni o`zi istamagan ishlarni qilishga majbur qiladi. Ayniqsa, qiz bola taqdiri masalasida. Agar otangiz, istaklaringizga qarshi chiqayotgan bo`lsa, o`rtaga bobo-buvingiz, ishongan amma-xolalaringizni qo`ying. Ularni ko`ndirishga qattiq bel bog`lang. Oldingizga qo`ygan maqsadingizdan chekinmasangiz, o`sha maqsad sari tinmay harakatlansangiz, bugun bo`lmasa, ertaga, albatta, niyatingizga etasiz. hayotda turli vaziyatlar bo`lar ekan. Men bir qizni bilaman, maktabni bitirgach o`n yil o`tib, oliygohga o`qishga kirdi. hozirgi kunda ishlab, ko`pchilikka nafi tegyapti. Sabrni, hayotda olg`a intilishni ana shu qizdan o`rgansak arziydi. Kelajagingiz porloq bo`lsin, asal qizim.

Gulnora MUXTOROVA, ruhshunos: — Bilasizmi singlim, inson hayotda o`z istaklarini boshqalarga tushuntira olishni o`rganishi juda muhim. Gaplarini bosh egib, jimgina tinglab o`tirgan qizini ko`rgan har qanday ota ham “Qizim shu tanlovga rozi ekan” deb o`ylashi tabiiy. Axir unga ko`nglingiz vayron bo`layotganini tushuntirmasangiz, xayolingizda nimalar kechayotganini aytmasangiz, ularni otangiz qaerdan bilsin?! Birinchi galda otangizga istaklaringizni tushuntiring. “Otajon, kelgusida yuzingizni yorug` qilaman, ilm o`rganaman, kasb egasi bo`laman, ukalarimga nafim tegadi” deb ayting. Agar otangiz gaplaringizga ko`nmasa, yaqin ustozingizni ishga soling, ular qanchalik ilmga chanqoq ekaningizni aytib, o`qishni davom ettirsangiz, kelajakda olima bo`lib etishishga salohiyatingiz borligini aytishsin. Tajribamda ota-onalar bu borada atrofdagilarning, ayniqsa, ustozlarning gaplarini tinglab, amal qilganlarni ko`p bor kuzatganman.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar